O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SANOATDA VA KONChILIKDA IShLARNING BEXATAR OLIB BORILIShINI NAZORAT QILISh AGENTLIGINI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SANOATDA, KONChILIKDA VA KOMMUNAL-MAIShIY SEKTORDA IShLARNING BEXATAR OLIB BORILIShINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASIGA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5594-soni “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmoniga muvofiq va Sanoatda, gaz ta’minoti hamda kon nazorati sohasida boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish va ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida:
1. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi)ga aylantirilsin,
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 23-dekabrdagi PF-4256-sonli Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2010-y., 52-son, 510-modda)
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qayta tashkil etilayotgan Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qo‘mitasini Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligiga aylantirish to‘g‘risida” 2000-yil 7-fevraldagi PF–2535-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha qaror qabul qilsin.
6. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 9-iyul,
PF-3454-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 28-son, 319-modda; 2010-y., 52-son, 510-modda)