O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Garov reyestri to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2013-yil 19-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2013-yil 22-avgustda ma’qullangan
Senat tomonidan 2013-yil 22-avgustda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi garov reyestrini yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Garov reyestri to‘g‘risidagi qonunchilik
Garov reyestri to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining garov reyestri to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
garov reyestri — qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo‘ygan mol-mulkiga qonunda va ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risidagi, shuningdek qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qonunga muvofiq qo‘yilgan cheklov hamda qarzdor o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishini ta’minlashi bilan bog‘liq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni (bundan buyon matnda yozuvlar deb yuritiladi) o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning yagona axborot bazasi;
(3-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
kreditor — qarzdordan o‘zining majburiyatlari bajarilishini talab qilish, majburiyatlar bajarilmagan hollarda esa — majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo‘yilgan qarzdorning mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi hisobiga o‘z talablarining imtiyozli ravishda qanoatlantirilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo‘yicha pul talabnomasini sotib olgan moliya agenti;
(3-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qarzdor — kreditor foydasiga mol-mulkni yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini berish, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pulni to‘lash yoki buzilishi kreditorning majburiyatlar bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida qarzdor berib qo‘ygan mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga undiruvni qaratishga bo‘lgan imtiyozli huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan boshqa majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq harakatni sodir etishi shart bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
(3-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
foydalanuvchilar — garov reyestrini yurituvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma asosida garov reyestriga yozuv kiritish huquqiga ega bo‘lgan kreditor, qarzdor yoki pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo‘yicha pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs (bundan buyon matnda pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs deb yuritiladi) sifatida qatnashayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek qonunga muvofiq mol-mulkni yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tasarruf etish va undan foydalanishni cheklab qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan tergov hamda surishtiruv organlari, davlat soliq va bojxona xizmati organlari;
(3-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami — garov reyestriga kiritilgan yozuvga beriladigan alohida ro‘yxatdan o‘tkazish raqami.
4-modda. Garov reyestrini yuritish
Garov reyestrini yuritish yozuvlarni kiritish, o‘zgartirish va chiqarib tashlashni o‘z ichiga oladi.
Garov reyestrini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida tashkil etiladigan garov reyestrini yurituvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
5-modda. Garov reyestrini yurituvchi tashkilot vakolatlari
Garov reyestrini yurituvchi tashkilot:
murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reyestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan Internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarga garov reyestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatadi;
murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reyestriga yozuv kiritish oqibatlarini tushuntiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
garov reyestridagi axborotni qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyatini ta’minlaydi;
(5-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
foydalanuvchiga kiritilgan yozuv to‘g‘risida elektron shaklda, zarur hollarda esa qog‘ozda axborot taqdim etadi.
6-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Foydalanuvchilar:
garov reyestriga yozuvlar kiritishga va ularni o‘zgartirishga;
garov reyestridan yozuvlarni chiqarib tashlashga;
garov reyestridan ko‘chirmalar olishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
Foydalanuvchilar:
garov reyestriga xolis va ishonchli ma’lumotlar ko‘rsatilgan yozuvlarni kiritishi;
garov reyestriga o‘zlari kiritgan yozuvlar muntazam ravishda yangilanib turilishini ta’minlashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Garov reyestriga kiritiladigan yozuv
Garov reyestriga:
Oldingi tahrirga qarang.
majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash (garov) vositasi sifatida qarzdorlar berib qo‘ygan mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga nisbatan kreditorlarning huquqlari, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslardan, shu jumladan ushlab qolish, lizing, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash, tovarga bo‘lgan mulk huquqini tovarning haqi to‘langunga qadar sotuvchida (kreditorda) saqlab qolgan holda uni sotish, kelajakda muayyan hodisa yuz bergan taqdirda mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish, to‘lovni kechiktirgan yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda tovarlarni olish-sotishdan yuzaga keladigan huquqlar to‘g‘risidagi;
(8-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Oldingi tahrirga qarang.
undiruvni qarzdorning mol-mulkiga yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratish to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori to‘g‘risidagi;
(8-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlarini cheklash (servitut, mol-mulkni xatlash, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish) to‘g‘risidagi;
qarzdorning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzlarini to‘lash to‘g‘risidagi talablar to‘g‘risidagi;
qarzdorning ta’minlangan majburiyati bajarilmagan taqdirda yuzaga keladigan boshqa talablar to‘g‘risidagi yozuv kiritiladi.
9-modda. Garov reyestriga yozuv kiritish
Garov reyestriga yozuv kiritish foydalanuvchi tomonidan elektron shaklda amalga oshiriladi.
Garov reyestriga kiritilayotgan yozuv quyidagilarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak:
Oldingi tahrirga qarang.
qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs va kreditor to‘g‘risidagi axborot (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxslar uchun — nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami);
(9-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qarzdorning mol-mulki, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi va kreditorning bu mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga bo‘lgan huquqlari tavsifi, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi uchun esa — voz kechilgan pul talabnomasining tavsifi.
(9-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq kiritilgan yozuv uni kiritish vaqti va sanasi ko‘rsatilgan hamda unga yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami berilgan holda avtomatik ravishda garov reyestrida qayd etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, garov reyestriga yozuvni kiritish vaqti va sanasi kreditorning qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan hollarda boshqa kreditorlar va uchinchi shaxslardan oldin undiruvni qarzdorning mol-mulkiga shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratishga, boshqa talablarni qanoatlantirishga bo‘lgan navbatini, imtiyozli huquqini aniqlash uchun asos bo‘ladi.
(9-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Garov reyestriga yozuv kiritilganligi uchun haq undiriladi, uni undirish shartlari va miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
10-modda. Garov reyestriga yozuv kiritish shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
Kreditor sifatida qatnashayotgan foydalanuvchi tomonidan yozuv kiritish qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi. Qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning roziligi qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning identifikatsiya ma’lumotlari, shuningdek kreditorning qaysi mol-mulkka huquqi yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bo‘lsa, o‘sha mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi ko‘rsatilgan holda elektron hujjat tarzida yoki qog‘ozda rasmiylashtiriladi. Qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning yozma roziligi garov reyestridan yozuv chiqarib tashlanguniga qadar kreditorda saqlanishi kerak.
(10-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudning undiruvni qarzdorning mol-mulkiga yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori to‘g‘risida yozuv kiritish yoxud kiritilgan yozuvdan mol-mulkning bir qismini chiqarib tashlash yoki undagi axborotni o‘zgartirish kreditor tomonidan qarzdorning roziligisiz amalga oshiriladi.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Qarzdorning zimmasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzlar bo‘lgan taqdirda, davlat soliq va bojxona xizmati organlari qarzdorning roziligisiz yozuv kiritadi.
Tergov va surishtiruv organlari qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlarini cheklash (mol-mulkni xatlash, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish) to‘g‘risida o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilgan taqdirda, qarzdorning roziligisiz yozuv kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs yozuvni noxolis va ishonchsiz deb hisoblasa va kreditor uni chiqarib tashlashni yoki o‘zgartirishni rad etsa, kiritilgan yozuvga doir e’tirozlar qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs sifatida qatnashayotgan foydalanuvchi tomonidan garov reyestriga kiritiladi.
(10-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
11-modda. Garov reyestridagi yozuvni o‘zgartirish
Garov reyestridagi yozuvga o‘zgartirish mazkur yozuvni kiritgan foydalanuvchi tomonidan qarzdorning mol-mulki almashtirilgan yoxud mol-mulki tarkibida o‘zgarishlar bo‘lgan yoki qarzdorning o‘zi almashtirilgan, shuningdek sud qarori qonuniy kuchga kirgan hollarda kiritiladi.
Foydalanuvchi yozuvga o‘zgartirishlarni o‘z vaqtida kiritishi shart.
12-modda. Garov reyestridan yozuvni chiqarib tashlash
Oldingi tahrirga qarang.
Garov reyestridan yozuvni chiqarib tashlash mazkur yozuvni kiritgan foydalanuvchi tomonidan kreditorning qarzdor mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilingan, majburiyatlar bajarilgan taqdirda va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi.
(12-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Foydalanuvchi garov reyestridan yozuvni o‘z vaqtida chiqarib tashlashi shart.
13-modda. Garov reyestridagi yozuvni izlash
Oldingi tahrirga qarang.
Garov reyestridagi yozuvni izlash qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoxud jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha amalga oshiriladi.
(13-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi O‘RQ-1058-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)
Garov reyestrini yurituvchi tashkilot yozuvlarni izlash natijalari bo‘yicha elektron hujjat tarzida yoki qog‘ozda garov reyestridan ko‘chirma taqdim etishi mumkin.
Garov reyestridan ko‘chirma berilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda haq undiriladi.
14-modda. Garov reyestri yozuvlarini saqlash va muhofaza qilish
Garov reyestri yozuvlarini saqlash va muhofaza qilish garov reyestrini yurituvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
15-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Garov reyestrini yuritish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Garov reyestri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Garov reyestri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(17-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
18-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2014-yil 1-iyuldan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-oktabr,
O‘RQ–356-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 43-son, 570-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 18.04.2025-y., 03/25/1058/0355-son)