Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati oʻrtasida
Bitim
Havo transporti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati, (bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar),
hukumat tomonidan eng kam taʼsir va boshqarish boʻlgan holda bozorda aviakorxonalar oʻrtasidagi raqobatga asoslangan xalqaro aviatsiya tizimiga koʻmaklashishni istab,
xalqaro aviatransport tashishlarining imkoniyatlarini kengaytirishda koʻmaklashishni istab,
aviakorxonalar yoʻlovchi va yuk joʻnatuvchilarga turli xil xizmatlarni eng kam narxda taklif qila olishiga imkoniyat yaratish istagida, toki bu narxlar kamsitilgan boʻlmasligi va ustun turishdan foydalanish natijasi boʻlmasligi lozim; va maʼlum bir aviakorxonalar yangi va raqobat qila oluvchi narxlarni belgilashi va ularni joriy etilishini qullab-quvvatlash maqsadida,
xalqaro havo transportida ishonchlilikning va xavfsizlikning eng yuqori darajasini taʼminlash istagida va havo kemalarining xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlar yoki tahdid qilish masalalariga oʻzlarining eng jiddiy munosabatda ekanliklarini bildirib va bunday xatarga yoʻlovchilar yoki mulkning yoʻliqishi havo tashishlarini amalga oshirishga noqulaylik tugʻdirishini va fuqaro aviatsiyasining bexatarligiga boʻlgan yoʻlovchilarning ishonchi yoʻqolishi mumkinligini anglagan holda, va
1944-yil yettinchi dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning ishtirokchilari boʻlgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Atamalar
Atamalar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Fuqaro aviatsiyasining maʼmurlarini va aytib oʻtilgan Fuqaro aviatsiyasining maʼmurlari bajaradigan vazifalarni amalga oshirish vakolati berilgan shaxs yoki tashkilotni va Amerika Qoʻshma Shtatlariga nisbatan — Transport vazirligini yoki uning vazifalarini bajarib turuvchi maʼmuriyatni anglatadi;
2. “Bitim” atamasi ushbu Bitimni, uning ilovalarini va ularga kiritilgan har qanday tuzatishlarni anglatadi.
3. “havo tashishlari” atamasi yoʻlovchilarni, yoʻlovchilarning yukini, yuklarni va pochtani haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan alohida yoki birgalikda havo kemasi tomonidan amalga oshiriladigan umumiy tashishni anglatadi;
4. “Konvensiya” atamasi 1944-yil yettinchi dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
a. Konvensiyaning 94(a)-moddasiga muvofiq kuchga kirgan va har ikki Tomon tasdiqlagan har qanday tuzatishni, va
b. har ikki Tomon uchun maʼlum bir vaqt ichida qay darajada kuchga egaligiga qarab, Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq kiritilgan har qanday ilova yoki tuzatishni;
5. “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolatga ega boʻlgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
6. “toʻla haq” atamasi koʻrsatiladigan tashish xizmatiga sarflangan xarajatni va shu bilan birga qoʻshimcha maʼmuriy xizmatlar uchun oqilona belgilangan toʻlovni anglatadi;
7. “xalqaro havo tashishlari” atamasi bittadan ortiq davlatning havo hududi orqali amalga oshiriladigan havo qatnovini anglatadi;
8. “narx” atamasi yoʻl haqini, yoʻlovchilar (va ularning yuklari)ni va/yoki yukni (pochtani istisno etgan holda) tashish uchun aviakorxonalar, jumladan ularning agentlari tomonidan undiriladigan stavka va toʻlovlarni va bunday yoʻl haqi, stavka va toʻlovlarning maqbulligini tartibga soluvchi shartlarni anglatadi;
9. “notijorat maqsadlarda toʻxtash” atamasi yoʻlovchilar, ularning yuklari, yuk va/yoki pochta olish yoki tushirish maqsadida boʻlmagan qoʻnishni anglatadi;
10. “hudud” atamasi Tomonning suvereniteti, yurisdiksiyasi, himoyasi yoki vasiyligi ostida boʻlgan yer maydonlarini va ularga tegishli hududiy suvlarni anglatadi, va
11. “aeroport yigʻimlari” aviakorxonalar aeroport, aeronavigatsiya yoki aviatsiya xavfsizligi moslamalari yoki xizmatlari, shuningdek tegishli xizmatlar va moslamalar bilan taʼminlangani uchun ulardan undiriladigan toʻlovlarni anglatadi.
2-modda
Huquqlarni berish
Huquqlarni berish
1. Har bir Tomon boshqa Tomonning aviakorxonasi tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro havo tashishlarini yoʻlga qoʻyish uchun boshqa Tomonga quyidagi huquqlarni beradi:
a. uning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b. uning hududida notijorat maqsadlarda toʻxtash; va
c. ushbu Bitimda alohida koʻrsatilgan huquqlar.
2. Ushbu moddadagi hech narsa bir Tomonning aviakorxonasiga yoki aviakorxonalariga mukofot evaziga boshqa Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi bir manzilga tashish uchun yoʻlovchilarni, ularning yukini, yuklarni yoki pochtani olish huquqlarini beradi deb qaralmasligi lozim.
3-modda
Tayinlash va ruxsatnoma berish
Tayinlash va ruxsatnoma berish
1. Har bir Tomon ushbu Bitimga muvofiq xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish uchun istagancha aviakorxonalar tayinlashi mumkin va bunday tayinlashni bekor qilish yoki avvalgisining oʻrniga boshqasini tayinlash huquqiga ega boʻladi. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarnomalar boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma ravishda yuborilishi lozim va bunday xabarnomalarda I Ilovada yoki II Ilovada, yoki har ikkovida belgilangan havo tashishlarini amalga oshirish uchun aviakorxona vakolatga egaligi toʻgʻrisida maʼlumot berilishi lozim.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarnomani va tayinlangan aviakorxona nomidan parvozlar uchun ruxsatnoma va texnik vakolatnoma olish uchun belgilangan tartibga va usulga muvofiq ariza olganidan soʻng boshqa Tomon eng kam protseduralarni qoʻllagan holda tegishli ruxsatnoma va vakolatnomalarni beradi, basharti:
a. mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Tomonga yoki uning fuqarolariga yoki ikkovlariga qarashli boʻlsa;
b. tayinlangan aviakorxona arizani yoki arizalarni koʻrib chiqadigan Tomonning hududida odatda xalqaro havo tashishlariga nisbatan qoʻllaniladigan qonun va qoidalariga rioya qilish imkoniyatiga ega boʻlsa; va
4-modda
Ruxsatnomani bekor qilish
Ruxsatnomani bekor qilish
1. Har bir Tomon boshqa Tomon tayinlagan aviakorxonaga berilgan parvozga doir vakolatnomalarni yoki texnik ruxsatnomalardan foydalanishni bekor qilishi, toʻxtatib qoʻyishi yoki cheklashi mumkin, agarda:
a. mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va amaldagi nazorat boshqa Tomonga, uning fuqarolariga yoki ikkoviga tegishli boʻlmasa;
b. mazkur aviakorxona ushbu Bitimning 5-moddasida (Qonunlarni qoʻllash) keltirilgan qonun va qoidalarga rioya qilmasa;
c. boshqa Tomon 6-moddada (Ehtiyotkorlik choralari) koʻrsatilgan qoidalarni oʻrnatishni va ularga amal qilishni taʼminlamayotgan boʻlsa.
2. Agar ushbu moddaning 1-b va l-c kichik bandlariga keyinchalik rioya qilmaslikning oldini olish uchun darhol choralar koʻrish zarur boʻlmasa, faqat boshqa tomon bilan maslahatlashishlardan soʻng ushbu moddada belgilangan huquqlardan foydalaniladi.
3. Ushbu modda bir Tomon boshqa Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga yoki aviakorxonalariga bergan parvoz uchun vakolatlar va texnik ruxsatnomalarni toʻxtatib qoʻyish, bekor qilish, cheklash yoki ulardan foydalanishda 7-moddaning (Aviatsiya xavfsizligi) qoidalariga muvofiq bajarilishi zarur deb topilgan shartlarni bajarishni talab qilish huquqlarini cheklamaydi.
5-modda
Qonunlarni qoʻllash
Qonunlarni qoʻllash
1. Bir Tomonning hududiga uchib kirish, u yerda boʻlish yoki u yerdan joʻnab ketish chogʻida uning havo kemasidan foydalanishni va navigatsiyasini tartibga soluvchi qonun va qoidalariga boshqa Tomonning aviakorxonalari amal qiladilar.
2. Bir Tomonning oʻz hududiga havo kemasidagi yoʻlovchilar, ekipaj yoki yuklarning kirishini yoki u yerdan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari, (shuningdek mamlakatga kirish, bojlarni toʻlab bitirishga, aviatsiya xavfsizligi, immigratsiya, pasport, bojxona va karantin masalalariga oid boʻlgan qoidalari yoki pochtaga nisbatan pochta qoidalari) boshqa Tomonning aviakorxonalariga qarashli yoʻlovchilar, ekipaj yoki yuklarga nisbatan birinchi Tomonning hududiga kirish, u yerda boʻlish yoki u yerdan joʻnab ketish chogʻida qoʻllaniladi.
6-modda
Ehtiyotkorlik choralari
Ehtiyotkorlik choralari
1. Har bir Tomon bergan yoki kuchga ega deb bilgan va muddati tugamagan uchishga yaroqlilik guvohnomalarni, malaka guvohnomalarni va ruxsatnomalarni boshqa Tomon ushbu Bitimda koʻzda tutilgan havo tashishlarini amalga oshirish maqsadida tan oladi, basharti bu guvohnomalar va ruxsatnomalar berilishiga yoki haqiqiy deb eʼtirof etilishiga asos boʻlgan talablar Konvensiyaga muvofiq belgilangan eng kam talablar darajasiga loaqal teng boʻlsa. Har bir Tomon oʻzining hududi doirasida parvoz qilish uchun uning fuqarolariga boshqa Tomon bergan yoki haqiqiy deb topgan malaka toʻgʻrisidagi guvohnomalarni va ruxsatnomalarni eʼtirof etmaslik huquqini saqlab qoladi.
2. Har bir Tomon aviatsiya moslamalari, aviaekipaj, havo kemalari va tayinlangan aviakorxonalarning faoliyatiga tegishli boshqa Tomon oʻrnatgan xavfsizlik talablari borasida maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Agarda bunday maslahatlashishlar oʻtkazish natijasida bir Tomon Konvensiyaga muvofiq belgilangan talablarning loaqal eng kam darajasiga javob bera oladigan xavfsizlik qoidalarini va shu sohadagi talablarni joriy etishni va ularga rioya qilishni boshqa Tomon kerakli darajada taʼminlay olmayotganligini aniqlasa, boshqa Tomon bunday kelishmovchiliklar borasida va bunday vaziyatni xavfsizlik talablarining eng kam darajasiga muvofiqlashtirish uchun zarur deb topilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ogohlantiriladi, va shundan soʻng boshqa Tomon tegishli tuzatish ishlarini bajarishi lozim. Agar boshqa Tomon tegishli tuzatish ishlarini oqilona belgilangan vaqt ichida bajarmasa, har bir Tomon boshqa Tomon tayinlagan aviakorxonaga yoki aviakorxonalarga berilgan parvozlar uchun ruxsatnomani yoki texnik vakolatnomani bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki cheklash huquqini saqlab qoladi.
7-modda
Aviatsiya xavfsizligi
Aviatsiya xavfsizligi
1. Tomonlar xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini bir-birlariga tasdiqlaydilar. Tomonlar xalqaro qonunga doir oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy yoʻnalishlarini cheklamagan holda 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlar bilan kurash haqidagi Konvensiya va 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatadigan aeroportlarda gʻayriqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Bayonnoma qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
2. Tomonlar talablarga koʻra fuqaro havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning, hamda shunday havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishining oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
3. Tomonlar oʻzaro munosabatlarida aviatsiya xavfsizligi talablariga muvofiq va Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan va Konvensiyaga Ilova etib belgilangan tegishli qoidalarga binoan ish koʻradilar; ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining va oʻz hududlarida joylashgan aeroportlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
4. Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Tomonning havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida va unda boʻlib turgan vaqtida aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini talab qilishi mumkin va har bir Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, ularning ogʻir va yengil yuklarini hamda yuklarni va havo kemasidagi zaxiralarni havo kemasi sahniga olish yoki ortish vaqtidan oldin yoki vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Tomon ayrim tahdidga javoban xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir boshqa Tomonning iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Basharti, havo kemasi noqonuniy tutqun qilib olinsa yoki uni noqonuniy tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga aeroportlar yoki havo qatnovini taʼminlash vositalari xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir- birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
6. Basharti, Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu moddadagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya qilmayotganligi toʻgʻrisida yetarli asosga ega boʻlsa, shu Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Tomonning aviatsiya maʼmurlaridan kechiktirib boʻlmaydigan maslahatlashishlar oʻtkazishni talab qilishlari mumkin. Bunday talab tushgan kundan eʼtiboran 15 kun ichida qoniqarli kelishuvga erisha olinmagan taqdirda majburiyatlarni bajarmayotgan Tomonning aviakorxonasiga yoki aviakorxonalariga berilgan parvozga doir ruxsatnomalardan va texnik vakolatlardan foydalanishni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish, cheklash yoki ulardan foydalanishda bajarilishi zarur deb topilgan shartlarning bajarilishini talab qilish asosi yuzaga keladi. Maxsus talab boʻlgan holda bu Tomon 15 kunlik muddat tugamasdan vaqtincha choralarni koʻrishi mumkin.
8-modda
Tijoriy imkoniyatlar
Tijoriy imkoniyatlar
1. Har bir Tomonning aviakorxonalari havo tashishlarini reklama qilish va ularni sotish maqsadida boshqa Tomonning hududida oʻzlarining vakolatxonalarini boshqa Tomonning qonunlari va qoidalariga muvofiq ochish huquqiga ega boʻladi.
2. Har bir Tomonning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Tomonning mamlakatga kirish, yashash va ish bilan taʼminlashga doir boʻlgan qonun va qoidalariga muvofiq shu boshqa Tomonning hududiga oʻzining maʼmuriy, tijoriy, texnik, ishchi va havo tashishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa mutaxassislarni olib kelish va ushlab turish huquqiga ega boʻladi.
3. Xar bir tayinlangan aviakorxona boshqa Tomonning hududida yerda xizmat koʻrsatish ishlarini oʻz kuchi bilan amalga oshirish huquqiga ega boʻladi (“mustaqil xizmat koʻrsatish”) yoki, oʻz ixtiyoriga koʻra, bunday xizmatlarni toʻla yoki qisman bajarish uchun raqiblar orasidan agentlarni tayinlashi ham mumkin. Bu huquqlar aeroportning xavfsizligini taʼminlovchi texnik imkoniyatlardan kelib chiqishi lozim. Aeroport xavfsizligini taʼminlovchi talablar mustaqil xizmat koʻrsatishga yoʻl qoʻymasa, yerda xizmat koʻrsatish imkoniyatlari barcha aviakorxonalar uchun teng boʻlishi lozim; toʻlovlar koʻrsatilgan xizmatlarga sarflangan xarajatlar asosida undiriladi; va bunday xizmatlar mustaqil xizmat koʻrsatishni taqozo etgan hollarda uning turi va sifatiga taqqoslanishi lozim.
4. Har bir Tomonning aviakorxonasi boshqa Tomonning hududida havo tashishlarini, oʻz ixtiyoriga koʻra, toʻgʻridan toʻgʻri yoki oʻzining agentlari orqali sotish bilan shugʻullanishi mumkin, ammo charter parvozlarini oʻz hududidan amalga oshiradigan Tomonning charter tashishlarini tartibga soluvchi qoidalarida alohida qayd etilgan hollar hamda yoʻlovchilarning pul mablagʻlarini, shuningdek yoʻlovchilarning tashishlardan voz kechish va pul mablagʻlarini qaytarib olish huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasnodir. Har bir aviakorxona bunday tashishlarni oʻsha hududning valyutasida yoki erkin almashtiriladigan valyutalarda sotish huquqiga va har bir shaxs ularni erkin sotib olish imkoniyatiga ega boʻladi.
5. Har bir aviakorxona mablagʻlarning mahalliy sarf- xarajatlaridan ortgan daromad qismini almashtirish va oʻz mamlakatiga oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Almashtirish va oʻtkazish ularni amalga oshirish toʻgʻrisida tashuvchidan dastlabki ariza tushgan sanada joriy muomala va pul oʻtkazish uchun qoʻllaniladigan almashtirish qiymatiga muvofiq amalga oshiriladi va bunday almashtirish va pul oʻtkazishlarga nisbatan cheklashlar yoki soliq solish qoʻllanmaydi.
6. Har bir Tomonning aviakorxonalariga boshqa Tomonning hududida barcha mahalliy sarf-xarajatlarga, jumladan yoqilgʻi sotib olish uchun oʻsha hududning milliy valyutasini ishlatishga ruxsat beriladi. Har bir Tomonning aviakorxonalari boshqa Tomonning hududida bunday sarf-xarajatlarga oʻz ixtiyoriga koʻra erkin almashtiriladigan valyutani oʻsha hududning milliy valyuta qoidalariga muvofiq ishlatishi mumkin.
7. Kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha ruxsat etilgan qatnovlardan foydalanish yoki ularni taklif qilish chogʻida bir Tomonning har qanday tayinlangan aviakorxonasi quyidagi aviakorxonalar bilan marketing sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida, misol uchun, joy band qilish, kodlardan umumiy foydalanish yoki ijaraga olish borasida shartnomalar tuzishi mumkin:
a) har bir Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalari bilan; va
b) uchinchi davlatning aviakorxonasi yoki aviakorxonalari bilan, basharti ushbu uchinchi davlat boshqa Tomonning aviakorxonalari va boshqa aviakorxonalar oʻrtasida mazkur uchinchi davlatning hududiga, hududidan va hududi orqali qatnovlarni amalga oshirish toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun vakolat bersa yoki ruxsat bersa;
basharti, barcha aviakorxonalar bunday shartnomalar tuzishda 1) tegishli vakolatga ega boʻlsalar va 2) bunday shartnomalar tuzishda odatda qoʻllaniladigan talablarga javob bersalar.
8. Ushbu Bitimning biron-bir boshqa qoidalaridan qatʼi nazar, har ikki Tomonning aviakorxonalariga va bilvosita yuk tashuvchilariga Tomonlarning yoki uchinchi davlatlarning hududidagi manzillarga yoki manzillardan xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish chogʻida yuk tashish uchun istagan yer ustidagi tashishlardan foydalanish huquqi hech qanday cheklashsiz beriladi, shuningdek bojxona xizmatlari mavjud boʻlgan barcha aeroportlarga yoki aeroportlardan tashishlarni amalga oshirish huquqi ham beriladi, bunga qoʻllanishi mumkin boʻlgan hollarda amaldagi qonunlarga va qoidalarga muvofiq bojlarni toʻlab bitirish manziligacha yuklarni tashish huquqi ham kiradi. Bunday yuklarga nisbatan, ular yer ustidagi transport vositalari yoki havo transport vositalari orqali tashilishidan qatʼi nazar, aeroportlarning bojxona nazorati va tartibotlari qoʻllanishi lozim. Aviakorxonalar oʻz ixtiyorlariga koʻra yer ustidagi tashishlarini mustaqil holda yoki yer ustidagi tashishlarni amalga oshiradigan biron-bir boshqa tashuvchilar bilan shartnoma tuzish orqali amalga oshirishlari mumkin, bunga boshqa aviakorxonalar va bilvosita yuk tashuvchilari amalga oshiradigan yer ustidagi tashishlar ham kiradi. Bunday qoʻshma yuk tashish xizmatlari havo tashishlari uchun ham yer ustidagi tashishlar uchun ham umumiy narxda taklif qilinishi mumkin, basharti yuk joʻnatuvchilar bunday tashishlarning xususiyatlari borasida notoʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlmasliklari lozim.
9-modda
Bojxona bojlari va yigʻimlari
Bojxona bojlari va yigʻimlari
1. Har bir Tomon tayinlagan aviakorxona tomonidan xalqaro havo yoʻllarida foydalanilayotgan havo kemasi, shuningdek shu kemadagi roʻyxatdagi mulk, yerda xizmat koʻrsatish uskunalari, yoqilgʻi zaxiralari va moylash ashyolari, texnik ehtiyojlari zaxiralari, (dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda) ehtiyot qismlar, (parvoz mobaynida yoʻlovchilarga cheklangan miqdorda sotish uchun yoki ular tomonidan isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, tamaki va boshqa mahsulotlarini oʻz ichiga olib, lekin faqat shular bilan cheklanib qolmagan holda) havo kemasining zaxiralari va xalqaro havo tashish yoʻllarida mashgʻul boʻlgan havo kemasidan foydalanish chogʻida ishlatiladigan va unga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boshqa buyumlar oʻzaro tenglik munosabatlari asosida boshqa Tomon hududiga kirib kelgan vaqtdan boshlab (1) milliy maʼmurlar tomonidan oʻrnatilgan va (2) koʻrsatiladigan xizmat xarajatlaridan kelib chiqmagan barcha import cheklanishlari, mol-mulkka soliqlar va kapital uchun soliqlar, bojxona bojlari, aksiz yigʻimlari va shunga oʻxshash yigʻimlar va toʻlovlardan ozod qilinadi, basharti bunday asbob-uskunalar va zaxiralar havo kemasining sahnida saqlanib tursa.
2. Koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlardan mustasno holda ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan soliqlardan, yigʻimlardan, bojlardan, badallardan va toʻlovlardan oʻzaro tenglik munosabatlari asosida quyida keltirilganlar ham ozod qilinadi:
a. bir Tomonning hududiga olib kirilgan yoki u yerda zaxira qilib olingan va oqilona belgilangan meʼyorlar chegarasida havo kemasining sahniga olingan xalqaro havo tashishlarida mashgʻul boʻlgan boshqa Tomonning aviakorxonasiga tegishli joʻnab ketish yoʻnalishidagi havo kemasining sahnida foydalanish uchun moʻljallangan havo kemasining zaxiralari, hattoki bu zaxiralar Tomonlardan birining hududida havo kemasining sahniga olingan boʻlib oʻsha hudud doirasidagi parvozning bir qismida ishlatilgan taqdirda ham;
b. bir Tomonning hududiga xalqaro havo tashish yoʻllarida mashgʻul boʻlgan boshqa Tomonning aviakorxonasiga tegishli havo kemasiga xizmat koʻrsatish, uni texnik holatini taʼminlab turish va taʼmirlash uchun olib kirilgan yerda xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan uskunalar va dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda ehtiyot qismlar;
c. bir Tomonning hududiga xalqaro havo tashish yoʻllarida mashgʻul boʻlgan boshqa Tomonning aviakorxonasiga qarashli havo kemasida ishlatish uchun olib kirilgan va u yerda zaxira qilib olingan aviayoqilgʻi, moylash ashyolari va texnik ehtiyojlari zaxiralari, hattoki bu zaxiralar Tomonlardan birining hududida havo kemasining sahniga olingan boʻlib oʻsha hudud doirasida amalga oshiriladigan parvozning bir qismida ishlatilgan taqdirda ham; va
d. xalqaro havo tashishlarida mashgʻul boʻlgan boshqa Tomonning aviakorxonasiga qarashli joʻnab ketish yoʻnalishidagi havo kemasida foydalanish uchun bir Tomonning hududiga olib kirilgan yoki u yerda zaxira qilib olingan va oqilona belgilangan meʼyorlar chegarasida havo kemasining sahniga olingan yordamchi va reklama materiallari, hattoki bu zaxiralar Tomonlardan birining hududida olingan boʻlib, oʻsha hudud doirasida amalga oshiriladigan parvozning bir qismida ishlatilgan taqdirda ham.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida koʻrsatilgan asbob-uskunalar va zaxiralar talab qilingan holda tegishli maʼmurlarning nazorati yoki kuzatuvi ostida saqlanishi mumkin.
4. Ushbu moddada bayon etilgan soliqlardan ozod qilish bir Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Tomon xuddi shunday soliqlardan ozod qilgan biron-bir boshqa aviakorxona bilan ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida koʻrsatilgan buyumlarni boshqa Tomonning hududida ijaraga olish yoki oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan taqdirda ham qoʻllaniladi.
10-modda
Aeroport yigʻimlari
Aeroport yigʻimlari
1. Har bir Tomonning sohasidagi vakolatli maʼmurlari yoki tashkilotlari tomonidan boshqa Tomonning aviakorxonalari uchun oʻrnatilishi mumkin boʻlgan aeroport yigʻimlari odil, moʻtadil, kamsitmaydigan va foydalanuvchilarning oʻrtasida haqqoniy taqsimlangan boʻlishi lozim. Har qanday holda, boshqa Tomon aviakorxonalariga nisbatan oʻrnatiladigan bunday aeroport yigʻimlarini belgilash shartlari biron-bir boshqa aviakorxonalarga nisbatan xuddi shunday yigʻimlarni belgilashda qoʻllaniladigan imtiyozlardan kam boʻlmasligi lozim.
2. Boshqa Tomonning aviakorxonalari uchun yigʻimlar sohasidagi vakolatli maʼmurlar yoki tashkilotlar tomonidan oʻrnatilgan aeroport yigʻimlari zarur boʻlgan aeroport, aeroportdagi ekologiya, aeronavigatsiya va aviatsiya xavfsizligi vositalari bilan taʼminlashga va aeroportda yoki aeroport tizimi doirasida xizmat koʻrsatishga sarflangan toʻla xarajatlarni aks ettirishi, lekin undan oshmasligi lozim. Bunday toʻla xarajatlar oʻz ichiga narxi tushirilgandan soʻng moddiy boylikda oqilona tushumni olishi mumkin. Toʻlov asosida foydalaniladigan moslamalar va xizmatlar bilan taʼminlash amaliy va iqtisodiy asosda amalga oshirilishi lozim.
3. Har bir Tomon oʻzining hududidagi yigʻimlar sohasidagi vakolatli maʼmurlar yoki tashkilotlar va aeroport xizmatidan va vositalaridan foydalanadigan aviakorxonalar oʻrtasida maslahatlashishlar oʻtkazishga koʻmak beradi, va ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalariga muvofiq yigʻimlar sohasidagi vakolatli maʼmurlar yoki tashkilotlar va aviakorxonalar oʻrtasida yigʻimlar oqilona belgilanganligini sinchiklab tekshirib chiqish uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar bilan almashuv oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydi. Yigʻimlar sohasidagi vakolatli maʼmurlar aeroport yigʻimlarini oʻzgartirish borasidagi har qanday takliflari toʻgʻrisida foydalanuvchilarni oldindan ogoxlantirishlarini har bir Tomon taʼminlaydi, chunki bu oʻzgartirishlar amalga oshirilgunga qadar foydalanuvchilar oʻz fikrlarini izhor etish imkoniyatiga ega boʻlishlari lozim.
4. Hech qaysi bir Tomon ushbu moddaning qoidalariga zid keladigan 14-moddaga muvofiq bahslashuvlarni hal qilish tartibotlarida ishtirok etmasligi lozim, quyidagi hollardan tashqari: (1) u oqilona berilgan vaqt ichida boshqa Tomondan tushgan arznomaga koʻra yoki tartibotlarni qayta koʻrib chiqmasa; yoki (2) quyidagi masala koʻrib chiqilgandan soʻng u ushbu moddaning qoidalariga muvofiq kelmaydigan yoki tartibotlarni oʻzining vakolat huquqi doirasida oʻzgartirish uchun barcha zarur harakatlarni amalga oshirmasa.
11-modda
Odil raqobat
Odil raqobat
1. Har bir Tomon har ikki Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga ushbu Bitimda koʻzda tutilgan xalqaro havo tashishlarini amalga oshirishda raqobat qilish uchun haqqoniy va teng imkoniyatlar beradi.
2. Har bir Tomon bozordagi tijoriy sharoitlarga asoslangan holda taklif qilinadigan xalqaro havo tashishlarining hajmini va parvozlar takroriyligini belgilashni har bir tayinlangan aviakorxonaning oʻziga havola qiladi. Mazkur huquqdan kelib chiqqan holda hech qaysi bir Tomon tashishlar miqdoriga, parvozlarning takroriyligi yoki muntazamligiga yoki boshqa Tomonning tayinlangan aviakorxonasi foydalanayotgan havo kemasining turi yoki turlariga nisbatan bir tomonlama cheklashlar qoʻllamaydi, biroq Konvensiyaning 15-moddasiga muvofiq keladigan umumiy shartlarga koʻra bojxona, texnik, foydalanish yoki ekologik sabablarga koʻra kiritiladigan cheklashlar bundan mustasnodir.
3. Hech qaysi bir Tomon boshqa Tomonning tayinlangan aviakorxonalaridan birinchi boʻlib rad qilish huquqidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishni, ish yuklashning muayyan bir darajasiga amal qilishni, eʼtiroz boʻlmagan sababli biron-bir toʻlov toʻlashni talab qilmasligi hamda tashishlarning hajmi, takroriyligi yoki nisbatan ushbu Bitimning maqsadlariga zid keladigan boshqa talablarni qoʻymasligi lozim.
4. Hech qaysi bir Tomon tasdiqlash uchun uchish jadvallari, charter parvozlari uchun dasturlar yoki foydalanish rejalari toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan taʼminlashni boshqa Tomonning aviakorxonasidan talab qilmaydi, biroq ushbu moddaning yuqoridagi 2-bandining shartlarini umumiylashtirish maqsadida teng huquqlik asosida talab qilinishi mumkin boʻlgan yoki ushbu Bitimning Ilovasida alohida qayd etilgan maʼlumotlar bunga kirmaydi. Agarda bir Tomon hujjatlarni axborot olish maqsadida talab qilsa, u havo tashuvlarini amalga oshiruvchi vositachilar va boshqa Tomonning tayinlangan aviakorxonalari axborot berishi uchun qoʻllaniladigan qoidalarda va tartibotlarda mavjud boʻlgan maʼmuriy toʻsiqlarni iloji boricha kamaytirishi lozim.
12-modda
Narxlarni belgilash
Narxlarni belgilash
1. Har bir Tomonga bozor tijoriy sharoitlarini inobatga olgan holda har bir tayinlangan aviakorxona oʻrnatgan havo tashishlari uchun narxlar taqdim etiladi. Tomonlarning aralashuvi quyidagilar orqali cheklanadi:
a. nomaʼqul diskriminatsion narxlarning yoki amaliyotning oldini olish;
b. asossiz koʻtarib yuborilgan yoki ustunlik vaziyatidan foydalanish natijasida qoʻllanishi cheklangan narxlardan xaridorlarni himoya qilish; va
c. hukumatning bevosita yoki bilvosita bergan subsidiyalari yoki yordami natijasida sunʼiy ravishda tushgan narxlardan aviakorxonalarni himoya qilish.
2. Har bir Tomon uning hududiga yoki hududidan boshqa Tomonning aviakorxonalari amalga oshiradigan tashishlari uchun belgilangan narxlar borasida uning aviatsiya maʼmurlariga xabarnoma yuborishlarini yoki maʼlumotlar bilan taʼminlashlarini talab qilishi mumkin. Har ikki Tomonning aviakorxonalaridan narxlar borasida xabarnoma yuborishni yoki maʼlumotlar bilan taʼminlashni ular kuchga kirishi taxmin qilingan vaqtga qadar 30 kundan koʻp boʻlmagan davr ichida talab qilishi mumkin. Ayrim hollarda xabarnoma yoki maʼlumotlar odatda talab qilinadigandan ham qisqaroq vaqt ichida taqdim etilishi mumkin. Bir-birini kamsitmaslik asosida maʼlumotga ega boʻlish istagida talab qilingan maʼlumotlarni istisno qilgan holda, hech qaysi bir Tomon boshqa Tomonning aviakorxonasidan umumiy charter tashishlari uchun oʻrnatilgan narxlar toʻgʻrisida xabarnoma berishini yoki hujjatlarni taqdim etishni talab qilmasligi lozim.
3. Hech qaysi bir Tomon (1) Tomonlarning hududlari oʻrtasida xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish uchun Tomonlardan birining aviakorxonasi yoki (2) bir Tomonning aviakorxonasi boshqa Tomonning hududi va biron bir boshqa davlatning oʻrtasida xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish uchun, shuningdek har ikki holda interlayn va proreyt kelishuvlari asosida amalga oshiriladigan tashishlar uchun ham taklif qilayotgan yoki qoʻllayotgan narxlari kuchga kirishiga yoki ularning amal qilish muddatini uzaytirishga qarshi bir tomonlama harakat qilmasligi lozim. Agar Tomonlardan biri istalgan bunday narx ushbu moddaning yuqoridagi 1-bandida qayd etilgan qoidalarga toʻgʻri kelmaydi degan fikrga kelsa, u boshqa Tomondan maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻraydi va iloji boricha qisqa vaqt ichida oʻzining noroziligi sabablari toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi. Bunday maslahatlashishlar ularni oʻtkazish toʻgʻrisida iltimos tushgan kundan eʼtiboran 30 kundan kechiktirmasdan oʻtkazilishi lozim va Tomonlar bu masala boʻyicha tegishli qaror chiqarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar bilan taʼminlashda bir-birlariga koʻmak beradilar. Agarda norozilik fikri bildirilgan narxlar borasida Tomonlar kelishib olsalar, har bir Tomon mazkur kelishuv kuchga kirishi uchun astoydil harakat qilishi lozim. Bunday oʻzaro kelishuvsiz narxlar kuchga kiradi yoki narxlarning amalda qoʻllanishi davom etadi.
13-modda
Maslahatlashishlar
Maslahatlashishlar
Har bir Tomon istagan vaqtida ushbu Bitim borasida maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Bunday maslahatlashishlar iloji boricha qisqa vaqt ichida, ammo maslahatlashishlarni oʻtkazish toʻgʻrisida boshqa Tomondan iltimos tushgan kundan eʼtiboran oltmish (60) kundan kechiktirmasdan oʻtkazilishi lozim, basharti boshqa kelishuvga erishilmagan boʻlsa.
14-modda
Bahslashuvlarni hal qilish
Bahslashuvlarni hal qilish
1. 12-moddaning (Narxlarni belgilash) 3-bandini qoʻllash orqali kelib chiqishi mumkin boʻlgan bahslardan tashqari, ushbu Bitim qoidalari yuzasidan kelib chiqqan har qanday nizo rasmiy maslahatlashishlarning birinchi bosqichida hal qila olinmagan taqdirda Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan bu bahsni bir shaxs yoki tashkilotning hukmiga oshirishlari mumkin. Agar ular bunday tarzda kelisha olmasalar, bu bahs Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan hakamlar hayʼatining ixtiyoriga quyida keltirilgan tartibotlarga muvofiq topshiriladi.
2. Uch hakamdan iborat boʻlishi lozim boʻlgan hakamlar hayʼati quyidagi tarzda tuzilishi lozim:
a. hakamlar hayʼatiga bahslashuvni topshirish soʻrov tushgan kundan boshlab 30 kun ichida har bir Tomon bittadan hakam tayinlaydi. Shu ikki hakam tayinlangandan soʻng 60 kun ichida ular oʻzaro kelishuv asosida uchinchi hakamni tayinlashlari lozim va u hakamlar hayʼatining raisi sifatida ish koʻrishi lozim;
b. basharti, Tomonlardan biri hakamni tayinlay olmasa yoki ushbu bandning a-kichik bandiga muvofiq uchinchi hakam tayinlanmasa, Tomonlardan istalgan biri Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti Kengashining Prezidentidan 30 kunlik muddat ichida vaziyatga qarab hakamni yoki hakamlarni tayinlashni iltimos qilishi mumkin. Agarda Kengashning Prezidenti Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, Prezidentning birinchi muovini aynan shu asosda ishdan chetlashtirilmaganligi sababli zarur boʻlgan tayinlashni amalga oshirishi lozim.
3. Alohida kelishib olingan hollardan tashqari, hakamlar hayʼati ushbu Bitimga muvofiq oʻzining vazifa doirasini belgilab olishi va oʻzining tartibotlarini oʻrnatishi lozim. Tashkil qilinib boʻlgan hakamlar hayʼati vaqtinchalik yordamchi choralarni koʻrishni taklif qilish bilan birga oʻzining soʻnggi qarorini chiqarishi ham mumkin. Hakamlar hayʼatining koʻrsatmasiga binoan yoki Tomonlardan birining iltimosiga binoan hakamlar hayʼati orqali koʻrib chiqiladigan masalalarni xamda bu borada amalga oshiriladigan tartibotlarni aniqlab olish maqsadida hakamlar hayʼati toʻla-toʻkis tuzilgan kundan eʼtiboran 15 kundan kechiktirmasdan uchrashuv oʻtkazilishi lozim.
4. Alohida kelishib olingan hollardan tashqari yoki hakamlar hayʼatining koʻrsatmasiga binoan har bir Tomon hakamlar hayʼati batamom tashkil qilingandan soʻng 45 kun ichida bayonnoma taqdim etishi lozim. Javoblar 60 kundan soʻng beriladi. Hakamlar hayʼati ishni koʻrib chiqishni Tomonlardan birining talabiga binoan yoki oʻzining ixtiyoriga koʻra javoblarni taqdim etish uchun belgilangan muddat tugagach 15 kunning ichida oʻtkazishi lozim.
5. Hakamlar hayʼati ishni koʻrib chiqish tugagan kundan soʻng 30 kun ichida qarorni yozma ravishda chiqarishi lozim yoki ishni koʻrib chiqish oʻtkazilmagan taqdirda har ikki javob taqdim etilgan kundan keyin chiqarishi lozim. Qaror hakamlar hayʼatining koʻpchilik ovozi bilan chiqariladi.
6. Tomonlar qaror chiqqandan soʻng 15 kun ichida qarorga izoh berishni talab qilishlari mumkin va har qanday izoh bunday talab tushgandan soʻng 15 kun ichida berilishi lozim.
7. Har bir Tomon hakamlar hayʼati chiqargan har bir qaror yoki hukmni oʻzining milliy qonunlariga muvofiq ravishda bajarish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi lozim.
8. Hakamlarning maoshini va chiqimlarini oʻz ichiga olgani holda, hakamlar hayʼatining barcha xarajatlari Tomonlar oʻrtasida teng boʻlinadi. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Kengashining prezidenti tomonidan ushbu moddaning 2b-bandining tartibotlarining bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar hakamlar hayʼatning chiqimlarining bir qismini tashkil qiladi.
15-modda
Amal qilishning toʻxtatilishi
Amal qilishning toʻxtatilishi
Har bir Tomon istagan vaqtida boshqa Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Shunday mazmundagi xabarnoma darhol Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Ushbu Bitim amal qilishini (boshqa Tomonga yuborilgan xabarnoma olingan joyda) boshqa Tomon xabarnomani olgan kundan boshlab bir yillik muddat oʻtishi bilan kechiktirmasdan qoq yarim kechada toʻxtatadi, agarda mazkur xabarnoma Tomonlarning kelishuvi asosida orqaga qaytarib olinmagan boʻlsa.
16-modda
IKAOda roʻyxatga olish
IKAOda roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan barcha tuzatishlar Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
17-modda
Kuchga kirish
Kuchga kirish
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. Ushbu Bitim kuchga kirar ekan u Tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarda 1990-yil 1-iyundagi Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati va Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi Hukumati oʻrtasida Fuqaro havo transporti toʻgʻrisidagi Bitim va uning tuzatishlarining oʻrnini bosadi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlaridan vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Vashington shahrida 1998-yil yigirma yettinchi fevralda ikki nusxada ingliz tilida tuzildi, har biri bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimning oʻzbek tilidagi tarjimasi tayyorlanadi va uni ingliz tilidagi matn bilan muvofiq ekanligini tasdiqlovchi diplomatik notalar almashish yoʻli orqali kelishilgandan soʻng u bir xil kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
I ILOVA
Muntazam havo tashishlari
1-boʻlim
Yoʻnalishlar
Yoʻnalishlar
Ushbu Ilova boʻyicha tayinlangan har bir Tomonning aviakorxonalariga ularni tayinlash shartlariga muvofiq quyidagi yoʻnalishlardagi manzillar oʻrtasida muntazam xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish huquqi beriladi:
A. Amerika Qoʻshma Shtatlarining Hukumati tayinlagan aviakorxona yoki aviakorxonalari uchun belgilangan yoʻnalishlar:
1. Qoʻshma Shtatlarining tashqarisidagi manzillardan Qoʻshma Shtatlaridagi manzillar va oraliq manzillar orqali Oʻzbekistondagi manzil yoki manzillarga va tashqaridagi manzillarga.
2. Faqat yuk tashishi yoki tashishlari uchun Oʻzbekiston va istagan manzil yoki manzillar oʻrtasida.
B. Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati tayinlagan aviakorxona yoki aviakorxonalari uchun belgilangan yoʻnalishlar:
1. Oʻzbekistonning tashqarisidagi manzillardan Oʻzbekistondagi manzillar va oraliq manzillar orqali Qoʻshma Shtatlaridagi manzillarga va uning tashqarisidagi manzillarga.
2. Faqat yuk tashishi yoki tashishlari uchun Qoʻshma Shtatlarining hududi va istalgan manzil yoki manzillar oʻrtasida.
2-boʻlim
Parvozlardan qulay foydalanish usullari
Parvozlardan qulay foydalanish usullari
Har bir tayinlangan aviakorxona har bir yoki barcha parvozlar chogʻida va oʻz ixtiyoriga koʻra quyidagilarni bajarishi mumkin:
1. Bir tomonlama yoki ikki tomonlama qatnovlarni amalga oshirish;
2. Bir qatnovni amalga oshirish chogʻida boshqa-boshqa qatnovlarni qoʻshib bajarish;
3. Yoʻnalishlar tashqarisidagi, oraliq va Tomonlarga tegishli hududlarning tashqarisida va doirasidagi manzillarda istagan tartibda va istagan tarzda qoʻnish;
4. Istagan manzilni yoki manzillarni tushirib qoldirish;
5. Yoʻnalishlardagi biron-bir manzilda tashiluvchilarni oʻzining havo kemalarining biridan ikkinchisiga oʻtkazish;
6. Oʻzining hududidagi manzildan keyingi manzilda toʻxtash chogʻida havo kemasini yoki qatnov sonini oʻzgartirishi yoki oʻzgartirmaslik, va bunday tashishlarni toʻgʻri qatnovlar sifatida taklif qilish va jamoatchilikka reklama qilish mumkin;
bunda qatnovlarning yoʻnalishi yoki geografiyasiga nisbatan cheklashlar qoʻllanmaydi va ushbu Bitimga binoan qanday boʻlmasin bajarilishi ruxsat etilgan tashishlarni amalga oshirish huquqiga ziyon yetmasligi lozim, basharti, yuk tashish qatnovlarini istisno etgan holda, qatnovning toʻxtash manzili aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududida joylashgan boʻlsa.
3-boʻlim
Havo kemasini almashtirish
Havo kemasini almashtirish
Har bir tayinlangan aviakorxona yoʻnalishdagi istagan manzilda foydalanayotgan havo kemasining sonini yoki turini istagancha almashtirgan holda yuqorida koʻrsatilgan yoʻnalishlarning bir yoki bir necha qismida xalqaro havo tashishlarini bajarishi mumkin, basharti, yuk tashishlarini istisno etgan holda, joʻnab ketish yoʻnalishida bu manzildan tashqariga moʻljallangan tashish aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududida boshlangan tashishning davomi boʻlsa va uchib kelish yoʻnalishida esa aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududiga moʻljallangan havo tashishi oʻsha manzildan tashqarida boshlangan tashishning davomi boʻlsa.
II ILOVA
Charter havo tashishlari
1-boʻlim
Ushbu Ilovaga binoan tayinlangan har bir Tomonning aviakorxonalari ularni tayinlash shartlariga muvofiq yoʻlovchilarni (va ularning yengil yuklarini) va (yoki) yuklarni xalqaro charter qatnovlari orqali (yuklarni joʻnatishni, taqsimlashni va (yoʻlovchi(yuk)) charter tashishlarini birga bajarishni oʻz ichiga olgani holda, ammo shularning oʻzi bilan cheklanib qolmagan holda,) tashish huquqiga quyidagi manzillar oʻrtasida ega boʻladi:
aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududidagi biron-bir manzil yoki manzillarning va boshqa Tomonning hududidagi biron-bir manzil yoki manzillarning oʻrtasida; va
boshqa Tomonning hududidagi biron-bir manzil yoki manzillarning va uchinchi davlatdagi biron-bir manzil yoki manzillarning oʻrtasida, basharti, yuk tashuvchi chartyerlarni istisno etgan xolda, bunday qatnov havo kemasini almashtirgan yoki almashtirmagan holda davom etayotgan qatnovning qismini tashkil qilsa, va u oʻzining hududi va boshqa Tomonning hududi oʻrtasida mahalliy tashishlarni amalga oshirish maqsadida oʻzining hududiga amalga oshiriladigan qatnovni oʻz ichiga oladi.
Ushbu Ilovada nazarda tutilgan qatnovlarni amalga oshirishda har bir Tomonning ushbu Ilovaga muvofiq tayinlangan aviakorxonalari: (1) har bir Tomonning hududida yoki hududidan tashqarida boʻlishidan qatʼi nazar, istagan manzillarda toʻxtash; (2) boshqa Tomonning hududi orqali tranzit tashuvlarni amalga oshirish; (3) bir Tomonning hududida boshlangan, boshqa Tomonning hududida boshlangan va uchinchi davlatning hududida boshlangan tashishlarni bitta havo kemasining oʻzida birga amalga oshirish; (4) foydalanilayotgan havo kemasining turini yoki sonini yoʻnalishning istagan manzilida almashtirishga nisbatan cheklashlarsiz xalqaro havo tashishlarini amalga oshirish huquqlariga ega boʻladi, basharti, yuk tashuvchi chartyerlarni istisno etgan xolda, joʻnab ketish yoʻnalishida bu manzildan tashqariga moʻljallangan tashish aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududida boshlangan tashishning davomi boʻlsa va uchib kelish yoʻnalishida esa aviakorxonani tayinlagan Tomonning hududiga moʻljallangan havo tashishi oʻsha manzildan tashqarida boshlangan tashishning davomi boʻlsa.
Har bir Tomon boshqa Tomonning aviakorxonalaridan tushgan ushbu Ilovada koʻrsatilmagan tashishlarni amalga oshirish iltimoslarini xayrixohlik bilan oʻzaro hamjihatlik va xushmuomalalik asosida koʻrib chiqishi lozim.
2-boʻlim
Har bir Tomonning tayinlangan aviakorxonasi Tomonlarga tegishli hududlarning birida boshlanadigan xalqaro charter havo tashishlarini bir tomonlama yoki har ikki tomonga amalga oshirish chogʻida oʻz ixtiyoriga koʻra charter qatnovlariga oid oʻzining milliy yoki boshqa Tomonning qonunlariga, qoidalariga yoki koʻrsatmalariga amal qiladi. Agarda bir Tomon oʻzining aviakorxonalaridan bir yoki bir nechtasiga nisbatan yoki boshqa davlatlarning aviakorxonalariga nisbatan boshqa-boshqa qoidalar, koʻrsatmalar, muddatlar, shartlar yoki cheklashlar qoʻllasa, har bir tayinlangan aviakorxona bu mezonlarning eng kam darajasiga amal qiladi.
Biroq, yuqoridagi bandda qayd etilgan qoidalardan hech qaysi biri har bir Tomon ushbu Ilova boʻyicha Tomonlardan har biri tayinlagan aviakorxonasidan yoʻlovchilarning pul mablagʻlarini himoya qilish va yoʻlovchilarning tashish xizmatidan voz kechish va pulni qaytarib olish masalalari bilan bogʻliq boʻlgan talablarga javob berishni talab qilish huquqlarini cheklamaydi.
3-boʻlim
Yuqoridagi bandda koʻrsatilgan xaridorlarning manfaatlarini koʻzlovchi qoidalarni istisno etgan holda, hech qaysi bir Tomon boshqa Tomon ushbu Ilovaga muvofiq tayinlagan aviakorxonasidan oʻsha boshqa Tomonning hududidan yoki uchinchi bir davlatning hududidan bir tomonlama yoki har ikki tomonga amalga oshiradigan tashishlariga nisbatan ushbu Ilovaning 2-boʻlimida keltirilgan qonun va qoidalarni qoʻllash maqsadga muvofiqligi yoki mazkur qonunlar, qoidalar yoki koʻrsatmalar tegishli aviatsiya maʼmurlari tomonidan eʼtirof etilmaganligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyadan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilmasligi lozim.