O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT ZAXIRALARINI BOSHQARISH QO‘MITASINING
Qarori
Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 23-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2484]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi to‘g‘risida nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim hamda u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-iyun,
10-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2013-yil 25-iyundagi 10-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yo‘riqnoma birinchi guruhga yodlangan osh tuzini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Yo‘riqnoma talablari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi (bundan buyon matnda Qo‘mita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar, shuningdek birinchi guruh moddiy boyliklarni mas’ul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
II bob. Yodlangan osh tuzini idishga joylash, tamg‘alash va transportda tashish
3. Yodlangan osh tuzining organoleptik ko‘rsatkichlari mazkur Yo‘riqnomaning 1-ilovasida keltirilgan jadvalda ko‘rsatilgan talablarga, fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasida keltirilgan jadvalda ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarga, yirikligi mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasida ko‘rsatilgan talablarga mos kelishi lozim.
4. Chakana savdo va umumiy ovqatlanish uchun yodlangan osh tuzi quyidagi iste’mol idishlariga solinadi:
1 dan 2000 grammgacha og‘irlikda — normativ hujjatlarga muvofiq polimer materiallardan tayyorlangan polimer qutilarga;
normativ hujjatlarga muvofiq polipropilen plyonkali qutilarga, yelimli idishlarga, karton yoki shisha bankalariga;
netto og‘irligi 50 kg gacha bo‘lgan yodlangan osh tuzi normativ hujjatlarga muvofiq polipropilenli va qog‘oz qoplarga.
Qoplar mustahkamligi belgilangan me’yorlardan past bo‘lmagan, solingan mahsulotning butligini ta’minlovchi materiallardan tayyorlanadi.
5. Pachka, paket, banka va boshqa idishlarga solingan yodlangan osh tuzi normativ hujjatlarga muvofiq gofrokarton qutilar, polietilen qoplar, qog‘oz qoplarga joylashtiriladi, yodni saqlashni ta’minlovchi pigment (havorang, sariq, nursiz va boshqalar) qo‘shiladi.
6. O‘rash materiallari mahsulotning va o‘ramning saqlash muddati tugagunga qadar butligini ta’minlashi lozim.
7. Har bir pachka yoki paket, qop, quti, guruhli o‘ramga mahsulotni tavsiflovchi quyidagi ma’lumotlar yoziladi:
ishlab chiqargan tashkilotning nomi;
tovar belgisi (agar bor bo‘lsa);
mahsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi;
netto og‘irligi;
ishlab chiqarilgan sanasi;
normativ hujjat nomi;
yaroqlilik muddati;
yodlash qo‘shimchasi nomi;
yod ulushi;
“O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuv — O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan mahsulot uchun;
“Made in Uzbekistan” degan yozuv — mahsulot eksportga chiqarilayotganda.
8. Yodlangan osh tuzi yuk tashish qoidalariga muvofiq barcha turdagi transport vositalarida tashiladi.
9. Yodlangan osh tuzini ifloslangan, hidli va zaharli yuklar izi mavjud bo‘lgan vagon, konteyner, avtotransportda tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yodlangan osh tuzini yuklashdan oldin vagon, konteynerlar poliga qog‘oz yoki toza qog‘oz bo‘laklari yoki boshqa material to‘shalishi kerak.
10. Avtomobil transportida tashilganda qoplar yog‘och tagliklar ustiga taxlanishi lozim. Tagliklar mavjud bo‘lmagan taqdirda mashina kuzoviga qog‘oz yoki boshqa material to‘shaladi, mahsulot esa brezent yoki polietilen plyonka bilan qoplanadi.
11. Transport tamg‘asiga “Namlikdan asrang!” degan ogohlantiruvchi belgi qo‘yiladi.
III bob. Yodlangan osh tuzini yetkazib berish va qabul qilish
12. Uzoq muddatli saqlashga sifati bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga javob beradigan barcha tur yanchishdagi birinchi navli yodlangan osh tuzi qabul qilinadi.
13. Yodlangan osh tuzini yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida, normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Yodlangan osh tuzi yuklangan vagonlar temir yo‘l tashkiloti vakili ishtirokida puxta ko‘zdan kechiriladi. Tashqi ko‘zdan kechirishda vagonlarning texnik sozligi, plombalar hamda ulardagi izning aniqligi o‘rganiladi.
14. Temir yo‘l tashkiloti vakilidan yodlangan osh tuzini qabul qilib olishda mahsulot yoki idishning buzilishi (shikastlanish, namlanish, ifloslanish), mahsulotning nomi, miqdori yoki o‘rinlari transport hujjatlarida belgilanganidan farq qilgan taqdirda qabul qilib oluvchi tashkilot tijorat dalolatnomasi tuzishni talab qiladi. Tijorat dalolatnomasida plombalar va undagi nazorat belgilari holati qayd etiladi.
15. Yodlangan osh tuzini qabul qilishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
yetkazib beruvchi ma’lumotlarini tekshirish (muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosasi);
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2017-yil 15-noyabrdagi 37-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2484-1, 06.12.2017-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2484-1/0379-son)
mahsulot partiyasini tashqi kuzatish;
yodlangan osh tuzining o‘rami va tamg‘aning normativ hujjatlarga muvofiqligini aniqlash;
namunalar olish;
organoleptik baholash (ta’mi, hidi, rangi);
namlik miqdorini aniqlash.
Sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun namunalar har bir vagondan (avtomobil transportidan) normativ hujjat talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Sifat jihatidan normativ hujjat talablariga muvofiq bo‘lmagan yodlangan osh tuzi saqlashga qabul qilinmaydi va alohida omborda vaqtincha saqlanishi mumkin.
17. Sifati bo‘yicha yaroqsiz deb topilgan yoki idishlari buzilgan yodlangan osh tuzi yetkazib beruvchiga (ishlab chiqaruvchiga) qaytarib yuboriladi. Bunday mahsulotni vaqtinchalik saqlash, berib yuborish bilan bog‘liq barcha xarajatlar shartnomaga muvofiq yetkazib beruvchi tomonidan qoplanadi.
18. Yetkazib beruvchi shartnomaga muvofiq uzoq muddat saqlashga yaroqsiz deb topilgan tuz mahsulotlarini sifatlisi bilan almashtirib berishi lozim.
IV bob. Omborlarga qo‘yiladigan talablar
19. Yodlangan osh tuzini saqlash uchun isitiladigan yoki isitilmaydigan, texnik soz, quruq, toza omborlardan foydalaniladi.
20. Omborxonalarni mahsulot bilan to‘ldirishdan oldin ularni ta’mirlash va mahsulotni qabul qilish va saqlashga tayyor qilish lozim. Bunda asosiy e’tibor tom, pol, isitish tizimlari, yoriq va tirqishlarni o‘z vaqtida yamash, shuningdek eshiklarni yaxshi yopilishga moslash, qo‘riqlash signalizatsiyasi uskunalari bilan jihozlash, yog‘och konstruksiyalarni olovga qarshi eritma bilan qayta ishlash va tuynuklarga temir panjaralar o‘rnatishga qaratish lozim.
Omborlarning mahsulotni qabul qilishga tayyorligi rahbar o‘rinbosari, bosh muhandis, laboratoriya mudiri, saqlash maydoni boshlig‘i va omborxona bo‘yicha yong‘in xavfsizligiga javobgar mas’ul shaxslardan iborat komissiya tomonidan tekshiriladi va tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
21. Omborlar quyidagilar bilan ta’minlanishi lozim:
texnologik xaritada nazarda tutilgan kerakli asbob-uskunalar (taxta, narvon, trap), yopish va taglik uchun materiallar;
saqlashning harorat-namligi darajasini nazorat qilish uskunalari (termometr, termograf, gigrograf, psixometrlar);
birlamchi o‘t o‘chirish vositalari, shuningdek avtomatik qo‘riqlash va o‘t o‘chirish signalizatsiyalari;
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish vositalari.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Elektr uskunalardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga muvofiq bajariladi.
Elektr chiroqlarida himoya qobig‘i (shishali qopqoq) bo‘lishi lozim.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2026-yil 25-iyundagi 9-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2484-2, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/2484-2/0761-son)
23. Omborlar atrofidagi hudud puxta rejalashtirilgan, tekislangan va qotirilgan bo‘lishi lozim. Tashqi suvlarni ombordan chetlatib o‘tish oqova ariqlar va kyuvetlar orqali amalga oshiriladi. Ko‘prikchalar, oqova ariqlar va kyuvetlar doimiy ravishda tozalab turiladi va doim suv oqishni ta’minlovchi holatda saqlanadi.
24. Yodlangan osh tuzi yong‘inga qarshi texnik jihatdan soz omborlarda saqlanadi.
25. Tashkilot hududida, yodlangan osh tuzi saqlanadigan omborlar yoki maydonchalarning yaqinida o‘tkir hidli moddalarning, shuningdek qurilish yoki tez alangalanuvchi suyuqlik qoldiqlarining bo‘lishi va saqlanishi qat’iyan man qilinadi.
26. O‘t o‘chirish vositalari doim soz va tayyor holda turishi lozim.
27. Yodlangan osh tuzini saqlash jarayonida uning quvvati va davomiyligidan qat’i nazar, har qanday alanga olish manbalaridan asrash lozim.
28. Yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish jarayonida yoritish uskunalari ishlarni bajarishning normal sharoitini ta’minlab berishi lozim.
29. Yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish jarayonida mazkur ishlarga aloqasi bo‘lmagan shaxslarning yuk ko‘taruvchi mexanizmlar, yuklash-tushirish ishlari amalga oshirilayotgan joylarda bo‘lishi taqiqlanadi. Barcha ishlar maxsus kiyim, himoya ko‘zoynagi va qo‘lqoplarda amalga oshiriladi.
V bob. Yodlangan osh tuzini saqlash tartibi va muddati
30. Yodlangan osh tuzini saqlashda omborlarda havo haroratining nisbiy namlik darajasi mahsulotning pastki qatorida 75 foizdan oshmasligi va harorat keskin o‘zgarmasligi lozim.
31. Harorat darajasining nazorati termometr, termograf orqali, nisbiy namlik esa psixometr va gigrometr vositalari yordamida o‘lchanadi.
32. Yodlangan osh tuzi solingan qoplar va qutilar sement yoki asfalt polli omborlarda taglik ustida joylashtirilishi lozim. Shtabellar sifat jihatidan bir xil bo‘lgan, bir xil idishga solingan mahsulotdan tashkil topishi kerak. Qoplar shtabelga joylashtirilganda og‘iz tomoni shtabel ichiga qaratib yotqizilishi kerak.
33. Har bir shtabelga shtabel yorlig‘i biriktiriladi va unda mahsulot turi, yetkazib beruvchining nomi, idish turi va toifasi, o‘rinlari soni, netto og‘irligi va ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash muddati, standart nomi ko‘rsatilgan bo‘ladi.
34. Mas’ul saqlovchi tashkilotlar yodlangan osh tuzining sifati va miqdor jihatdan bus-butun saqlanishi hamda uni shartnomaga muvofiq o‘z vaqtida yangilab turishga javobgardir.
35. Ishlab chiqaruvchi tashkilot shartnomaga muvofiq transportda tashish va saqlash shartlari bajarilganda, shartnomaga muvofiq yodlangan osh tuzi sifatining normativ hujjat talablariga muvofiqligiga javobgar hisoblanadi.
36. Yodat kaliy (KIO3) qo‘shilgan yodlangan osh tuzini saqlash muddati ishlab chiqarilgan sanadan bir yil, yodid kaliy (KI) qo‘shilgan yodlangan osh tuzini saqlash muddati ishlab chiqarilgan sanadan uch oy hisoblanadi. Saqlash muddati tugagan mahsulotlar qayta yodlashga yuboriladi.
VI bob. Yodlangan osh tuzini berib yuborish (yuklash va jo‘natish)
37. Yodlangan osh tuzini berib yuborish Qo‘mita tomonidan beriladigan naryadlar asosida birinchi navbatda saqlash sharoitidan kelib chiqqan holda oldinroq ishlab chiqarilgan mahsulot hisobidan amalga oshiriladi.
38. Yodlangan osh tuzi texnik soz, toza, quruq, yot hidlardan holi bo‘lgan transport vositalariga yuklanadi. Transport vositalarining yuklab yuborishga tayyorligi laboratoriya xodimi, moddiy javobgar shaxslar va muhandis-texnik xodimlardan iborat bo‘lgan komissiya tomonidan belgilanadi. Temir yo‘l yuk xatida vagonni mahsulot ortishga tayyorlash bo‘yicha qilingan ishlar qayd qilinadi.
39. Transport vositalariga yodlangan osh tuzi yuklangandan so‘ng shtabeldagi qoldiq tekshiriladi, shtabel yorlig‘i va yuklash hujjatlarining ma’lumotlari solishtiriladi. Shtabel yorlig‘ida yuklab yuborilgan mahsulot miqdori ko‘rsatiladi va qoldiq hisoblanadi.
VII bob. Yakuniy qoida
40. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 21-iyun
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 21-iyun
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2013-yil 21-iyun
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i A. ABDUVALIYEV
2013-yil 21-iyun
Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yodlangan osh tuzining organoleptik ko‘rsatkichlari
| Ko‘rsatkich nomi |
Tuz navlari uchun tavsif | |
| ekstra va oliy | birinchi va ikkinchi | |
| Tashqi ko‘rinishi | sochiluvchan kristall mahsulot. Tuz kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lmagan mexanik aralashmalarni bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. | |
|
Ta’mi |
Begona ta’msiz, sho‘r | |
| Rangi | oq |
Tuz kavlab olingan joyga qarab |
|
Hidi |
Yodni kuchsiz hidi bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. | |
Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yodlangan osh tuzining fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari
| Ko‘rsatkich nomi | Navlar uchun quruq moddaga qayta hisoblaganda me’yor | |||
| ekstra | oliy | birinchi | ikkinchi | |
| Natriy xloridni massaviy ulushi, foizda, kam emas | 99,50 | 98,20 | 97,50 | 97,00 |
| Kalsiy ionini massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,02 | 0,35 | 0,55 | 0,70 |
| Magniy ionini massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,01 | 0,08 | 0,10 | 0,25 |
| Sulfat ionini massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,20 | 0,85 | 1,20 | 1,50 |
| Kaliy ionini massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,022 | 0,102 | 0,202 | 0,402 |
| Temir (II) oksidni massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,005 | 0,040 | 0,040 | 0,040 |
| Natriy sulfatni massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas | 0,20 | Tartiblashtirilmaydi | ||
| Suvda erimaydigan qoldiqni massaviy ulushi, foizda, ko‘p emas |
0,03 | 0,25 | 0,45 | 0,85 |
| rN aralashma | 6,5-8,0 | Tartiblashtirilmaydi | ||
| Yodning umumiy ulushi, g/tn | 40±15 | |||
Birinchi guruhga yodlangan osh tuzi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
3-ILOVA
3-ILOVA
Yodlangan osh tuzining yirikligi
|
Yirikligi |
Me’yor |
| Ekstra navi 0,8 mm gacha, foizda, kam emas 0,8 dan 1,2 mm gacha, foizda, ko‘p emas |
75,0 25,0 |
| Oliy va birinchi nav 0-maydalik 0,8 mm gacha, foizda, kam emas 1,2 mm dan katta, foizda, ko‘p emas |
70,0 10,0 |
| Oliy, birinchi va ikkinchi nav 1-maydalik 1,2 mm gacha, foizda, kam emas 2,5 mm dan katta, foizda, ko‘p emas 2-maydalik 2,5 mm gacha, foizda, kam emas 4,0 mm dan katta, foizda, ko‘p emas 3-maydalik 4,0 mm gacha, foizda, kam emas 4,0 mm dan katta, foizda, ko‘p emas |
85,0 3,0 90,0 5,0 85,0 15,0 |
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 30-son, 398-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2017-y., 10/17/2484-1/0379-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 20.07.2026-y., 10/26/2484-2/0761-son)