Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ularning bojxona organlarining oʻzaro koʻmaklashishi boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
bojxona qonunlarining buzilishi ular mamlakatlarining iqtisodiy, moliyaviy va tijorat manfaatlariga ziyon keltirishini hisobga olib,
bojxona bojlari, soliq va boshqa toʻlovlarning aniq belgilanishini taʼminlash muhim ekanligini tushunib,
bojxona qonunlarini qoʻllash va ularga rioya qilish sohalarida xalqaro hamkorlik zarurligini tan olib,
bojxona qonunlari buzilishini bartaraf etishga qaratilgan harakatlar ushbu bojxona organlarining yaqin hamkorligi natijasida yanada samaraliroq boʻlishiga ishonib,
1953-yil 5-dekabrdagi Oʻzaro maʼmuriy koʻmaklashish boʻyicha Bojxona hamkorligi kengashi (Butunjahon bojxona tashkiloti) tavsiyalarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. "Bojxona qonunlari" atamasi tovarlarni import, eksport, tranzit qilish va barcha bojxona protseduralarini amalda qoʻllash, jumladan ta'qiqlash, cheklash va nazorat qilishga nisbatan Tomonlarning bojxona organlari amal qiladigan qonunlar, qonun kuchidagi va boshqa normativ hujjatlarni anglatadi.
2. "Bojxona huquqlarini buzish" atamasi har qanday qoidabuzarlik yoki bojxona qonunlarini buzishga urinishni anglatadi.
3. "Bojxona bojlari va soliqlari" atamasi bojxona bojlari va koʻrsatilgan xizmatlarning taxminiy qiymatiga qadar cheklangan yigʻimlardan tashqari, tovarlarni import yoki eksport qilishda yoxud ular munosabati bilan undiriladigan boshqa barcha boj, soliq va yigʻimlarni anglatadi.
4. "Bojxona organi" atamasi Oʻzbekiston Respublikasi uchun Davlat bojxona qoʻmitasini, Turkiya Jumhuriyati uchun Bosh vazir huzuridagi Bojxona kichik kotibiyatini anglatadi.
2-modda
Bitim qoʻllaniladigan soha
Bitim qoʻllaniladigan soha
1. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmaklashishlar, ikkala Tomonning milliy qonunlariga muvofiq bojxona organlarining vakolatlari va mavjud mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
2. Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq bojxona qoidalari buzilishining oldini olish, tekshirish va ularga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar va bir-birlariga koʻmaklashadilar.
3-modda
Koʻmaklashish sohasi
Koʻmaklashish sohasi
1. Bir Tomon bojxona organining soʻroviga binoan boshqa Tomonning bojxona organi bojxona qonunlariga rioya qilishni taʼminlashda yordam berishi mumkin boʻlgan barcha mavjud axborotni taqdim etadi, shu jumladan:
a) bojxona bojlari va soliqlarining toʻgʻri hisoblanishini taʼminlashda;
b) bojxona maqsadlari uchun tovarlar qiymatini aniq belgilashda;
s) tovarlarning tarif klassifikatsiyasini va tayyorlangan joyini aniqlashda.
2. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmaklashish quyidagilarga tegishli boʻlgan axborotni oʻz ichiga oladi, lekin u bilan cheklanib qolmaydi:
a) bojxona huquqini buzishning oldini olishda foyda keltirishi mumkin boʻlgan huquqni muhofaza qilish harakatlari, xususan bojxona huquqini buzishga qarshi kurashning maxsus usullari;
b) bojxona qoidalarini buzishni sodir etishning yangi usullari;
s) yangi texnika vositalari va bojxona huquqini buzishlarga qarshi yangi usullarni muvaffaqiyatli qoʻllash natijasida toʻplangan tajriba va yutuqlar;
d) texnika hamda yoʻlovchi va yuklarni rasmiylashtirishning yangi usullari.
4-modda
Nazoratni amalga oshirishdagi koʻmaklashish
Nazoratni amalga oshirishdagi koʻmaklashish
1. Bir Tomon bojxona organining soʻroviga binoan boshqa Tomonning bojxona organi shu bojxona organiga quyidagi masalalarga oid maʼlumotlarni beradi:
a) soʻrayotgan Tomon bojxona organiga bojxona yuk bayonnomasi bilan birga taqdim etilgan rasmiy hujjatlarning asliga toʻgʻriligi;
b) boshqa Tomon hududidan soʻrayotgan Tomon hududiga olib kirilgan tovar qonuniy eksportga tegishliligi;
s) soʻrayotgan Tomon hududidan soʻralayotgan Tomon hududiga olib chiqilgan tovar qonuniy importga tegishliligi.
2. Bunday maʼlumotda tovarlarni toʻliq bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun foydalanilgan bojxona protseduralari koʻrsatilishi lozim.
5-modda
Maʼlumotning maxfiyligi
Maʼlumotning maxfiyligi
1. Ushbu Bitim doirasidagi yuboriladigan yoki olinadigan har qanday maʼlumot, hujjat yoki boshqa xabarlarga maxfiylik rejimi beriladi hamda ulardan faqat ushbu Bitimda koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish mumkin. Ularga qabul qilayotgan mamlakatda uning hududida olingan bu turdagi maʼlumot, hujjat va xabarlarga nisbatan qoʻllanadigan himoya va rasmiy maxfiylik vositalari beriladi.
2. Bunday maʼlumot va hujjatlarni faqat surishtiruv, maʼmuriy va sudlov ishlarini olib borishda ishlatish mumkin.
3. Soʻrayotgan Tomon ushbu Bitim doirasida olingan ashyoviy dalillar yoki maʼlumotdan soʻrovda koʻrsatilgandan tashqari maqsadlarda soʻralayotgan Tomon bilan oldindan kelishmay turib foydalanmaydi.
6-modda
Koʻmaklashishni rad etish
Koʻmaklashishni rad etish
1. Agar soʻralayotgan Tomon yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni bajarish suverenitetga, xavfsizlikka va boshqa muhim milliy manfaatlarga yoki uning milliy qonunlariga zid keladi deb hisoblasa, koʻmaklashishni rad etishi yoki bunday yordamni muayyan sharoit yoxud talablarga rioya qilingan taqdirda koʻrsatishi mumkin.
2. Agar koʻmaklashish haqidagi soʻrov rad qilingan boʻlsa, soʻrayotgan bojxona organiga kechiktirmasdan qabul qilingan qaror va rad javobining sabablari haqida yozma ravishda xabar beriladi.
3. Soʻralayotgan bojxona organi tomonidan olib borilayotgan tergov, jazolash ishlariga yoki sud jarayoniga toʻsqinlik qilmaslik maqsadida koʻmaklashish keyinga qoldirilishi mumkin. Bunday hollarda soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomon bilan bunday koʻmaklashish soʻralayotgan Tomon maʼlum shartlar qoʻyganida koʻrsatilishi mumkinligini aniqlash uchun maslahatlashish oʻtkazadi.
4. Agar soʻrayotgan Tomon bojxona organining oʻzi soʻralayotgan Tomon bojxona organidan shunga oʻxshash soʻrov olgani taqdirda yordam koʻrsata olmasa, u oʻz soʻrovida ushbu holga eʼtiborni qaratmogʻi lozim. Bunday soʻrovni qondirish soʻralayotgan Tomon bojxona organi ixtiyoriga havola etiladi.
7-modda
Soʻrovlarni etkazish
Soʻrovlarni etkazish
1. Koʻmaklashish haqidagi soʻrovlarning shakli va mazmuni:
a) soʻrovlar ushbu Bitimga muvofiq yozma ravishda yuboriladi. Bunday soʻrovlarni ijro etish uchun kerak boʻlgan hujjatlar ilova qilinadi. Zarurat yuzasidan, zudlik bilan harakat qilish lozim boʻlgan hollarda, ogʻzaki soʻrov qabul qilinishi mumkin, biroq u qisqa muddatda yozma ravishda tasdiqlanadi;
b) soʻrovlar yozma ravishda ingliz tilida boʻlishi kerak. Bunday soʻrovlarga ilova qilingan barcha hujjatlar zarur hollarda ingliz tiliga tarjima qilinadi;
s) ushbu moddaning birinchi bandida koʻzda tutilgan soʻrovlar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
(1) soʻrov yuborayotgan organ;
(2) harakat tasnifi;
(3) soʻrov mavzusi va sababi;
(4) koʻrilayotgan ishga jalb qilingan tomonlarning nomlari va manzilgohlari, agar maʼlum boʻlsa;
(5) koʻrilayotgan ishning qisqa tavsifi va unga daxldor huquqiy normalar; va
(6) soʻralayotgan yordam bilan unga nisbatan soʻralayotgan ish oʻrtasidagi aloqa.
2. Aloqa yoʻllari:
a) Koʻmaklashish tegishli bojxona organlari oʻrtasidagi bevosita aloqa yordamida amalga oshiriladi.
b) Soʻralayotgan Tomonning bojxona organi soʻrovni bajara oladigan tashkilot boʻlmasa, u tegishli maslahatlashishlardan soʻng soʻrovni amaldagi qonunlarga muvofiq oʻz vakolati doirasida bajara oladigan tashkilotga zudlik bilan etkazadi yoki soʻrayotgan Tomonga bunday soʻrovni ijro etish uchun zarur boʻlgan tegishli protsedura haqida maʼlumot beradi.
3. Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitim maqsadlarini koʻzlab bunday aloqani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan xodimlarni tayinlaydilar va ushbu xodimlarning ismi, lavozimlari, telefon va faks raqamlari roʻyxati bilan almashadilar. Ular oʻz tergov boʻlinmalari oʻrtasida bevosita aloqa oʻrnatishlari mumkin.
8-modda
Soʻrovlarning bajarilishi
Soʻrovlarning bajarilishi
1. Soʻralayotgan bojxona organi milliy qonunlarga muvofiq, soʻrovni maqbul muddatlarda ijro etish yuzasidan oqilona chora-tadbirlar koʻradi.
2. Istalgan Tomonning bojxona organi boshqa Tomon bojxona organining soʻroviga binoan har qanday kerakli soʻrovlarni bajaradi, jumladan zarur hollarda guvoh va ekspertlar yoki bojxona huquqini buzishni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazadi.
9-modda
Ishlar, hujjatlar va guvohlar/ekspertlar
Ishlar, hujjatlar va guvohlar/ekspertlar
1. Tomonlarning bojxona organlari soʻrov boʻyicha tovarlarni tashishga oid hamda ularning qiymati, miqdori, ishlangan va yuborilayotgan joyini koʻrsatuvchi hujjatlarni taqdim etadilar.
2. Nusxalar etarli boʻlmagan holdagina ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalari soʻraladi. Maxsus soʻrov boʻyicha bunday ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning nusxalari tegishlicha tasdiqlanadi.
3. Yuborilgan ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalari eng qisqa vaqt ichida qaytarilishi lozim. Soʻrov boʻyicha sudga taqdim qilish uchun yoki shunga oʻxshash maqsadlar uchun zarur boʻlgan asl nusxalar zudlik bilan qaytarib beriladi.
4. Bir Tomon bojxona organining soʻroviga binoan boshqa Tomonning bojxona organi oʻz ixtiyoricha, xodimlarning roziligi bilan ularga boshqa Tomon hududida maʼmuriy yoki jinoiy ishlarni olib borishda guvoh va/yoki ekspert sifatida qatnashishga ruxsat beradi hamda ularni ijro qilish muhim ahamiyatga ega deb qaraladigan ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalarini taqdim etadi. Bunday soʻrovda sudlov ishlarini yurgizish vaqti, joyi va turi, shuningdek xodimlarning kim sifatida qatnashishlari koʻrsatiladi.
10-modda
Sarf-xarajatlar
Sarf-xarajatlar
1. Tomonlar, ushbu Bitim shartlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash haqidagi barcha talablardan voz kechadilar, guvohlarni yoʻllash, davlat xizmatchilari boʻlmagan ekspert va tarjimonlarga beriladigan toʻlov bundan mustasno.
2. Agar soʻrovni bajarish katta xarajatlar bilan bogʻliq boʻlsa, Tomonlar ushbu soʻrovni ijro etish shartlarini belgilab olish, shuningdek xarajatlarning qay yoʻsinda qoplanishi toʻgʻrisida maslahatlashadilar.
11-modda
Koʻmaklashishning alohida holatlari
Koʻmaklashishning alohida holatlari
Milliy qonunlarga muvofiq:
1. Bir Tomon bojxona organi boshqa Tomon bojxona organining soʻroviga binoan oʻz imkoniyatlari doirasida quyidagi maxsus kuzatuvlarni amalga oshiradi:
a) soʻrayotgan Tomon hududida bojxona huquqini buzishni sodir etish uchun foydalanishda gumon qilinayotgan transport vositalarini;
b) soʻrayotgan Tomon mamlakatiga joʻnatilayotgan, u noqonuniy savdo predmeti deb aniqlagan tovarlarni;
s) huquqni buzishni sodir etishda maʼlum boʻlgan yoki gumon qilinayotgan muayyan shaxslarni.
2. Tomonlarning bojxona organlari boshqa Tomon hududida huquqni buzishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan faoliyat haqidagi barcha mavjud maʼlumotlarni bir-birlariga taqdim etadilar. Boshqa Tomonning iqtisodiyotiga, insonlar salomatligiga, jamiyat xavfsizligiga va hayotiy muhim manfaatlariga sezilarli ziyon etkazilishi ayon boʻlgan hollarda bunday maʼlumot soʻrovsiz yuboriladi.
12-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Tomonlar ularning bojxona organlari:
a) ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni hal qilish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatadilar;
b) maslahatlashishlar oʻtkazilgach, ushbu Bitimni ijro etish uchun har qanday maʼmuriy koʻrsatmalar ishlab chiqishlari mumkin deb ahdlashib oldilar.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarganliklari haqidagi oxirgi bildirish xati diplomatik yoʻllar orqali olingan sanadan boshlab 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzaro yozma ravishdagi kelishuvlariga muvofiq oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
3. Ushbu Bitim noaniq davr mobaynida oʻz kuchini saqlaydi. U Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik yoʻllari orqali ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilgan sanadan uch oy oʻtgach amal qilishini toʻxtatadi.
Ushbu Bitim amal qilishi toʻxtatilgan vaqtgacha tugallanmagan ishlar uning qoidalariga muvofiq oxiriga etkaziladi.
Anqara shahrida 1997-yil 18-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)