Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi dasturini samarali amalga oshirishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013-yil Dasturi toʻgʻrisida” 2013-yil 4-yanvardagi PQ-1902-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini moliyalashtirishni tartibga solish va sifatli qurilish materiallari bilan uzluksiz taʼminlash, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni samarali boshqarishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzsanoatmashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish Dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 14-yanvardagi PQ-1687-son qarorini bajarish yuzasidan “Oʻzsanoatmashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi tomonidan 12254 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar va 123808 kub metr yogʻoch-taxta materiallarini (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlarini) yetkazib berishga xorijiy yetkazib beruvchilar bilan kontraktlar tuzilganligi;
xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan 2012-yil 30-dekabrdagi holatiga koʻra respublikaga amalda 3828 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar va 33860 kub metr yogʻoch-taxta materiallari yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzsanoatmashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda 2012-yilda nazarda tutilgan 89948 kub metr yogʻoch-taxta materiallari (daraxtlarning ignabargli turlari) va 8426 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar 2013-yil 1-sentabrgacha qoʻshimcha ravishda yetkazib berilishini taʼminlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, qoʻshimcha ravishda yetkazib berilgan tomga yopiladigan metall tunukalarning bir qismidan quyidagi maqsadlarda:
1245 tonna – 2012-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturi doirasida yakka tartibdagi uy-joylarni toʻliq butlash uchun;
7181 tonna – 2013-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturini taʼminlash uchun foydalaniladi, keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013-yil Dasturi toʻgʻrisida” 2013-yil 4-yanvardagi PQ-1902-son qarorida nazarda tutilgan tomga yopiladigan metall tunukalar yetkazib berish hajmi saqlab qolinadi.
4. Quyidagilarning:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va tijorat banklari — “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki (keyingi oʻrinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb ataladi)ning:
Osiyo taraqqiyot bankining 20,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarzining birinchi transhi mablagʻlarining bir qismini 2013-yilda “tayyor holda topshirish” shartlarida qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini moliyalashtirish uchun “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankiga ajratish;
tijorat banklarining imtiyozli ipoteka kreditlarini, Osiyo taraqqiyot bankining 100 mln AQSH dollari miqdoridagi qarzining ikkinchi transhi mablagʻlarining bir qismini va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maqsadli kredit liniyasini jalb etgan holda 2013-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” nazarda tutilgan yakka tartibdagi uy-joylar sonini ishtirok etuvchi tijorat banklari oʻrtasida 1 va 1a-ilovalarga* muvofiq taqsimlash;
*1 va 1a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
b) Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki va uning aksiyadorlarining “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shuʼba injiniring kompaniyasini masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasiga (keyingi oʻrinlarda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi deb ataladi) aylantirish, keyinchalik “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankining ulushlarini nominal qiymati boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq sotish-sotib olishni hisobga olgan holda ustav fondini shakllantirish;
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
v) “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankining:
qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ulushlarni boshqarish boʻyicha masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida kompaniya (keyingi oʻrinlarda – Boshqaruvchi kompaniya deb ataladi) tashkil etish;
3-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ustav fondlaridagi ulushlarni keyinchalik shartnoma boʻyicha Boshqaruvchi kompaniyaga ishonchli boshqaruvga berish;
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
ishonchli boshqaruv toʻgʻrisidagi shartnomaga Boshqaruvchi kompaniya tomonidan ulushlar samarali boshqarilishini taʼminlash hamda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni toʻliq quvvat bilan ishlashga oʻtkazishga va qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar quruvchi pudrat tashkilotlarini sifatli pishiq gʻisht bilan uzluksiz taʼminlashga yoʻnaltirilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati natijadorligi ustidan nazorat qilish shartlarini kiritish;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2012-yil Dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 14-yanvardagi PQ-1687-son qarorining 8-bandida berilgan bojxona toʻlovlari toʻlash boʻyicha imtiyozlarni 2014-yil 1-yanvargacha, istisno tariqasida, qoʻllagan holda tomga yopiladigan metall tunukalarning 2012-yilda yetkazib berilmagan hajmini chetdan olib kelish;
Oldingi tahrirga qarang.
d) “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining kompaniya huzurida mablagʻlari pudrat tashkilotlari tomonidan pudrat shartnomasi shartlari bajarilmasligi oqibatlarini bartaraf etishga, qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini tashkil etish jarayonida koʻzda tutilmagan xarajatlarni qoplashga (zararlarni kompensatsiya qilishga) hamda pudrat tashkilotlari tomonidan toʻliq qurilmagan va sifatsiz qurilgan yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini uzluksiz moliyalashtirishni taʼminlashga yoʻnaltiriladigan zaxira fondi tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
(4-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-iyuldagi 189-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 28-son, 369-modda)
5. Belgilab qoʻyilsinki, bank hisob raqamlaridagi boʻsh mablagʻlar boʻyicha bank depozitlari hisobiga olingan daromadlar, tugallangan obyektlarda bajarilgan ishlar hajmini asosli tarzda nazorat tartibida oʻlchash natijalari boʻyicha aniqlangan tegishli summalar, markazlashtirilgan tartibda import qilingan berilgan qurilish materiallari narxlari bilan pudrat shartnomalarida koʻrsatilgan narxlar oʻrtasida boʻlishi mumkin boʻlgan tafovutdan yuzaga kelgan tejalgan mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi huzuridagi zaxira fondini shakllantirish manbalari hisoblanadi.
“Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, shuningdek ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda zaxira fondi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
6. “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki belgilangan tartibda:
Boshqaruvchi kompaniyaning ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
zarur moddiy-texnika bazasi tashkil etilishini nazarda tutgan holda Boshqaruvchi kompaniyaning ustav kapitali shakllantirilishini, shuningdek uning malakali mutaxassislar bilan butlanishini taʼminlasin.
7. “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining 3-ilovaga muvofiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ustav fondidagi ulushini nominal qiymati boʻyicha, uzoq muddatli kreditlar summasini va hisoblangan foizlarni hamda bank tomonidan qoʻyilgan boshqa moliyaviy mablagʻlarni belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirsin va oʻz balansiga oʻtkazsin.
8. “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga 2013-yil Dasturi boʻyicha qishloq joylardagi yakka tartibdagi uy-joylar obyektlari uchun markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladigan 4-ilovaga* muvofiq asosiy qurilish materiallari va asbob-uskunalarni, keyinchalik ularning qiymatini bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob qilishda ushlab qolgan holda, bosh pudrat tashkilotlariga berishga ruxsat berilsin.
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda buyurtmachilarning xom ashyosidan tayyorlangan qaytarib beriladigan materiallardan foydalangan holda obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash tartibi va mexanizmini belgilab beruvchi nizomni tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankini, uning buyurtmanomalariga koʻra, tegishli hajmlarda yogʻoch-taxta materiallari va tomga yopiladigan metall tunukalar sotib olish uchun 2013-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturini qoʻshimcha moliyalashtirish uchun 2013-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida aylanma mablagʻlar bilan taʼminlasin.
10. “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki boʻlishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash uchun tashkil etiladigan zaxirani shakllantirmasdan yogʻoch-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari) va tomga yopiladigan metall tunukalarni import qilish uchun 2012-yilda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga ajratilgan kreditni qaytarish muddatini 6 oyga uzaytirsin.
11. Belgilansinki:
2013-yilda “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki yogʻoch-taxta materiallari (daraxtlarning ignabargli turlari)ni, yogʻoch-qirindi plitalarni import boʻyicha, shuningdek 4-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tanlov asosida sotib olinadigan va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan qishloq joylardagi yakka tartibdagi uy-joy obyektlari uchun pudratchilarga markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladigan asosiy qurilish materiallari va asbob-uskunalarni xarid qilishni birinchi navbatda moliyalashtiradi;
“Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki kreditidan foydalanganlik uchun foizlar “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladigan materiallar va asbob-uskunalarni tashish, saqlash va berish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlari, shuningdek yogʻoch-taxta materiallari, yogʻoch-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalar 2012-2013-yillarda qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturlarida qatnashuvchi pudrat tashkilotlariga berilgan taqdirda, ularni import qilish boʻyicha xarajatlar bilan birgalikda joriy xarajatlar tarkibiga kiritiladi.
12. “Oʻzsanoatmashimpeks” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasiga 2013-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yogʻoch-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari), yogʻoch-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalarni import qilishga kontraktlarni, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-martdagi 143-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Tender komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovda tanlab olish natijalari boʻyicha tender savdolari oʻtkazmasdan tuzishga ruxsat berilsin.
Tender komissiyasi (A.S.Kamalov) ikki hafta muddatda eng yaxshi takliflarni tanlovda tanlab olish asosida yogʻoch-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari), yogʻoch-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalarni yetkazib beruvchilarni aniqlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Vazirliklar va idoralar ikki hafta muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 1-may,
116-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-maydagi 116-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-maydagi 148-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi xat boshi qoʻshilsin:
“Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013-yil Dasturi toʻgʻrisida” 2013-yil 4-yanvardagi PQ-1902-son qaroriga muvofiq 2013-yilda tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishiga ipoteka krediti ajratishda ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankiga (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) ham tatbiq etiladi”;
b) 31-bandning “v” kichik bandiga quyidagi mazmundagi jumla qoʻshilsin:
“Bunda sugʻurta shartnomasida har yili toʻlanadigan sugʻurta mukofoti toʻlash nazarda tutilishi mumkin”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 9-10-son, 68-modda) bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Ushbu Nizom “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi, shuningdek “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) ishtirokida ajratilgan yer massivlarida tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha kompleks yakka tartibdagi uy-joy qurilishini tashkil etish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Agar qishloq joylarda yakka tartibda uy-joylar qurilishi uchun jalb etilgan xorijiy kreditlar va grantlar berilishi shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilganidan boshqa qoidalar belgilangan boʻlsa, u holda xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi”;
b) 29-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-fevraldagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibining IX bobida nazarda tutilgan tartibda oʻtkazilgan qurilishi tugallanmagan obyekt boʻyicha tanlov savdolari gʻolibi bilan tuzilgan shartnomani moliyalashtirish uchun maqsadli mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda injiniring kompaniyasi oʻz mablagʻlari hisobiga, oʻz mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda esa – alohida shartnoma asosida bankning mablagʻlarini jalb etish hisobiga moliyalashtirishga haqlidir”;
v) 30-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Uy-joy qurishni moliyalashtirish injiniring kompaniyasining 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus moliyalashtirish depozit hisob raqamidan pudratchining 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus moliyalashtirish depozit hisob raqamiga oʻtkaziladigan injiniring kompaniyasining avansi (obyekt qiymatining kamida 15 foizi) hisobiga amalga oshiriladi, bunda bajarilgan ishlar hajmining 95 foizgachasi berilgan avans mutanosib ravishda ushlab qolingan holda har oyda joriy moliyalashtiriladi hamda obyekt qiymatining 5 foiz miqdoridagi qolgan qismi injiniring kompaniyasining filiali tomonidan tasdiqlangan taqdirda kafolat muddati tamom boʻlgandan keyin toʻlanadi”;
g) 32-bandga quyidagi mazmundagi xat boshi qoʻshilsin:
“Pudratchining 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus moliyalashtirish depozit hisob raqamiga tushgan mablagʻlardan uy-joylar qurish uchun maqsadli foydalaniladi. Bunda koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar ssudalar boʻyicha qarzdorlikni qaytarishga, qurilish materiallari va asbob-uskunalar sotib olishga, tegishli shartnomalar asosida bajariladigan qurilish ishlari va xizmatlariga haq toʻlashga, qurilishda qatnashayotgan ishchilar mehnatiga haq toʻlashga (soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisobga olgan holda) yoʻnaltiriladi”;
d) quyidagi mazmundagi 321-band qoʻshilsin:
“321. Pudratchining 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus moliyalashtirish depozit hisob raqami boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish, shuningdek ushbu hisob raqamidagi pul mablagʻlarini qurilgan uy-joylar foydalanish uchun qabul qilib olingungacha undirishga qaratishga va xatlashga yoʻl qoʻyilmaydi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 18-son, 235-modda; 2014-y., 30-son, 373-modda)