O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON QURILISh MATERIALLARI IShLAB ChIQARISh DAVLAT KONSERNI “O‘ZQURILIShMATERIALLARI”NI “O‘ZQURILIShMATERIALLARI” AKSIYADORLIK KOMPANIYASIGA O‘ZGARTISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-dekabrdagi PF-4866-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qurilish materiallari ishlab chiqarishda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, korxonalarni ilg‘or texnologiya negizida texnikaviy qayta qurollantirishni nihoyasiga yetkazish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishning o‘sishini rag‘batlantirish, tarmoq korxonalarini barqarorlashtirish va moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va “O‘zqurilishmateriallari” davlat konsernining “O‘zqurilishmateriallari” davlat konsernini “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi:
tarmoqning davlat korxonalari negizida tashkil qilingan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining davlatga tegishli ulushini uning ustav jamg‘armasiga o‘tkazish yo‘li bilan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklida ta’sis etiladi;
O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarish: davlat konserni (“O‘zqurilishmateriallari”)ning huquqiy vorisi hisoblanadi va uning barcha majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
3. Quyidagilar “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
tarmoqda bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, kompaniya tarkibiga kirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarishda qatnashish, korxonalarning moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish hamda mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yagona ilmiy-texnikaviy va investitsiya siyosatini o‘tkazish, mahalliy xomashyo resurslaridan foydalangan holda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyasini joriy etish, respublika korxonalari va aholisining yangi turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talab-ehtiyojini qondirish;
tarmoqni texnika bilan qayta jihozlash uchun investitsiyalarni keng ko‘lamda jalb etish, yetakchi xorijiy firmalar bilan birga g‘oyat xilma-xil turdagi yuqori sifatli qurilish materiallari tayyorlanadigan qo‘shma korxonalar va ishlab chiqarishlarni tashkil qilish;
ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini olib borish, eksportga mo‘ljallangan qurilish mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
5. “O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarish davlat konserni — “O‘zqurilishmateriallari”ni tashkil qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 21-noyabrdagi Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-may,
PF-1787-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 168-modda)