Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON DAVLAT QURILISh MATERIALLARI IShLAB ChIQARISh DAVLAT KONSERNI - “OʻZQURILIShMATERIALLARI”NI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 29-maydagi PF-1787-son “Oʻzbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarish davlat konserni “Oʻzqurilishmateriallari”ni “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga oʻzgartish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Respublika xalq xoʻjaligi va aholisining qurilish materiallari va buyumlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashni yaxshilash, tarmoq birlashmalari va korxonalarining, taʼmirlash-qurilish tashkilotlari va boshqa tashkilotlarining xoʻjalik mustaqilligini kengaytirish, binokorlik materiallari sanoatining bozor munosabatlariga oʻtishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Binokorlik materiallari sanoati vazirligi tugatilsin.
Tarmoq birlashmalari, korxonalari, taʼmirlash-qurilish, ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlari, boshqa korxonalar mehnat jamoalarining Oʻzbekiston davlat qurilish materiallari ishlab chiqarish (“Oʻzqurilishmateriallari”) konserni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni:
davlat, ijara, jamoa hamda mulkchilikning boshqa shakllariga asoslangan sanoat birlashmalari va korxonalarini, taʼmirlash-qurilish, transport tashkilotlari va boshqa tashkilotlarni va birlashtiruvchi yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasidir;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va konsernning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomi asosida amalga oshiradi;
oʻz tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
3. Quyidagilar “Oʻzqurilishmateriallari” Oʻzbekiston davlat konserni faoliyatining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlarini himoya qilish, davlat idoralarida va boshqa idoralarda ularning manfaatlarini ifodalash;
qurilish materiallari bozoridagi vaziyatni oʻrganish, ishlab chiqariladigan mahsulot va koʻrsatiladigan xizmatlar tarkibini takomillashtirish, korxonalarni oqilona ixtisoslashtirish va ularni kooperatsiyalash;
tarmoqni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini, tarmoq ilmiy-texnika dasturlarini ishlab chiqish, investitsiyalar sohasida yagona strategiyani roʻyobga chiqarish;
korxonalarda xoʻjalik yuritishning yangi shakllari va usullarini joriy etishga doir tadbirlarni amalga oshirish, xorijiy sheriklar bilan oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirish;
yagona ilmiy-texnika siyosatini oʻtkazish, texnika, texnologiya va materiallarning yangi ilgʻor turlarini ishlab chiqish va joriy etishga ishlab chiqarish imkoniyatini jamlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida Oʻzbekiston davlat qurilish materiallari ishlab chiqarish (“Oʻzqurilishmateriallari”) konserni faoliyatini tashkil etish masalalariga oid qarorni qabul qilsin, tuzilishi va Nizomini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-noyabr,
PF-501-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 60-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 168-modda)