Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Elektron xaridlar tizimini maqbullashtirish va ulardan tadbirkorlik subyektlarining foydalanishini kengaytirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Eng avvalo elektron shakldagi korporativ xaridlar tizimiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularni amalga oshirishda raqobatni rivojlantirish va oshkoralikni taʼminlash, tabiiy monopoliyalar subyektlarining tovarlari hamda xizmatlari narxlarini maqbullashtirish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2013-yilning 1 mayidan boshlab:
ustav jamgʻarmasida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, davlat unitar korxonalari va xoʻjalik jamiyatlari ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bir shartnoma boʻyicha ekvivalenti 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha boʻlgan miqdorda Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkil qilinadigan alohida savdo maydonchasida elektron savdolar vositasida xarid qiladilar;
Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan oʻtkaziladigan elektron savdolarda davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar xarid qiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati maxsus Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini aniqlash sanasidan kamida 15 kalendar kunidan avval boʻlajak xaridlar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek shartnoma (kontrakt)lar tuzilgan kundan boshlab uch kun ichida buyurtmalarni joylashtirish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portalida va “Birja” gazetasida joylashtiradi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi maxsus axborot portalida buyurtmalarni joylashtirish toʻgʻrisidagi axborotdan, shuningdek birja va birjadan tashqari bozorlarda yuqori likvidli tovarlar turlarining sotilishi natijalari boʻyicha narx-navolar toʻgʻrisida yigʻilgan axborotdan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi.
2. Davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning elektron xaridlari boʻyicha maxsus Hukumat komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
1-ilova berilmaydi.
Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
elektron xaridlar jarayoniga xalqaro normalar va standartlarni joriy etishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida oʻtkaziladigan elektron savdolarda davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) guruhi roʻyxatini belgilash;
elektron xaridlar jarayoniga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yanada faol va keng koʻlamda jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
elektron xaridlarni amalga oshirishda oshkoralikni taʼminlash yuzasidan doimiy monitoringni olib borish, raqobatni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va mazkur sohada qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi zimmasiga Hukumat komissiyasining ishchi organi vazifasi yuklatilsin.
3. Davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliyalar subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning elektron xaridlari boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda 2013-yilning 1 mayigacha:
“on-layn” rejimida elektron korporativ xaridlarni amalga oshirish uchun alohida savdo maydonchasi toʻla-toʻkis faoliyat yuritishini taʼminlasin;
davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlari eʼtiboriga, tashkil etilgan savdo maydonchasidagi elektron savdolarda ishtirok etish qoidalarini, jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali, maʼlumot uchun yetkazsin.
5. Davlat ulushi ustuvor boʻlgan tabiiy monopoliya subyektlari, korxonalar va tashkilotlarning ijro etuvchi organlari rahbarlari zimmasiga elektron xaridlarni amalga oshirishda oshkoralikni taʼminlash hamda ushbu qaror talablarini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2013-yilning 1 mayigacha:
Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida elektron savdolarni tashkil qilish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 5-aprel,
PQ-1948-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 5-apreldagi PQ-1948-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritiladigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish toʻgʻrisida” 2011-yil 7-fevraldagi PQ-1475-sonli qarorida:
a) 2-bandining oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“markazlashtirilgan manbalar hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirayotgan barcha tashkilotlar maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat)lar yetkazib beruvchini aniqlash yoki tender (tender savdolari) oʻtkazish sanasidan kamida 30 kun avval boʻlajak xaridlar toʻgʻrisidagi eʼlonlarni, shuningdek shartnoma (kontrakt)lar tuzilgan kundan boshlab uch kun ichida buyurtmalarni joylashtirish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni berishlari shart, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
b) 5-bandining toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining davlat xaridlari boʻyicha birja savdosi qatnashchilaridan undiriladigan komission yigʻim miqdori har ikki tarafdan bitim summasining 0,05 foizidan oshmasligi lozim, yetkazib beruvchilarning zakalat miqdori esa Davlat xaridlari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi”;
v) 2-ilovaning 6-bandi:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“yetkazib beruvchilarning zakalat miqdorini belgilash”;
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tuzilmasini yanada takomillashtirish va boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 3-dekabrdagi PQ-1871-sonli qarori 3-ilovasining VII boʻlimidan 9-satri chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tovar-xomashyo birjalari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 31 maydagi 251-sonli qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., №5, 50-modda) 9-bandi tiklanib, quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuv kengashiga mustaqil ravishda birjaning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash va xodimlar sonini belgilash huquqi berilsin”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 199-modda)