Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida “Sogʻliqni saqlashning boshlangʻich boʻgʻinida aholiga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirishga va tez tibbiy yordam mashinalarini jihozlashga koʻmaklashish” loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisida
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqat” dasturi boʻyicha Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga berilgan grantdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Taraqqiyot uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida grant mablagʻlarning foydalanilmagan qismini qayta taqsimlash hisobiga Sogʻliqni saqlashning boshlangʻich boʻgʻinida aholiga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirishga va tez tibbiy yordam mashinalarini jihozlashga koʻmaklashish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda Loyiha deb ataladi) ilovaga* muvofiq moliyalashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
*ilova berilmaydi.
Grant mablagʻlarning foydalanilmagan qismi hisobiga Loyihani moliyalashtirish masalasi AQSHning Qishloq xoʻjaligi departamenti tomonidan maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sogʻliqni saqlashning boshlangʻich boʻgʻini muassasalari faoliyatini boshqarish va monitoringining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, shuningdek Sirdaryo viloyatida va Toshkent shahrida tez tibbiy yordam mashinalarini qoʻshimcha tibbiy asbob-uskunalar va aloqa vositalari bilan jihozlash hisobiga aholiga dastlabki tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish sifatini oshirish Loyihaning asosiy yoʻnalishi etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida tushgan mablagʻlarni jamlash uchun ochilgan maxsus hisob raqamidan Loyihaning oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin;
grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanish monitoringini amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Loyihani moliyalashtirishning yil va yil choraklari boʻyicha jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqsin;
mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini va Loyihaning amalga oshirilishi toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-aprel,
96-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 14-son, 182-modda)