Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HARBIY SUDINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, baʼzilarini esa oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻtkazilayotgan islohotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki va qorovul qoʻshinlari Bosh boshqarmalari hamda Mudofaa vazirligining harbiy okruglari tashkil qilinganligi munosabati bilan, harbiy sudning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samaradorligini yuksaltirish, Qurolli Kuchlarda, harbiy idoralarda va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tashkil etilayotgan boshqa harbiy tuzilmalarda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy sudi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi organlarining asosiy vazifalari deb hisoblansin:
davlat manfaatlarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita, Ichki ishlar vazirligi ichki va qorovul qoʻshinlari Bosh boshqarmalari, MXX, FVV hamda vazirliklar va idoralar harbiy boʻlinmalari harbiy xizmatchilarining qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish;
odil sudlovni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq qoʻshinlarda qonunchilik va huquq-tartibotni taʼminlash;
harbiy xizmatchilarni huquqiy tarbiyalash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Harbiy sudi uchun belgilangan umumiy xodimlar soni va mehnat haqi fondi Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi uchun saqlab qolinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining tashkiliy-shtat tuzilmasi 1—5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar keltirilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi (U. Mingboyev) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (S. Mirsafoyev) bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
amaldagi qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini tayyorlab, Oliy Majlisning koʻrib chiqishi uchun taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (H. Tursunov) Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi va uning tarkibiy boʻlinmalarini zarur moliyaviy, moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlab, shaxsiy tarkibning harbiy xizmatchilarga tegishli huquqiy mavqeini hamda pul va boshqa taʼminotning barcha turlarini saqlab qolsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Nosirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 23-sentabr,
PF-2421-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 246-modda)