LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Millatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga ko‘maklashish hamda xalqaro turizm bozoriga uzviy qo‘shilish, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatida targ‘ib qilish, shuningdek sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini jahon andozalari darajasiga yetkazish maqsadida:
1. 2005-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish Dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi, 1, 2-ilovalarga* muvofiq ma’qullansin.
2. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, sayyohlik tashkilotlari chetdan keltiriladigan texnologiya va mehmonxona uskunalari, sayyohlik maqsadlariga mo‘ljallangan transport vositalari uchun bojxona poshlinalari to‘lashdan 3 yil muddatga ozod qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 27-iyundagi 3099-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 6-7-son, 115-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 30-iyundagi 2332-son Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 6-son, 156-modda)
5. “Umid” jamg‘armasi har yili talabalarni sayyohlik industriyasi mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi xorijiy mamlakatlarga ta’lim olish uchun yuborishni ko‘zda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi va “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiyadagi elchixonalarida madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozim birliklarini joriy etsinlar.
Maslahatchilar lavozimi ta’minotining 50 foizi “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. Sultonov zimmasiga yuklansin.