Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona integratsiyalashgan axborot tizimini yanada yangilash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-721-son va “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 21-martdagi PQ-1730-son qarorlarini bajarishni davom ettirish chora-tadbirlarini koʻrish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini yanada takomillashtirish hamda budjet daromadlarini toʻliq qamrab olinishini, budjetning rejalashtirish va nazorat qilish boʻyicha funksiyalarni qamrab olinishini kengaytirishni oʻz ichiga oluvchi gʻazna operatsiyalarining uzluksiz amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) doirasida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimi tashkil etilganligi va faoliyat koʻrsatayotganligi;
loyiha doirasida oʻtkazilgan tender savdolari natijalari boʻyicha Osiyo taraqqiyot banki qarz mablagʻlaridan 5,8 mln. AQSH dollari oʻzlashtirilganligi;
loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini yanada takomillashtirish hamda budjet daromadlarini toʻliq qamrab olinishini, budjetning rejalashtirish va nazorat qilish boʻyicha funksiyalarni qamrab olinishini kengaytirishni oʻz ichiga oluvchi gʻazna operatsiyalarining uzluksiz amalga oshirilishini taʼminlash talab etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimi uchun dasturiy taʼminot va server asbob-uskunalarini sotib olish uchun 2013-2014-yillarda respublika budjetidan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimi uchun dasturiy taʼminot va server asbob-uskunalarini sotib olish uchun 2013-yil 1-oktabrgacha oʻrnatilgan tartibda tender savdolari oʻtkazsin.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazi” DUKga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yagona integratsiyalashgan axborot tizimi uchun dasturiy taʼminot sotib olingunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan va uning hisobidan tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan “Gʻaznachilik” dasturiy majmuini mualliflik kuzatuvi va funksional kengaytirish yuzasidan uning yaratuvchisi bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek “Gʻaznachilik” dasturiy majmuini kuzatib borish boʻyicha oldingi koʻrsatgan xizmatlari uchun haq toʻlashga ruxsat berilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-martdagi 171-f-son farmoyishining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilansinki, “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazi” DUK tomonidan koʻrsatiladigan ishlar va xizmatlar uchun xarajatlar toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida ushbu maqsadlar uchun har yili nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi va bunda ishlar va xizmatlar hajmi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilishi kerak”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 14-fevral,
41-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 7-son, 88-modda)