O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koreya Respublikasi bilan investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Koreya Respublikasi bilan investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish hamda Bir davlat fuqarolarining boshqa davlat hududidagi vaqtinchalik mehnat faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2011-yil 23-avgustda Toshkent shahrida imzolangan bitimni samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
ko‘rsatib o‘tilgan Bitimning 3-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan Koreya Respublikasi fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma Bitim 5-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan vizani uzaytirishning tegishli muddatlariga, biroq uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi;
Koreya Respublikasi fuqarolarini ko‘rsatib o‘tilgan Bitimning 3-moddasida nazarda tutilgan shaxslar toifalaridan biriga tegishli deb hisoblash O‘zbekiston Respublikasining ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlari tomonidan berilgan ish beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan Koreya Respublikasi fuqarolari uchun viza uzaytirilganligi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganlik uchun davlat boji stavkalarini Koreya Respublikasida xuddi shunday xatti-harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan undiriladigan bojlar miqdoriga muvofiq tenglik asosida o‘zgartirishga ruxsat berilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 28-noyabr,
331-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 51-son, 576-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)