Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Niderlandiya Qirolligi Hukumati OʻRTASIDA
Bitim
BOJXONA IShLARIDA OʻZARO MAʼMURIY KOʻMAKLAShUV TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Niderlandiya Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona bojlari hamda eksport yoki import chogʻida olinadigan boshqa soliqlarni aniq belgilash, taqiqlash, cheklashlar va nazorat boʻyicha chora-tadbirlarni toʻgʻri qoʻllash muhimligini tushunib;
bojxonaga oid qonun hujjatlarini buzish jamiyatning iqtisodiy, fiskal, ijtimoiy, madaniy va tijorat manfaatlariga zarar keltirishini eʼtiborga olib;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, xavfli tovarlar, yoʻqolib ketish oldida turgan hayvon va oʻsimliklar hamda zaharli chiqindilarni chegara orqali olib oʻtish jamiyat uchun xavf tugʻdirishini hisobga olib;
oʻzlarining bojxonaga oid qonun hujjatlarini qoʻllash va ularga rioya etishga taalluqli ishlarda xalqaro hamkorlik zarurligini tan olib;
bojxona qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan harakatlar oʻz bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida aniq huquqiy qoidalarga asoslangan qalin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan taqdirda yanada samaraliroq boʻlishiga ishonch hosil qilib;
Bojxona hamkorligi kengashining tegishli hujjatlarini, jumladan Oʻzaro maʼmuriy yordam toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi tavsiyanomani eʼtiborga olib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I BOʻLIM
Atamalar
1-modda
1-modda
Ushbu Bitimda:
1. “Bojxona maʼmuriyati” atamasi — Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga nisbatan — Davlat bojxona qoʻmitasini; Niderlandiya Qirolligi Hukumatiga nisbatan bojxonaga oid qonun hujjatlari qoʻllanishiga javobgar boʻlgan Markaziy maʼmuriyatni bildiradi;
2. “Bojxona qonunlari” atamasi — tovarlarni import va eksport qilish, qayta yuklash, tranzit olib oʻtish, saqlash hamda chiqarish munosabati bilan bojxona maʼmuriyatlari tomonidan qoʻllanadigan va/yoki rioya etiladigan qonun hujjatlarini, shu jumladan taqiqlar, cheklashlar va nazorat qilishga taalluqli huquqiy hamda maʼmuriy qoidalarni bildiradi;
3. “Bojxona qonunlarini buzish” atamasi — Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining bojxonaga oid qonun hujjatlarini har qanday buzishini, shuningdek bunday qonun buzishga boʻlgan har qanday urinishini bildiradi;
4. “Bojxona toʻlovlari” atamasi — ushbu Bitim qoʻllanadigan bojlar va soliqlarning har qanday miqdorini, shuningdek ushbu bojlar va soliqlarga daxldor boʻlgan hamda Ahdlashuvchi Tomonlarning biridan olinishi mumkin boʻlmagan qoʻshimcha undiriladigan yigʻimlar, muddati oʻtgan toʻlovlar, foizlar va xarajatlarning oshirilgan summasini bildiradi;
5. “Shaxs” atamasi — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni bildiradi;
6. “Shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar” atamasi — aniqlangan yoki aniqlanayotgan jismoniy shaxsga taalluqli har qanday maʼlumotni bildiradi;
7. “Axborot” atamasi — har qanday maʼlumotlar, hujjatlar, hisobotlar, ularning tasdiqlangan yoki asliga toʻgʻri boʻlgan nusxalari yoki har qanday shakldagi boshqa axborotlar, shu jumladan elektron pochtani bildiradi;
8. “Soʻrovchi maʼmuriyat” atamasi — koʻmak soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatini bildiradi;
9. “Soʻralayotgan maʼmuriyat” atamasi — koʻmak soʻralayotgan bojxona maʼmuriyatini bildiradi.
II BOʻLIM
Bitim sohasi
2-modda
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz bojxona maʼmuriyatlari orqali ushbu Bitimda bayon etilgan shartlarga muvofiq bojxonaga oid qonun hujjatlarini zarur darajada qoʻllash hamda bojxona qoidalarini buzishlarning oldini olish, bunday buzishlarni surishtirish va ularga qarshi kurash olib borish maqsadida bir-birlariga maʼmuriy jihatdan koʻmaklashadilar;
2. Ushbu Bitim doirasidagi barcha koʻmaklashuvlar har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan ularning qonun hujjatlariga muvofiq, shuningdek ularning bojxona maʼmuriyatlari vakolatlari va mavjud mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi;
3. Ushbu Bitim Niderlandiya Qirolligining Evropa Ittifoqi qonun hujjatlari doirasidagi majburiyatlariga, uning Evropa Ittifoqiga aʼzo mamlakat sifatidagi hozirgi va kelgusidagi majburiyatlariga hamda bunday majburiyatlarni qoʻllashni nazarda tutuvchi har qanday boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek uning Evropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar bilan tuzgan xalqaro bitimlaridan kelib chiquvchi hozirgi va kelgusidagi majburiyatlariga zarar yetkazmaydigan tarzda tuzilgan.
4. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maʼmuriy koʻmaklashuvni amalga oshirish uchungina moʻljallangandir.
5. Ushbu Bitim jinoyat ishlarida oʻzaro koʻmaklashuvni tartibga soluvchi qoidalarga zarar yetkazmaydigan tarzda tuzilgan. Agar oʻzaro koʻmaklashuv Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida amal qiluvchi boshqa Bitimga muvofiq amalga oshirilsa, soʻralayotgan maʼmuriyat bu qaysi organlarga taalluqli ekanligini koʻrsatadi.
III BOʻLIM
Koʻmaklashuv sohasi
3-modda
3-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari bojxonaga oid qonun hujjatlariga zarur darajada rioya etilishi hamda bojxona qoidalarini buzishlarning oldini olish, surishtirish va ularga qarshi kurash olib borish, shuningdek bojxona toʻlovlari bajarilishini taʼminlashga yordam beradigan axborotlarni soʻrovlarga javoban yoki oʻz tashabbuslariga koʻra bir-birlariga taqdim etadilar.
2. Har bir bojxona maʼmuriyati boshqa bojxona maʼmuriyati nomidan soʻrovlarni amalga oshirish paytida soʻrovlar uning nomidan yoki uning davlatidagi boshqa maʼmuriyatlarning iltimosiga binoan amalga oshirilayotganidagi kabi harakat qiladi.
4-modda.
1. Soʻrovga binoan soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati bojxonaga oid qonun hujjatlarini va Ahdlashuvchi Tomonning davlatida qoʻllanadigan tartibotlar hamda bojxonaga doir huquqbuzarliklarga oid soʻrovlarga taalluqli barcha axborotlarni taqdim etadi.
2. Har bir bojxona maʼmuriyati oʻz tashabbusiga koʻra oshigʻich ravishda quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni yetkazadi:
a) bojxonaga doir huquqbuzarliklarga qarshi kurash olib borishning samaradorligi tasdiqlangan yangi metodlari;
b) bojxonaga doir huquqbuzarliklarni amalga oshirishning yangi tamoyillari, vositalari va metodlari.
5-modda
Bojxona maʼmuriyatlari bojxona ishlari sohasida bir-biriga quyidagi sohalarda texnikaviy koʻmaklashishlari mumkin:
a) har ikkala bojxona maʼmuriyatlari tomonidan foydalaniladigan texnik vositalar bilan tanishish uchun bojxona xodimlarining tashriflarini uyushtirish;
b) bojxona xodimlarini oʻqitish va ularga maxsus koʻnikmalarni takomillashtirishda yordam berish;
c) nazoratning texnikaviy vositalaridan foydalanishda axborot va tajriba almashish;
d) bojxona masalalari boʻyicha ekspertlar tashriflarini uyushtirish;
e) bojxonaga oid qonunlar va protseduralar boʻyicha kasbiy, ilmiy va texnik axborotlar almashish.
IV BOʻLIM
Koʻmak beriladigan alohida holatlar
6-modda
6-modda
Soʻrovga binoan soʻralayotgan maʼmuriyat, soʻrovchi maʼmuriyatga jumladan quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi:
a) soʻrovchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga olib kirilgan tovar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidan qonuniy eksport qilinganligi;
b) soʻrovchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidan olib chiqilgan tovar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga qonuniy import qilinganligi, shuningdek tovarlar oʻtkazilgan bojxona rejimi toʻgʻrisida.
7-modda
1. Soʻrovga binoan soʻraluvchi maʼmuriyat quyidagilar yuzasidan alohida kuzatuvni amalga oshiradi:
a) bojxona huquqbuzarligini amalga oshirganligi yoki shunday buzishda gumon qilinayotganligi, shuningdek soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududi boʻylab harakatlanishi soʻrovchi maʼmuriyatga maʼlum boʻlgan shaxslar ustidan;
b) soʻrovchi Ahdlashuvchi Tomonning davlati oʻz hududida gʻayriqonuniy yurgizilayapti deb gumon qilgan tashilayotgan yoki saqlanayotgan tovarlar ustidan;
c) soʻrovchi maʼmuriyat tomonidan soʻrovchi Ahdlashuvchi Tomonning davlati hududida bojxona huquqbuzarligini amalga oshirishda foydalanilayotganligi gumon qilinayotgan transport vositalari ustidan.
2. Bojxona maʼmuriyatlari qonunlarga muvofiq, oʻzaro ahdlashuv va kelishuvga koʻra noqonuniy tovar aylanuviga toʻsiq qoʻyish maqsadida tegishli davlatlarning hududi orqali noqonuniy tovar aylanuviga jalb etilgan tovarlarni oʻz nazorati ostida import, eksport qilish yoki tranzit tarzida olib oʻtishni hal qilishlari mumkin.
8-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga binoan yoki oʻz tashabbuslari bilan bir-birlariga bojxona huquqbuzarligiga olib kelgan yoki olib keladigan amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan bitishuvlarga doir axborotni taqdim etadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iqtisodiyotiga, jamoatchiligi sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki boshqa muhim hayotiy manfaatlariga katta zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati oʻz tashabbusiga koʻra imkoni boricha zudlik bilan bu haqda axborot taqdim etadi.
9-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari Ahdlashuvchi Tomon davlatining bojxona toʻlovlarini undirishga doir qonun hujjatlariga muvofiq bojxona toʻlovlarini undirish maqsadida bir-biriga koʻmaklashadilar.
2. Bojxona maʼmuriyatlariga oʻzaro ahdlashuvga koʻra ushbu Bitimning 19-moddasiga muvofiq ushbu moddani qoʻllashga taalluqli qoidalarni ishlab chiqadilar. Bu qoidalarga muddatlar va shartlar kiritilishi mumkin, ularga soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati tomonidan qonun hujjatlarining qoʻllanishi, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilganidek, shu maʼmuriyat ixtiyorida qoladi.
V BOʻLIM
Axborot
10-modda
10-modda
1. Agar tasdiqlangan yoki asliga muvofiq nusxa yetarli hujjat deb hisoblanmasa, hujjatlarning asl nusxalari talab qilib olinishi mumkin va ular imkoni boricha qisqa muddatda qaytarilishi kerak, unga daxldor boʻlgan soʻralayotgan maʼmuriyatning yoki uchinchi tomonlarning huquqlari buzilmaydi.
2. Ushbu Bitim doirasida almashinadigan har qanday axborotga uni sharhlaydigan va undan foydalanishga doir barcha tegishli axborotlar qoʻshib beriladi.
VI BOʻLIM
Ekspertlar va guvohlar
11-modda
11-modda
1. Soʻrovga binoan bojxona maʼmuriyatlari oʻz milliy qonun hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida bojxonaga oid huquqbuzarliklarga taalluqli jinoiy yoki maʼmuriy ishlar olib borilayotgan paytda oʻz xodimlarini guvoh va/yoki ekspert sifatida qatnashish uchun vakil qilib yuborishlari mumkin.
2. Soʻrovda ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq, xodim qaysi ish boʻyicha va kim sifatida ishtirok etishi koʻrsatiladi.
VII BOʻLIM
Soʻrovni berish
12-modda
12-modda
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatiga bevosita yuboriladi, yozma ravishda rasmiylashtiriladi va unga boshqa zarur hujjatlar qoʻshib joʻnatiladi. Vaziyat taqozo qilsa, soʻrovlar ogʻzaki shaklda rasmiylashtirilishi mumkin. Bunday soʻrovlar qisqa muddatda yozma ravishda tasdiqlanadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan soʻrovnoma quyidagi axborotlardan iborat boʻladi:
a) soʻrovnomani yuboruvchi organ;
b) soʻrovning predmeti va sababi;
c) ishning qisqacha tavsifi, huquqiy jihatlari va ish yuritish jarayonining xususiyati;
d) agar maʼlum boʻlsa, ishga jalb etilgan tomonlarning nomlari va manzillari.
3. Bojxona maʼmuriyatlaridan istalgan birining muayyan protseduralarga rioya etish toʻgʻrisidagi talabi soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunlariga muvofiq qanoatlantiriladi.
4. Ushbu Bitimda nazarda tutilgan axborotlar har bir bojxona maʼmuriyati tomonidan shu maqsadlarda tayinlangan mansabdor shaxslargagina beriladi. Tayinlangan mansabdor shaxslarning roʻyxati boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatiga ushbu Bitimning 19-moddasida nazarda tutilgan tadbirlar doirasida beriladi.
VIII BOʻLIM
Soʻrovlarni bajarish
13-modda
13-modda
Soʻralayotgan maʼmuriyat soʻralayotgan axborotlarga ega boʻlmasa, u bunday axborotlarni olish maqsadida milliy qonunlarga muvofiq soʻrovlar oʻtkazadi. Bunday soʻrovlar bojxonaga oid qonun hujjatlarining buzilishi holati boʻyicha axborot talab etiladigan shaxslarni, guvohlar va ekspertlarni soʻroq qilishdan iborat boʻladi.
14-modda
1. Soʻrovnomaga binoan soʻrovchi maʼmuriyat tomonidan tayinlangan mansabdor shaxslar soʻralayotgan maʼmuriyatning ruxsati bilan va bu maʼmuriyat ilgari surishi mumkin boʻlgan shartlarga rioya qilgan holda yoki bojxonaga doir huquqbuzarliklarni surishtirish maqsadida quyidagilarni amalga oshirishlari mumkin:
a) soʻralayotgan maʼmuriyatning ofislarida hujjatlar, yozuvlar va ushbu qonunbuzarlikka taalluqli boʻlgan axborotlarni topish uchun boshqa tegishli maʼlumotlarni taqqoslash;
b) ushbu qonunbuzarlikka daxldor boʻlgan hujjatlar, yozuvlar va boshqa axborotlardan nusxalar koʻchirish;
c) soʻralayotgan maʼmuriyat tomonidan soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida oʻtkazilayotgan va soʻrovchi maʼmuriyatga daxldor boʻlgan soʻrovda qatnashish.
2. Soʻrovchi maʼmuriyatning rasmiy shaxslari ushbu Bitimning 11-moddasida yoki ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida boʻladilar, ular har qanday vaqtda oʻz rasmiy vakolatlarining dalillarini taqdim etishlari lozim.
3. U yerda boʻlganda ham ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, uning bojxona mansabdor shaxslari foydalanadigan himoyadan foydalanadilar va amalga oshirishlari mumkin boʻlgan har qanday qoidabuzarlik uchun javobgardirlar.
IX BOʻLIM
Axborotning maxfiyligi
15-modda
15-modda
1. Ushbu Bitim doirasida olingan har qanday axborot bojxona maʼmuriyatlari tomonidan faqatgina ushbu Bitim maqsadlari uchun foydalaniladi, bunday axborotni taqdim etgan bojxona maʼmuriyati undan boshqa maqsadlarda yoki boshqa organlar tomonidan foydalanilishiga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Bunday foydalanish chogʻida axborotni taqdim etgan bojxona maʼmuriyati belgilashi mumkin boʻlgan barcha cheklashlarga rioya qilinishi lozim. Taqdim etgan bojxona maʼmuriyatining milliy qonunlarida koʻrsatilgan boʻlsa, har qanday shunday axborotdan jinoyat ishini tergov qilishda foydalanilishi mumkin, buning uchun axborotni bergan Ahdlashuvchi Tomonning jamoat ayblovchisi yoki yuridik organlarining roziligi olinishi lozim.
2. Ushbu Bitim doirasida olingan har qanday axborot, Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarolariga daxldor milliy qonun hujjatlariga muvofiq, qaysi shaxslarga nisbatan soʻralayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning millati, fuqaroligi yoki doimiy yashash joyidan qatʼi nazar, olingan shunday axborot taʼminlanadigan muhofaza va maxfiylik bilan taʼminlanadi.
16-modda
1. Ushbu Bitim doirasida almashinadigan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bunday axborotni taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomon foydalanadigan muhofaza darajasiga teng tarzda muhofaza qilinadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaga daxldor barcha qonun hujjatlari hamda ularning mamlakatida shaxslar toʻgʻrisida muhofazaga aloqador shaxslar toʻgʻrisida barcha maʼlumotlarni bir-birlariga taqdim etadilar.
3. Shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ayirboshlash Ahdlashuvchi Tomonlar muhofaza darajasi har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarda bir xil boʻlishi toʻgʻrisida ahdlashuvga erishganlaridan soʻng oʻtkaziladi.
X BOʻLIM
Istisnolar
17-modda
17-modda
1. Soʻralayotgan maʼmuriyat, agar koʻmak jamoat tartibiga yoki soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning boshqa muhim manfaatlariga zarar yetkazadigan boʻlsa, yoxud sanoat, tijorat yoki kasb sirlarining buzilishiga olib kelsa, ushbu Bitimda nazarda tutilgan koʻmakni berishga majbur emas.
2. Soʻrovchi bojxona maʼmuriyati oʻzi ijro eta olmaydigan koʻmakni soʻrab soʻrov yuborsa, unda bu soʻrovning ijrosi soʻralayotgan maʼmuriyat ixtiyorida qoladi va u soʻrovchi maʼmuriyatni bu haqda xabardor qiladi.
3. Koʻmaklashish soʻralayotgan maʼmuriyat tomonidan bunday koʻmak oʻtkazilayotgan tergovni amalga oshirishga, jazolashga yoki ishni olib borishga xalaqit beradi degan asosga koʻra kechiktirilishi mumkin. Bunday holda soʻralayotgan maʼmuriyat shunday koʻmakning soʻralayotgan maʼmuriyat qoʻygan shartlarda berilishi mumkinmi yoki yoʻqmi ekanligini aniqlash uchun soʻrovchi maʼmuriyat bilan maslahatlashib oladi.
4. Koʻmak berish rad etilsa yoki u kechiktirilsa, rad etish yoki kechiktirishning sababi koʻrsatiladi.
XI BOʻLIM
Xarajatlar
18-modda
18-modda
1. Bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim qoidalarini bajarishga aloqador xarajatlarni qoplash boʻyicha barcha talablarni rad etadilar, bunga ekspertlar va guvohlarga toʻlanadigan xarajatlar, shuningdek davlat xizmatchisi boʻlmagan ogʻzaki tarjimonlar uchun soʻrovchi maʼmuriyat toʻlaydigan xarajatlar kirmaydi.
2. Agar soʻrovning ijro etilishi katta yoki favqulodda xarajatlarni talab etadigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar soʻrov bajariladigan shartlarni aniqlash uchun, shuningdek xarajatlar qay tarzda qoplanishi toʻgʻrisida maslahatlashadilar.
XII BOʻLIM
Bitimni ijro etish
19-modda
19-modda
Bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitimni ijro etishga koʻmaklashish maqsadida ushbu Bitim doirasida bundan keyingi mufassal chora-tadbirlar yuzasidan qaror qabul qiladilar.
XIII BOʻLIM
Bitimni qoʻllash
20-modda
20-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan ushbu Bitim uning hududida qoʻllanadi.
2. Niderlandiya Qirolligiga nisbatan ushbu Bitim uning Evropadagi hududida qoʻllanadi. Bitimning mazkur koʻrinishda yoki zarur oʻzgarishlar bilan qoʻllanishi Niderlandiya Antilasi yoki Arubasida tatbiq etilishi mumkin. Ushbu Bitim amal qilishining bunday tatbiq etilishi diplomatik kanallar boʻyicha almashinadigan notalarda nazarda tutilishi va kelishib olinishi mumkin boʻlgan sanadan boshlab hamda bunday oʻzgarishlar va shartlarga, shu jumladan amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi shartlarga rioya qilingan holda kuchga kiradi.
XIV BOʻLIM
Yakuniy qoidalar
21-modda
21-modda
Ushbu Bitim qoidalarini sharhlash va qoʻllashga taalluqli, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan barcha nizolar maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal qilinadi.
22-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlarida nazarda tutilgan zarur davlat ichki protseduralari bajarilgani toʻgʻrisida oxirgi xabarnoma olingan sanadan 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim muddatsiz hisoblanadi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomondan u ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyatida ekanligi toʻgʻrisida xabarnoma olgan kundan boshlab olti oy oʻtguncha amal qiladi. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan paytga qadar tugatilmagan ishlar Bitim qoidalariga muvofiq nihoyasiga yetkaziladi.
UShBUNI TASDIQLAB, lozim tarzda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Gaaga shahrida 2000-yil 11-fevralda ikki nusxada oʻzbek, holland va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitim qoidalarini talqin qilishda ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)