OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN QUVAYT DAVLATI HUKUMATI OʻRTASIDA
ANGLAShUV MEMORANDUMI
NEFT VA GAZ SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Quvayt Davlati Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Teng huquqli, barqaror va uzoq muddatli asosda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro qiziqishga asoslanib;
Quvayt Davlati bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirish va yanada mustahkamlash niyatini bildirib;
Ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud aloqalarga tayanib;
Va ikki mamlakat oʻrtasida neft va gaz sohasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishni istagan holda;
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Anglashuv memorandumi Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq, neft va gaz sanoatiga hissa qoʻshish, qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro investitsiyalarni kiritish uchun ikki doʻstona mamlakat oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan.
2-modda
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik tomonlarning qonunchiligiga muvofiq quyidagi yoʻnalishlarda olib boriladi:
Tomonlarning mutasaddi tashkilotlari tomonidan tayyorlangan iqtisodiy-texnikaviy tadqiqotlar natijalari asosida neft va gaz zaxiralarini qidirish, qazib olish, tozalash va qayta ishlash sohalarida qoʻshma loyihalarni tuzish maqsadida hamkorlik istiqbollarini oʻrganish;
Neft-kimyo sanoatida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlarini tadqiq etish;
Ikki mamlakat oʻrtasida neft va gaz zaxiralarini burgʻulash, qazib olish, tozalash va qayta ishlash sohasida oʻzaro tajriba, mutaxassislar va maʼlumotlar almashish.
3-modda
Tomonlar, tuzilishi ikki mamlakat mutasaddi tashkilotlari bilan kelishib olinishi lozim boʻlgan, davlatlarda mavjud boʻlgan oʻquv markazlarida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish orqali neft va gaz sohasidagi texnik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha hamda Tomonlarning neft va gaz sanoati inshootlariga va institutlariga ikki mamlakat texnik xodimlarining almashinuv tashriflarini tashkil qilish boʻyicha koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar neft sanoati sohasi boʻyicha xalqaro tashkilotlar yigʻilishlarida ikki mamlakat delegatsiyalarining qarashlarini muvofiqlashtiradilar.
5-modda
Tomonlar, ularning neft va gaz hamda neft-kimyo sanoati sohalaridagi xususiy sektor va kompaniyalar oʻrtasida tegishli shartnomalarni tuzish orqali, ikki mamlakatning xususiy sektorlari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga kelishdilar.
6-modda
Mazkur Anglashuv memorandumi qoidalarini amalga oshirish maqsadidagi aniq va muddatli dasturlarni tuzish uchun Tomonlar oʻrtasida Qoʻshma texnik qoʻmita tashkil etiladi va ushbu qoʻmita yigʻilishlarini Tomonlarning kelishuviga muvofiq, navbatma-navbat Tomonlar davlatlarining poytaxtlarida oʻtkazadi.
7-modda
Ushbu Anglashuv memorandumi Tomonlar ishtirok etayotgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Mazkur Anglashuv memorandumini talqin qilish va amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
9-modda
1. Mazkur Anglashuv memorandumi Tomonlardan birining boshqa Tomonni ushbu Anglashuv memorandumining kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
2. Tomonlarning kelishuviga koʻra, ushbu Anglashuv memorandumiga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilishi mumkin va mazkur oʻzgartish hamda qoʻshimchalar ushbu moddaning 1-bandida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
3. Mazkur Anglashuv memorandumi besh yil muddatga tuziladi va uning amal qilish muddati agar Tomonlardan biri uning amal qilish muddatini toʻxtatish niyati haqida ushbu Anglashuv memorandumining navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy avval yozma ravishda xabardor qilmasa, ushbu Anglashuv memorandumi keyingi shunday muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Uning tasdigʻi sifatida quyida imzo chekuvchilar, oʻzlarining hukumatlari tomonidan buning uchun tegishlicha vakolat olganlar, ushbu Anglashuv memorandumini imzoladilar.
Toshkent shahrida 2008-yil 21-iyulda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Anglashuv memorandumi qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)