OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN OʻMON SULTONLIGI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Oʻmon Sultonligi Hukumati, bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” va har biri “Ahdlashuvchi Tomon” deb yuritiladi,
Oʻzaro manfaatlari uchun va bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarini koʻpaytirishga qulay sharoitlar yaratib berish uchun ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash istagida,
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish, ikki davlat oʻrtasida ularning iqtisodiy rivojlanishiga, amaliy tashabbuslarni ragʻbatlantirishga, sarmoya va texnologiyalarni yetkazib berishga imkon yaratishini eʼtirof etib,
quyidagilar xususida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun, agar kontekst boshqani talab qilmasa, quyidagi soʻzlar har bir soʻzdan keyin kelgan tushunchalarni anglatadi:
1. Investitsiyalar: oʻz hududida investitsiyalarni qabul qilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga muvofiq investitsiyalar shaklida amalga oshirilgan aktivlarning xar qanday turi va u, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi, lekin mustasno qilmaydi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk, yoki ipoteka, ushlab turish huquqi va garov kabi har qanday boshqa mulkiy huquqlar;
b) aksiyalar, paylar, qimmatli qogʻozlar va kompaniyalarda ishtirok etishning har qanday boshqa shakllari;
v) pul mablagʻlariga egalik qilish va investitsiya bilan bogʻliq iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan shartnomalarning qonuniy tartibda bajarilishini talab qilish huquqlari;
g) intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, xususan mualliflik huquqlari, sanoat mulki huquqlari, patentlar, sanoat dizaynlari, modellar, savdo markalari va savdo nomlari, savdo sirlari, texnologik jarayonlar, “nou-xau” va “gudvill”;
d) qonunchilik yoki shartnomada belgilangan konsessiyalar va litsenziyalar, shu jumladan tadqiqot, qazib olish, tabiiy resurslardan foydalanish yoki qayta ishlash bilan bogʻliq konsessiyalar.
Aktivlarning investitsiya va qayta investitsiya qilinadigan shaklidagi har qanday oʻzgarish, agar bu oʻzgartirishlar hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq kelmaydigan boʻlmasa, ularning investitsiya sifatidagi xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi.
2. Daromadlar: investitsiya yoki qayta investitsiya amalga oshirish natijasida olingan barcha mablagʻlar va nafaqat ularni balki, daromad, foizlar, sarmoyalarning oʻsishidan keladigan foyda, dividendlar, royaltilar, ragʻbatlantirishlarni ham oʻz ichiga oladi.
3. Investor:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining uning milliy qonunchiligiga muvofiq fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxs,
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida uning milliy qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan va ushbu Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan har qanday yuridik shaxs,
4. Hudud: Tomonlardan har biriga nisbatan Ahdlashuvchi Tomon oʻzining milliy qonunchiligiga va xalqaro huquq normalariga muvofiq suveren huquqlarini amalga oshiradigan va uning yurisdiksiyasida boʻlgan quruqlik, hududiy suvlar, suverenitet ostida boʻlgan dengiz va havo boʻshligʻi, shu bilan birga eksklyuziv iqtisodiy zonalar va kontinental shelfni bildiradi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining sarmoyalarini kiritishi uchun barcha qulay sharoitlarni yaratadi va ragʻbatlantiradi hamda oʻz milliy qonunchiligi va ushbu Bitim qoidalariga muvofiq shunday sarmoyalar kiritishga yoʻl qoʻyadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligiga asosan investorlarga va ekspertlar, administratorlar, texnik xodimlar kabi faoliyati investitsiya bilan bogʻliq boʻlgan shaxslarga zarur sharoitlar va mamlakat hududiga kirish-chiqish, joylashish va ishlash uchun ruxsatnomalar taqdim etadi.
3-modda
Investitsiya rejimi
Investitsiya rejimi
1. Har qanday Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari va daromadlariga nisbatan adolatli va teng huquqli rejim yaratiladi va ular boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida toʻla himoya va xavfsizlikdan foydalanadilar
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning investitsiyalariga va investorlarining daromadlariga nisbatan oʻzining yoki har qanday uchinchi davlat investitsiyalari va investorlarining daromadlariga nisbatan yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan kulay rejim yaratadi.
3. Har bir Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning investitsiyalariga investitsiyalarni boshqarish, qoʻllab-quvvatlash, foydalanish yoki tasarruf etish boʻyicha oʻzining yoki har qanday uchinchi davlat investorlariga nisbatan yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
4. Ushbu moddaning 2-3-bandlari bir Ahdlashuvchi Tomonga boshqa Tomonning investorlariga nisbatan quyidagilar bilan bogʻliq boʻlgan qulayroq rejim, imtiyozlar va yengilliklar berish majburiyatini quyish deb hisoblanmasligi kerak:
a) Erkin savdo zonasiga, hozirgi yoki boʻlajak Bojxona ittifoqiga, Umumiy bozorga yoki shu kabi turli xil mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka aʼzo boʻlish yoki qoʻshilish;
b) Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisidagi har qanday Bitimlar yoki soliq solish bilan toʻliq yoki qisman bogʻliq boʻlgan turli xil bitim va kelishuvlar.
5. Ushbu moddaning 2-bandi Oʻmon Sultonligini oʻz investorlariga yerga va shaxsiy mulkka egalik qilish, grantlar va imtiyozli qarzlar olish borasida boshqa Tomon investorlariga ham oʻxshash rejimni berishga majburlamaydi.
4-modda
Milliylashtirish va ekspropriatsiya
Milliylashtirish va ekspropriatsiya
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari milliylashtirilmaydi, ekspropriatsiya qilinmaydi yoki ularga nisbatan milliylashtirish yoki eskpropriatsiya qilishga (bundan keyin “ekspropriatsiya” deb yuritiladi) tenglashtirilgan boshqa choralar qoʻllanilmaydi, Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq, diskriminatsiyaga asoslanmagan holda ichki ehtiyojlar bilan bogʻliq jamoat maqsadlari bundan mustasno.
2. Ekspropriatsiyaning har qanday choralari ekspropriatsiya toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinishidan yoki hammaga maʼlum boʻlishidan oldin investitsiyaning bozor qiymatida hisoblanadigan tezda, bir xilda va samarali kompensatsiya toʻlab berishni oʻz ichiga olishi lozim. Agar, investitsiyaning bozor qiymatini aniqlash imkoni boʻlmasa, unda kompensatsiya amortizatsiya, kiritilgan sarmoya, qadrsizlanish, narx oʻzgarishi va boshqa shunga oʻxshash omillarni hisobga olgan holda baholashning umum tan olingan va teng huquqlilik tamoyillariga muvofiq belgilanadi.
3. Kompensatsiya kechiktirishlarsiz va ekspropriatsiya boshlangan kundan boshlab, kompensatsiya toʻlangunga qadar boʻlgan davr uchun dastlab investitsiya kiritilgan valyutada “Libor” stavkasi boʻyicha foizlar hisoblangan holda toʻlanadi.
4. Investitsiyasiga nisbatan ekspropriatsiya qoʻllanilgan har qanday Ahdlashuvchi Tomon investorlari ushbu moddaning bandlariga asosan investitsiyalarni qabul qilgan Ahdlashuvchi Tomonning sud yoki boshqa xar qanday vakolatli organlari tomonidan oʻz investitsiyalarini baholash va kompensatsiya toʻlab berish bilan bogʻliq ishini qoldirishlarsiz koʻrib chiqilishi huquqiga ega.
5-modda
Zararlar uchun kompensatsiya
Zararlar uchun kompensatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Tomon hududida roʻy bergan urush yoki boshqa qurolli mojarolar, inqilob, favqulodda holat, isyon, qoʻzgʻolon oqibatida investitsiyalari zarar koʻrgan investorlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki har qanday uchinchi davlat investorlari uchun yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ushbu moddada koʻrsatilgan har qanday holatlar natijasida zarar koʻradigan boʻlsa va zarar quyidagilar bilan bogʻliq boʻlsa qoʻllaniladi:
a) ushbu Ahdlashuvchi Tomonning qurolli kuchlari yoki organlari tomonidan ularning mol-mulki olib qoʻyilishi,
b) qurolli harakatlarga sabab boʻlmagan yoki vaziyat taqozosi boʻlmagan holatda ularning mol-mulki Ahdlashuvchi Tomonning qurolli kuchlari yoki organlari tomonidan barbod qilinishi.
6-modda
Pul oʻtkazmalari
Pul oʻtkazmalari
1. Har bir Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari tomonidan investitsiyalar amalga oshirilgan hududda bu investorlarga quyidagi erkin toʻlovlarni amalga oshirishni kafolatlaydi:
a) daromadlar;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining har qanday investitsiyalarini butunlay yoki qisman sotishi yoki tugatishidan keladigan va oʻz moliyaviy majburiyatlarini bajarganlaridan soʻng qoladigan tushumlar;
v) investitsiya bilan bogʻlik qarzlar toʻlovi uchun moʻljallangan mablagʻlar;
g) oʻz hududida investitsiya bilan bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanish ruxsat etilgan boshqa Tomonning yoki har qanday uchinchi davlat fuqarolarining maoshlari va boshqa koʻrinishdagi mukofotlar;
d) mazkur Bitimning 4- va 5-moddalarida koʻzda tutilgan har qanday kompensatsiyalar;
e) mavjud investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, koʻpaytirish va kengaytirishga moʻljallangan kapital va qoʻshimcha mablagʻlar hamda investitsiyalarni boshqarishga oid xarajatlarni qoplashga ajratilgan har qanday mablagʻlar;
2. Barcha pul oʻtkazmalari erkin muomaladagi valyutada pul oʻtkazilayotgan sanada qoʻllanilayotgan almashtirish kursi boʻyicha kechiktirishsiz amalga oshiriladi.
3. Yuqorida qayd etilgan 1- va 2-bandlarga qaramasdan Tomon adolatli, kamsitmagan va oʻz milliy qonunchiligini toʻgʻri qoʻllagan holda, quyidagilar bilan bogʻliq oʻtkazmalarni toʻxtatib turishi yoki bekor qilishi mumkin:
a) bankrotlik, nochorlik yoki kreditorlarning huquqlarini himoya qilish;
b) qimmatli qogʻozlarni chiqarish, sotish va taqsimlash;
v) jinoiy va jazolanadigan qonunbuzarliklar; yoki
g) sudda ishni koʻrishda sud buyruqlari va qarorlarini taʼminlash.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar, bir Tomon yoki uning vakolatli organi boshqa Tomon hududidagi investitsiyaga nisbatan oʻz investorlaridan biriga toʻlab berish, kafolat yoki sugʻurta shartnomasi asosida toʻlovni amalga oshiradigan boʻlsa, unda birinchi eslatib oʻtilgan tomon ushbu investorning huquq va harakatlariga, shu bilan birga, 10-modda qoidalariga nisbatan toʻliqligicha subrogatsiya huquqiga ega boʻladi.
8-modda
Maxsus majburiyat
Maxsus majburiyat
Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investoriga nisbatan bir Tomonning maxsus majburiyat predmetini tashkil qiluvchi investitsiyalari hech qanday zararsiz ushbu Bitimning bandlariga asosan, shuningdek agar ushbu Bitimda koʻrsatilganidan qulayroq qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlsa, koʻrsatilgan majburiyatlar shartlariga muvofiq tartibga solinadi.
9-modda
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Agar istalgan Tomonning milliy qonunchiligi yoki xalqaro huquq normalariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida hozirda mavjud boʻlgan yoki kelajakda ushbu Bitimga qushimcha tarzda belgilanadigan majburiyatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan mazkur Bitimda belgilanganidan koʻra qulayroq rejim yaratishni nazarda tutuvchi umumiy va maxsus qoidalardan iborat boʻlsa, bunday qoidalar oʻzining afzalliklari bilan ushbu Bitimdan koʻra ustun hisoblanadi.
10-modda
Investor va Ahdlashuvchi Tomon
oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Investor va Ahdlashuvchi Tomon
oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Bir Tomon bilan Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasida investitsiya bilan bogʻliq har qanday nizo, imkon qadar doʻstona ikki tomon oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Bunday nizo, uni koʻrish toʻgʻrisidagi iltimos olingan kundan boshlab uch (3) oy mobaynida hal qilinmasa, nizo investorning talabi bilan koʻrib chiqish uchun quyidagilarga yuborilishi mumkin:
a) hududida investitsiya amalga oshirilgan tomonning vakolatli sudiga; yoki
b) quyidagilarga asosan Xalqaro arbitrajga:
(1) Xalqaro savdo huquqi boʻyicha BMT Komissiyasi arbitraji (YuNSITRAL) qoidalariga; yoki
(2) Xalqaro savdo palatasi (XSP) arbitrajining qoidalariga;
(3) Investitsion nizolarni tartibga soluvchi Xalqaro markazning qoidalariga;
(4) Tomonlar kelishuvi asosida tuziladigan Xalqaro arbitr yoki ad-hoc arbitraj sudi qaroriga.
3. Agar nizoda ishtirok etayotgan investor mazkur moddaning 2-bandida sanab oʻtilgan organlardan biriga ishni koʻrib chiqishni topshiradigan boʻlsa, keyinchalik ishni boshqa organga koʻrib chiqish uchun topshirish huquqiga ega boʻlmaydi.
4. Arbitraj sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarori nizo tomonlari uchun hal qiluvchi va majburiy hisoblanadi hamda har bir Ahdlashuvchi tomon bu qarorlarni oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq bajaradi.
5. Nizo ishtirokchisi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon arbitraj hal qiluv jarayonining yoki arbitraj qarorini ijro etishning istalgan bosqichida nizoning ikkinchi tomoni boʻlgan investorga qarshi unga oʻz zararlarini barchasini yoki bir qismini qoplash, kafolat yoki sugʻurta shartnomasi asosida qoplanganligiga daʼvo bildirmaydi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizolar imkon qadar diplomatik yoʻllar bilan muzokaralar orqali hal etiladi.
2. Agar bunday nizo Ahdlashuvchi tomonlardan biri tomonidan muzokaralar soʻralgan kundan boshlab olti oy mobaynida hal etilmasa, nizo istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabi bilan arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
3. Arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagicha tashkil etiladi:
a) arbitraj toʻgʻrisidagi soʻrovnoma olingan kundan boshlab ikki oy ichida har bir Ahdlashuvchi Tomon bir arbitrni tayinlaydi va bu ikki arbitr ikkala Ahdlashuvchi Tomon bilan diplomatik aloqasi mavjud boʻlgan uchinchi davlatdan aʼzo tayinlaydilar va u Ahdlashuvchi tomonlar maʼqullaganlaridan soʻng boshqa ikki arbitr tayinlanganidan boshlab ikki oy davomida Arbitraj sudining raisi etib tayinlanadi.
b) Agar arbitrlarni tayinlash mazkur moddaning (3a) bandida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshirilmagan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon, boshqa kelishuvlar boʻlmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif qilishi mumkin. Agar Xalqaro Sud Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki shu vazifani boshqa sabablarga koʻra bajara olmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentining oʻrinbosari taklif qilinadi. Agar Xalqaro Sud Prezidentining oʻrinbosari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u ham shu vazifani boshqa sabablarga koʻra bajara olmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro Sudning lavozimi boʻyicha keyingi yuqori oʻrinda turuvchi aʼzosi taklif etiladi.
4. Arbitraj sudi nizolarni ushbu Bitim va Xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq koʻrib chiqadi.
5. Arbitraj sudi oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi va bu qarorlar Ahdlashuvchi Tomonlar uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi. Arbitraj sudi oʻz ish qoidalarini belgilaydi va har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining vakili hamda arbitraj jarayonida uning ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlarni oʻzi qoplaydi; arbitraj raisining xarajatlari, agar arbitraj sudi boshqacha qaror qabul qilmasa, ikkala Tomondan teng tarzda qoplanadi, va u tomonlardan har birining iltimosiga koʻra oʻz qarorlari xususida tushuntirish beradi.
12-modda
Bitimning qoʻllanilishi
Bitimning qoʻllanilishi
Mazkur Bitim uning kuchga kirishidan oldin yoki keyin amalga oshirilgan barcha investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi, ammo mazkur Bitimning kuchga kirishidan oldin vujudga kelgan investitsiya bilan bogʻliq nizolarga va daʼvolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
13-modda
Konsultatsiyalar
Konsultatsiyalar
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga koʻra, ushbu Bitimni talqin etilishi va qoʻllanilishini qayta koʻrib chiqish va mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida vujudga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni oʻrganib chiqish maqsadida konsultatsiyalar oʻtkazadilar. Bunday konsultatsiyalar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida diplomatik kanallar orqali kelishib olingan vaqtda va joyda oʻtkaziladi.
14-modda
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin va ular ushbu Bitimning 15-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi hamda ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
15-modda
Kuchga kirishi va amal qilish muddati
Kuchga kirishi va amal qilish muddati
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi bir-birlariga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma beradilar. Ushbu Bitim oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab oʻttiz (30) kundan keyin kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim yigirma (20) yil mobaynida amal qiladi. Shu muddat tugashidan oʻn ikki oy oldin Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etmasa, ushbu Bitimning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan yigirma (20) yillik muddatga uzayadi.
3. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan vaqtgacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan 1—14-moddalarning qoidalari ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtalganidan keyin oʻn (10) yil mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbuning guvohi sifatida, tegishli tartibda oʻz hukumatlaridan vakolat olgan, quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2009-yil 30-martda, Hijriy 1430 3 rabiʼa sana kunida ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)