Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
fuqarolarning hayoti, huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya bilan taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka muhim ahamiyat berib,
jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatning odil sudlovini amalga oshirish sohasida xalqaro konvensiyalar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlarini hisobga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida 1996-yil 27-noyabrdagi Shartnoma qoidalariga amal qilib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik prinsiplaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda.
Bitim qoʻllanilishi sohasi va subyektlari
Bitim qoʻllanilishi sohasi va subyektlari
1. Tomonlar, oʻz davlatlari qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda, oʻz markaziy vakolatli organlari orqali ularning vakolatlari doirasida ushbu Bitim qoidalariga muvofiq jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
2. Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va topshirish masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagilar markaziy vakolatli organlar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
Ichki ishlar vazirligi;
Milliy xavfsizlik xizmati;
Davlat bojxona qoʻmitasi;
Davlat soliq qoʻmitasi;
Bosh prokuratura;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi.
Turkmaniston uchun:
Ichki ishlar vazirligi;
Milliy xavfsizlik vazirligi;
Davlat bojxona xizmati;
Bosh davlat soliq xizmati;
Bosh prokuratura;
Narkotiklar bilan kurashish boʻyicha davlat xizmati.
4. Tomonlardan har biri oʻzining markaziy vakolatli organlari roʻyxatida oʻzgarishlar haqida boshqa Tomonni oʻz vaqtida xabardor qiladi.
5. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqa bogʻlaydilar.
2-modda.
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar quyidagilarga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar:
1.1. Transmilliy uyushgan jinoyatchilik;
1.2. Xalqaro terrorizm;
1.3. Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlatish qurilmalari, portlovchi va zaharli moddalar, va shuningdek, radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanishi;
1.4. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar;
1.5. Kontrabanda va bojxona qonunchiligini buzish;
1.6. Noqonuniy moliyaviy operatsiyalar va jinoiy faoliyat natijasida olingan daromadlarni legallashtirish;
1.7. Pul belgilari, qimmatli qogʻozlar, kredit kartochkalari, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, va shuningdek, ularni noqonuniy tarqatish va foydalanish;
1.8. Madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy tajovuzlar, shu jumladan, ularni noqonuniy olib kirish va olib chiqish;
1.9. Avtotransport vositalari bilan noqonuniy operatsiyalar;
1.10. Fohishabozlikdan foydalanish va odamlar savdosi;
1.11. Yashirin migratsiya, shaxslarning Tomonlar davlatlari hududida yashirin ravishda boʻlib, davlat chegarasidan noqonuniy tarzda oʻtishi;
1.12. Agar mazkur gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar ikkala Tomon davlat manfaatlariga daxldor boʻlsa, ekologik jinoyatlar.
2. Tomonlar shuningdek quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
2.1. Yoʻl harakati xavfsizligi va yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
2.2. Havo va temir yoʻl transporti xavfsizligini taʼminlash;
2.3. Kadrlar tayyorlash, ilmiy va axborot aloqalarini rivojlantirish;
2.4. Pasport-viza ishlari, chet el fuqarolari va fuqaroligi yoʻq shaxslarning kirishi-chiqishi, tranzit olib oʻtilishi va boʻlishini nazorat qilish;
2.5. Qimmatbaho va maxsus yuklarni kuzatib borish va muhofazalash;
2.6. Ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkum etilgan, gumon qilinuvchi, bedarak yoʻqolgan, qarindoshlari bilan aloqasini yoʻqotgan, oʻzlari haqida maʼlumot berishga qodir boʻlmagan shaxslarni qidirish, va shuningdek, shaxsi aniqlanmagan murdalarning shaxsini aniqlash;
2.7. Raqami va oʻziga xos farqlash alomatlariga ega hamda oʻgʻirlangan qimmatbaho buyumlar va narsalarni qidirish;
2.8. Axborot texnologiyalari sohasida xavfsizlikni taʼminlash.
3. Tomonlar bir-birini qiziqtiradigan boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham hamkorlik qilishlari mumkin.
3-modda.
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
1. Tomonlar quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
1.1. Jinoyatlar oldini olish, aniqlash, fosh etish va tergov qilishga, va shuningdek, ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq boshqa masalalarni hal etishga yordam berishi mumkin boʻlgan axborot bilan almashinish;
1.2. Ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlar faktlarini shaxslar, tashkilotlar, muassasalar va korxonalar faoliyatini oʻrganish hamda tegishli uchyotlar boʻyicha shaxslar, buyumlar va hujjatlarni tekshirish yoʻli bilan tergovga koʻmaklashish;
1.3. Ish tajribasi bilan almashish, shu jumladan, malaka oshirish, maslahatlashuvlar va seminarlar oʻtkazish yoʻli bilan;
1.4. Ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlarga barham berish boʻyicha muvofiqlashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish;
1.5. Jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari boʻyicha qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan almashinish;
1.6. Tezkor-qidiruv tadbirlari toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarilishi;
1.7. Raqamlari va oʻziga xos farqlash alomatlari bor predmetlar (buyumlar), shu jumladan avtotransport va oʻqotar qurol va shuningdek pasportlar va qimmatli qogʻozlarni qidirish.
2. Hamkorlikning hajmi va aniq shakllari markaziy vakolatli organlarning kelishuviga koʻra ehtiyojlar va sharoitlarning oʻzgarishini, va shuningdek ahamiyatga ega vaziyatlarni hisobga olgan holda belgilanadi.
4-modda.
Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlar tayyorlash
Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlar tayyorlash
1. Tomonlar bir-biri bilan ushbu Bitimning 2-moddasida bayon etilgan jinoyatlarga barham berish uchun huquqni muhofaza qilish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida oʻz huquqiy va maʼmuriy tizimlariga muvofiq harakat qilib, yaqindan hamkorlik qiladilar.
2. Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurash va maxsus bilimlar bilan almashish manfaatlarini koʻzlab ilm-fan va texnika sohasida tadqiqotlar dasturlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda bir-birlariga koʻmak beradilar va bu maqsadlarda tegishli hollarda hamkorlikni rivojlantirish va bir-birini qiziqtiradigan muammolarni muhokama qilish uchun xalqaro konferensiyalar va seminarlardan ham foydalanadilar.
3. Tomonlar kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro manfaatli asosda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
5-modda.
Aniq jinoyatlar haqida axborot almashish
Aniq jinoyatlar haqida axborot almashish
Ushbu Bitimning 3-moddasi 1-qismi 1.1 -bandida koʻzda tutilgan axborot bilan almashish ushbu Bitimning 2-moddasi 1-qismida koʻzda tutilgan aniq jinoyatlarga, shu jumladan, quyidagilarga daxldor boʻladi:
1) Tomonlardan biri davlati hududida uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan, agar bunday guruhlar tarkibiga boshqa Tomon davlati fuqarolari kirsa yoki bunday jinoyatlar boshqacha tarzda ushbu davlat manfaatlariga daxldor boʻlsa, tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlar;
2) jinoiy faoliyat daromadlarini legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar, bunda bir Tomon davlati hududidagi jismoniy va/yoki yuridik shaxslardan boshqa Tomon davlati fuqarolari shu maqsadlarda foydalanadilar.
6-modda.
Jinoiy faoliyat haqida axborot almashish
Jinoiy faoliyat haqida axborot almashish
Tomonlar, shuningdek quyidagilar haqida axborot almashinadilar:
1) uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishi usullari, ularning tarkibi, tuzilishi, faoliyat sohalari va jinoiy aloqalari;
2) agar koʻrsatib oʻtilgan faoliyat boshqa Tomon davlati manfaatlariga daxldor boʻlsa, terroristik faoliyat shakllari va uslublari, fosh qilingan terroristik guruhlar tuzilishi va tarkibi, ular foydalangan texnik vositalar, tayyorlanayotgan va sodir etilgan terroristik aktlar, ularga aloqador shaxslar;
3) jinoiy faoliyatdan koʻrilgan daromadlarni legallashtirish usullari, bunday faoliyatga aloqadorlikda gumon qilinuvchi tashkilotlar, muassasalar va korxonalar;
4) Tomonlar davlatlarining boshqa Tomon davlati hududida doimiy yashovchi yoki vaqtincha boʻlgan hamda ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi fuqarolari;
5) bir Tomon davlati jinoiy qonunchiligining boshqa Tomon davlati fuqarolari tomonidan buzilishi qayd etilgan faktlar.
7-modda.
Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
1. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor Tomonning soʻrovlari yoki iltimoslari asosida amalga oshiriladi.
2. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov yoki iltimos yozma shaklda yuboriladi, kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, ogʻzaki berilishi mumkin, lekin kechi bilan 24 soat ichida ular yozma ravishda, shu jumladan matnni texnik vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan, tasdiqlanishi kerak. Soʻrov/iltimosning haqiqiyligi yoki mazmuni shubha tugʻdirganda qoʻshimcha tasdiq talab qilinishi mumkin.
3. Axborot taqdim qilish va ushbu Bitimning 3-moddasida koʻzda tutilgan boshqa harakatlar, Tomonlar davlatlarining markaziy vakolatli organlari tomonidan iltimosnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Ushbu moddaning 3-qismida koʻzda tutilgan iltimos quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
4.1. Koʻmak soʻrayotgan organning va soʻralayotgan organning nomlari;
4.2. Soʻrov yoki iltimosning maqsadini koʻrsatish va ularni asoslash;
4.3. Yuborilayotgan iltimosnomadagi ishning mohiyati, shu ish boʻyicha oʻtayotgan yoki unga aloqasi bor shaxs yoki shaxslar, axborot talab qiladigan faktlar, ashyolar va hujjatlar toʻgʻrisida mumkin qadar toʻliq maʼlumot;
4.4. Bajarilishi talab qilinayotgan aniq protsedurani qoʻllash sabablari va uning batafsil taʼrifi;
4.5. Zarurat boʻlganda, iltimos qaysi muddatlarda bajarilishi kutilayotganini koʻrsatish.
5. Zaruriyat tugʻilganda hujjatlarning tegishlicha tasdiqlangan nusxalari yoki ulardan koʻchirmalar iltimosnomaga ilova qilinadi, ular iltimos bajarilishini osonlashtiradi.
6. Iltimosnoma va unga ilova etiladigan hujjatlar ushbu Bitimning 11-moddasi talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi hamda tegishli mansabdor shaxs tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
7. Ushbu Bitimning 3-moddasi 1-qismi 1.1-bandida koʻzda tutilgan axborot Tomonlar davlatlari markaziy vakolatli organlari tomonidan bir-birlariga, agar bu boshqa Tomonni qiziqtiradi deb oʻylashga asos boʻlsa, oʻz tashabbusiga koʻra yuborilishi mumkin.
8. Iltimosnomaning bajarilishi mumkin qadar qisqa muddatda amalga oshirilishi zarur. Zarur holatlarda Tomonlar davlatlarining markaziy vakolatli organlari iltimosnoma bajarilishini osonlashtiruvchi qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishga haqlidir.
8-modda.
Iltimosnoma qondirilishini rad etish
Iltimosnoma qondirilishini rad etish
1. Agar iltimosnoma bajarilishi inson huquqlari va erkinliklari buzilishiga olib kelsa, davlat suvereniteti yoki xavfsizligiga zarar yetkazsa, soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga yoki xalqaro majburiyatlariga zid boʻlsa, uning bajarilishi toʻliq yoki qisman rad etilishi mumkin.
2. Iltimosnomani qondirishni rad etish haqida qaror qabul qilingan taqdirda Tomonlar davlatlarining markaziy organlari bir-biriga rad javobi sabablarini koʻrsatib, bu haqda yozma xabar beradi.
9-modda.
Axborotdan foydalanish
Axborotdan foydalanish
1. Tomonlarning markaziy vakolatli organlari, agar ushbu axborot maxfiy hisoblansa yoki maʼlumot berayotgan Tomon uning oshkor etilishini xohlamasa, bir-birlaridan olinadigan axborot maxfiyligini taʼminlashlari zarur. Bu qoida texnik vositalar, asbob-uskunalar va materiallarga ham daxldor hisoblanadi. Axborotning maxfiylik darajasini uni yuborgan Tomon belgilaydi.
2. Zarur holatlarda ushbu Bitim doirasida olingan axborot, texnik vositalar, asbob-uskunalar va materiallarning uchinchi tomonga berilishida bu axborotni taqdim etgan markaziy vakolatli organlarning yozma roziligi talab qilinadi.
3. Tomonlar olgan jismoniy shaxslar haqidagi maʼlumotlar ushbu Bitimda belgilangan maqsadlardagina qoʻllanilishi mumkin, maʼlumot berayotgan Tomon bunday maʼlumotlarning ishonchliligini, va shuningdek, zarur boʻlganda tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarning oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydi. Jismoniy shaxslar haqidagi axborotning qabul qilinishi, qayd etilishi, saqlanishi, ishlatilishi va yoʻq qilinishi Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.Ushbu Bitim amali tugatilgan taqdirda ilgari olingan barcha axborot yoʻq qilinishi lozim.
4. Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq manfaatdor shaxsga uning yozma soʻroviga binoan unga nisbatan mavjud maʼlumotlar haqida axborot taqdim etilishi mumkin.
5. Barcha holatlarda Tomonlar begona shaxslarning maʼlumotlardan foydalanishidan, ularni ruxsatsiz oʻzgartirilishi, yoʻq qilinishi yoki oshkor etilishidan samarali himoyani taʼminlaydilar.
10-modda.
Xarajatlar va majburiyatlar
Xarajatlar va majburiyatlar
1. Ushbu Bitimni bajarish boʻyicha xarajatlarni Tomonlar oʻz majburiyatlarini bajarishlari uchun zarur miqdorda mustaqil ravishda koʻtaradilar.
2. Tomonlar zarur holatlarda ushbu Bitimdan kelib chiqadigan harakatlarni amalga oshirish uchun, har bir alohida holatda oʻzaro maqbul kelishuvlar bilan rasmiylashtiriladigan, xarajatlarni birgalikda koʻtaradilar. Tomonlarning birgalikdagi xarajatlari boʻyicha majburiyatlari ushbu kelishuvlarga koʻra tartibga solinadi.
3. Zarur holatlarda Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasida zikr etilgan jinoyatlarga barham berish boʻyicha aniq masalalarni hal etish uchun zarur asbob-uskunalar va materiallar bilan bir-birlariga bepul yordam koʻrsatishlari mumkin.
11- modda.
Hamkorlik tili
Hamkorlik tili
Tomonlar ushbu Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishda rus tiliga tarjimasi ilova qilingan oʻz davlat tillaridan foydalanadilar.
12- modda.
Qoʻshma komissiya
Qoʻshma komissiya
1. Zaruriyat tugʻilganda ushbu Bitim qoidalarini hayotga tatbiq etish maqsadida Tomonlar vakolatli vakillaridan iborat Qoʻshma komissiya tuzishlari mumkin.
2. Qoʻshma komissiya, zaruratga qarab, bir-birini qiziqtiradigan masalalarni koʻrib chiqish va oʻzaro maqbul qarorlar qabul qilish uchun navbati bilan Toshkent va Ashxobodda majlis oʻtkazadi. Qoʻshma komissiya qarorlarni tayyorlash uchun va shuningdek boshqa faoliyat uchun Tomonlar davlatlarining markaziy vakolatli muassasalari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etishi mumkin.
13-modda.
Boshqa shartnomalarga munosabat. Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Boshqa shartnomalarga munosabat. Oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzlari ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2. Tomonlarning roziligiga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular ushbu Bitimning 14-moddasidagi qoidalarga muvofiq kuchga kiradigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
14-modda.
Yakunlovchi qoida
Yakunlovchi qoida
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning uning harakatini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtgandan soʻng oʻz kuchini tugatadi.
2009-yil 25-fevralda Toshkent shahrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)