Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
BARQAROR RIVOJLANISh UChUN ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh VA TABIIY RESURSLARNI SAQLASh SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Quvayt Davlati Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
barqaror rivojlanish uchun atrof-muhit muhofazasini yaxshilash va tabiiy resurslarni saqlash hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardagi barqaror rivojlanish gʻoyasini mustahkamlash sohasida hamkorlik qilish istagida,
hamda Tomonlarning xalqaro va mintaqaviy konferensiya va uchrashuvlarda atrof-muhit muhofazasi masalalari boʻyicha ishlarining muvofiqlashtiruvi zaruratini anglagan holda, shuningdek ular oʻrtalarida tabiatni muhofaza qilish hamkorligini rivojlantirish maqsadida,
ikkala Tomon barqaror rivojlanish maqsadida, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash sohasida hamkorlik qilish istagini bildirgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1- modda
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik asosida barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi va rivojlantiradilar.
2- modda
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagi sohalarda amalga oshiriladi:
1. Atrof-muhit ifloslanishini oldini olish va bartaraf etish hamda chiqindilarni boshqarish;
2. Loyihalarni ishlab chiqishda atrof-muhitga taʼsirni baholash;
3. Atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida maʼlumot va tajriba almashish;
4. Tabiat qoʻriqxonalarini boshqarish;
5. Ekologik indikatorlar va barqaror rivojlanish indikatorlari;
6. Aholi punktlarida atrof-muhit holatini yaxshilash;
7. Qurgʻoqchilik hamda yerlar tanazzuliga qarshi kurash;
8. Ekologik turizm;
9. Suv resurslarini muhofaza qilish;
10. Atrof-muhit muhofazasi hamda tabiiy resurslarni saqlab qolish sohasidagi sanoat va texnologiyalarni rivojlantirish.
3- modda
Tomonlar maxfiy boʻlmagan ekologik maʼlumotlar, hujjatlar va davriy nashrlar bilan almashinadilar.
4- modda
Tomonlar mazkur Anglashuv memorandumida nazarda tutilgan hamkorlikning muayyan masalalari boʻyicha faoliyatni baholash uchun batafsil ishchi dasturlarini birgalikda ishlab chiqadilar.
5- modda
Tomonlar ekspertlar va mutaxassislar almashinuvini delegatsiyalar va oʻquv kurslari shaklida mazkur Anglashuv memorandumining 4-moddasida nazarda tutilgan holda amalga oshiradilar.
6- modda
Tomonlar mazkur Anglashuv memorandumi dasturini bajarish boʻyicha muvofiqlashtiruvchilarni vaqt-vaqti bilan oʻtkaziladigan oʻzaro almashinuv uchrashuvlari orqali tayinlashlari lozim.
7- modda
1. Mazkur Anglashuv memorandumi Tomonlardan birining boshqa Tomonni ushbu Anglashuv memorandumining kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnomani olgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Tomonlarning kelishuviga koʻra, ushbu Anglashuv memorandumiga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilishi mumkin va mazkur protokollar ushbu moddaning 1-bandida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
3. Mazkur Anglashuv memorandumi besh yil muddatga tuziladi va uning amal qilish muddati agar Tomonlardan biri uning amal qilish muddatini toʻxtatish niyati haqida ushbu Anglashuv memorandumining navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy avval yozma ravishda xabar qilmasa, ushbu Anglashuv memorandumi keyingi bir yillik yoki besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 2008-yil 21-iyulda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Anglashuv memorandumi qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn asos sifatida qabul qilinadi.
(imzolar)