Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Bilan Baxreyn Qirolligi Hukumati Oʻrtasida
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Bahrayn Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi,
Ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun va xususan, har bir Tomon investorlarining boshqa Tomon hududidagi investitsiyalari uchun qulay sharoitlar yaratib berishni istab,
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish tijoriy tashabbusga omil boʻlishi va ikkala Tomon farovonligini oshirishga yordam berishini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiya” atamasi bir Tomon investori boshqa Tomon davlati hududida shu Tomonning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq investitsiya qilgan aktivlarining barcha turlarini anglatadi va, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi, lekin faqat ularni emas:
a) har qanday boshqa moddiy va nomoddiy, koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek tegishli mulkiy huquqlar;
b) paylar, aksiyalar, obligatsiyalar va kompaniyalar aksiyalaridagi foizlarning boshqa shakllari va/yoki tegishli faoliyatdan olinadigan iqtisodiy foizlar shakllari;
v) iqtisodiy boyliklar yaratish uchun ishlatilgan mablagʻlariga talab qilish huquqlari yoki investitsiya bilan bogʻliq va iqtisodiy boylikka ega boʻlgan har qanday faoliyatga daʼvo qilish huquqlari;
g) intellektual mulk huquqlari, shu jumladan, lekin bu bilan cheklanib qolmaydi, mualliflik huquqlari, patentlar, sanoat mollarining nusxalari, savdo markalari va xizmatlari, va shuningdek texnikaviy jarayonlar, iqtisodiy ahamiyati bor axborot, “nou-xau” va “gudvil”;
d) qonun yoki shartnomaga muvofiq iqtisodiy faoliyat yuritish uchun beriladigan har qanday huquq, bunga tabiat boyliklarini qidirish, qazib olish va ishlov berish konsessiyalari ham kiradi.
Investitsiya yoki reinvestitsiya qilingan aktivlarning har qanday oʻzgarishi, bu aktivlarning investitsiyalik xususiyatiga taʼsir qilmaydi, agar bunday oʻzgarish hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomonning milliy qonunchiligiga zid boʻlmasa.
2. “Investor” atamasi har bir Tomonga nisbatan quyidagilarni anglatadi:
a) Tomonning jismoniy shaxslari hisoblanadigan fuqarolari, ularning maqomlari Tomonning qonunidan kelib chiqadi, va
b) Kompaniya hisoblanadigan yuridik tashkilot, har qanday yuridik shaxs, hududiga boshqa Tomon investitsiyalar kiritgan Tomon qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tashkil etilgan korporatsiya, firma yoki assotsiatsiya, va.
v) Ushbu Bitim Tomoni.
3. “Daromadlar” atamasi Tomonning mamlakatiga kiritilgan investitsiyalaridan olingan har qanday mablagʻni anglatadi, bunga foyda, qarzlarni talab qilishdan olinadigan daromad, foizlar, dividentlar, royaltilar, litsenzion va komission mukofotlar, texnika yordami, texnika xizmati uchun toʻlovlar va mukofotlarning boshqa shakllari kiradi.
4. “Hudud” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasi hududini, bunga yerlari, havo fazosi, ichki suvlar, hududiy dengiz va hududiy dengizdan tashqari har qanday viloyatni anglatadi, ular Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga binoan va shu xalqaro huquqqa muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi suveren huquqlari yoki yurisdiksiyasini amalga oshirishi mumkin boʻladigan viloyat sifatida ilgari belgilangan va /yoki keyinchalik belgilanadi.
b) Bahrayn Qirolligiga nisbatan, Qirolligi hududini, shuningdek, dengiz osti va yer ostini ularning ustidan Qirolligi xalqaro huquq, suveren huquqlari va yurisdiksiyasiga muvofiq nazorat qiladi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Tomon oʻz hududi doirasida va oʻz qonunchiligiga muvofiq boshqa Tomon investorlarining investitsiyalarini qabul qiladi va ragʻbatlantiradi.
2. Har bir Tomon boshqa Tomon davlati hududida tan olingan investitsiyalarga milliy qonunchilik belgilab bergan darajada va shartlarda barcha zarur ruxsatlarni taqdim etadi.
3. Tomonlardan har biri investorlarining investitsiyalari, boshqa Tomon hududida toʻla himoya qilinishdan va xavfsizlikdan foydalanadi. Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Tomon investorlarining investitsiyalarni boshqarishlariga, ishlatishlariga, realizatsiya yoki utilizatsiya qilishlariga asossiz yoki diskriminatsion choralar koʻrish yoʻli bilan aslo toʻsqinlik qilmaydi. Har bir Tomon boshqa Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan zimmalariga olgan har qanday majburiyatlariga amal qilishlari kerak.
3-modda
Investitsiyalarga yaratiladigan rejimlar
Investitsiyalarga yaratiladigan rejimlar
1. Har bir Tomon boshqa tomonning investorlarining investitsiyalariga bunday hollarda oʻz investorlarining investitsiyalariga yoki har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga yaratadigan qulaylikdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratib beradi, bu esa rejimlarning qaysi biri koʻproq qulaylik yaratib berishiga bogʻlik boʻladi.
2. Shu bilan birga ushbu moddaning qoidalari Tomonlardan birini har qanday uchinchi davlat investorlariga taqdim qilinadigan imtiyozlar yoki yengilliklar boshqa Tomonning investorlariga tatbiq etishga majbur qilish lozim deb talqin qilinmaydi, bunda quyidagilar hisobga olinish kerak:
a) Mavjud yoki kelgusidagi bojxona uyushmalaridan har qanday, iqtisodiy uyushma, erkin savdo zonasi, valyuta uyushmasi yoki mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllarida ishtiroki yoki Tomonlardan har biri bunday bitimning aʼzosi boʻlishi mumkinligi;
b) Ikki tomonlama soliqqa solishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi har qanday xalqaro bitimlar yoki soliq solinishiga toʻla yoki asosan daxl qiladigan boshqa bitimlar.
4-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Tomonlardan har birining investorlarining investitsiyalari boshqa tomon hududida natsionalizatsiya, ekspropriatsiya qilinmasligi yoki natsionalizatsiyaga yoki ekspropriatsiyaga teng protseduralarga (bundan keyin “ekspropriatsiya” deb ataladi) duchor qilinmasligi kerak, shu Tomonning ichki ehtiyojlari bilan aloqador, diskriminatsiyasiz va kechiktirmay, adekvat va samarali kompensatsiyasi bor ijtimoiy maqsadlar bundan mustasno.
2. Bunday kompensatsiya bevosita ekspropriatsiyadan oldin yoki kelgusi ekspropriatsiya toʻgʻrisidagi rasman maʼlum boʻlgan vaqtda qaysi biri oldin kelishiga qarab, ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning haqiqiy qiymatiga toʻgʻri kelishi kerak va ekspropriatsiya sanasidan to toʻlov sanasiga qadar boʻlgan davrdagi oddiy tijoriy stavka boʻyicha kompensatsiyani oʻz ichiga olish kerak (stavka espropriatsiya vaqtida amal qilayotgan Libor stavkasidan kam boʻlmasligi kerak), zudlik bilan samarali amalga oshirilishi va erkin toʻlov oʻtkazilishi kerak.
3. Zarar koʻrgan investor ekspropriatsiyani amalga oshirgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq oʻz ishini shu Tomon sud yoki boshqa mustaqil organning zudlik bilan koʻrib chiqishini va oʻz investitsiyalarini ushbu moddada bayon etilgan prinsiplarga muvofiq baholab berishini talab qilish huquqiga ega.
4. Tomon uning hududining har qanday qismida amal qilayotgan qonunga muvofiq roʻyxatga olingan yoki tashkil qilingan va tarkibida boshqa Tomon investorlarining aksiyalari bor kompaniyaning aktivlarini ekspropriatsiya qilgan hollarda, Tomon ushbu modda qoidalarining shunday qoʻllanishini taʼminlaydiki, boshqa Tomonning bu aksiyalarga egalik qilayotgan investorlarining investitsiyalari uchun zudlik bilan adekvat va samarali kompensatsiya toʻlash kafolatlanadi.
5-modda
Zararlar uchun kompensatsiya
Zararlar uchun kompensatsiya
Investitsiyalari boshqa Tomon davlati hududida urush yoki harbiy mojarolar, inqilob, davlatning milliy favquloddagi holati, qoʻzgʻolon, tartibsizliklar yoki boshqa shunga oʻxshash voqealar oqibatida zarar koʻrgan har bir Tomonga boshqa Tomon oʻz investorlarining investitsiyalari yoki har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga yaratib beradigan qulaylikdan kam boʻlmagan rejim yaratib beradi, bu rejim kompensatsiya, restitutsiya yoki boshqa qiymatlarga nisbatan koʻproq qulaylik yaratadi.
6-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Har bir Tomon boshqa Tomon investorlariga har bir Tomon mamlakatidan pul mablagʻlarini chet el valyutasida hech qanday cheklovsiz erkin oʻtkazilishiga kafolat berishi kerak, agar ular Tomonlar qonunchiligi oʻrnatgan tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlagan boʻlsalar. Bunday oʻtkazilishlar quyidagilarni oʻz ichida oladi:
a) investitsiyani saqlash yoki koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha summalar;
b) ushbu Bitimning 1-moddasi 3-bandida belgilangan daromadlar;
v) Tomonlar qonunchiligiga muvofiq yetkazilgan zararlar uchun badal sifatida olingan mablagʻlar;
g) shartnomani bajarish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlar;
d) xorijiy investitsiyalarning barchasi yoki bir qismini sotishdan keladigan tushumni;
e) nizolarni hal qilish, shu jumladan har qanday sud yoki arbitraj qarori natijasida vujudga keladigan toʻlovlar;
j) ish haqi va xodimlarga boshqa toʻlovlar.
2. Pul oʻtkazishlar kechiktirishsiz sarmoya dastlab kiritilgan erkin ayirboshlanadigan valyutada yoki investor bilan tegishli Tomon oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha har qanday boshqa erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi. Agar investorlar tomonidan boshqacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, pul oʻtkazishlar amaldagi almashuv qoidalariga muvofiq oʻtkazish kunidagi almashuv kursi boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
3. Ushbu moddaga taalluqli va bir Tomonning investori tarafidan boshqa Tomonning hududiga kiritilgan investitsiyalardan olingan har qanday valyutadagi daromadlar va boshqa mablagʻlar boshqa Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq ushbu boshqa davlat hududida qayta investitsiya qilinishi yoki boshqa maqsadlar uchun ishlatilishi mumkin.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar bir Tomon yoki u vakolat bergan organ boshqa Tomon hududida oʻz investorlarining har biri tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalariga taalluqli badal, kafolat yoki notijoriy xatarlardan sugʻurta shartnomasi doirasida toʻlovni amalga oshirayotgan boʻlsa, boshqa Tomon investorning yoki talablarini birinchi Tomonga yoki vakolatli organga berishni va birinchi Tomon yoki u vakolat bergan organning subrogatsiyaga koʻra har qanday shunday huquq yoki talabni haqiqiy egasi qanday boʻlsa shunday darajada amalga oshirish huquqini tan oladi.
Bunday subrogatsiya mazkur Tomon yoki uning vakolatli organiga investor haqli boʻlishi mumkin boʻlgan badal yoki boshqa kompensatsiya bilan bogʻliq har qanday toʻlovni bevosita qabul qilib oluvchi boʻlib chiqish imkonini beradi.
8- modda
Tomonlar bilan Investor oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Tomonlar bilan Investor oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Bir Tomon bilan boshqa Tomonning investori oʻrtasidagi investitsiyalarga doir nizolarni hal qilish maqsadi uchun maslahatlashuvlar manfaatdor Tomonlar oʻrtasida masalani imkon qadar tinch yoʻl bilan hal qilish maqsadida oʻtkaziladi.
2. Agar ushbu maslahatlashuvlar hal qilish toʻgʻrisidagi soʻrov sanasidan boshlab olti oy davomida natija bermasa investor nizoni hal qilish uchun oʻz ixtiyoriga koʻra:
a) hududiga investitsiyalar kiritilgan Tomonning vakolatli sudiga, yoki;
b) 1965-yil 18-martda Vashington shahrida imzolangan davlatlar bilan boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyada nazarda tutilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha markazga, yoki;
v) agar Tomonlar boshqacha kelishuvga erishmagan boʻlsa, BMTning xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasining arbitraj qoidalariga muvofiq tuzilishi lozim boʻlgan “ad hos” arbitraj tribunaliga topshirishi mumkin.
3. Xar bir Tomon bu bilan investitsiyaga oid nizolarni xalqaro kelishtiruv muassasalari yoki arbitrajga toshirishga rozi boʻladi va har bir arbitraj sudi yoki vakolatli sud tomonidan chiqarilgan qarorlar qatʼiy boʻladi va har bir Tomon ushbu qarorlarni oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshirishi lozim.
9-modda
Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Tomonlar oʻrtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashga doir nizolar imkoni boricha diplomatik kanallar orqali hal qilinishi lozim.
2. Tomonlar oʻrtasidagi nizoni diplomatik kanallar orqali hal qilishning imkoni boʻlmasa, u Tomonlardan birining soʻroviga koʻra arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun topshirilishi lozim.
3. Bunday arbitraj sudi har bir alohida hol uchun quyidagi tarzda taʼsis etilishi lozim. Arbitrajga soʻrov olingandan soʻng ikki oy davomida har bir Tomon bir tribunal aʼzosini tayinlaydi. Ushbu ikki aʼzo uchinchi davlatning fuqarolari boʻlishi lozim, ular Tomonlarning maʼqullashi bilan sud raisini tayinlaydi. Rais ikki boshqa aʼzo tayinlangan sanadan boshlab ikki oy davomida tayinlanishi lozim.
4. 3-kichik bandda koʻrsatilgan muddat davomida zarur tayinlashlar amalga oshirilmasa, Tomonlardan har biri har kunday boshqa bitim boʻlmaganda BMT Xalqaro sudining Raisiga har qanday zarur tayinlashlarni amalga oshirishni taklif qilishi mumkin. Agar Rais Tomonlardan istalganining fuqarosi boʻlsa yoki u boshqa sababga koʻra ushbu vazifalarni bajara olmasa, Rais oʻrinbosariga zarur tayinlashlarni amalga oshirish taklif qilinishi lozim. Agar Rais oʻrinbosari birortasining fuqarosi boʻlsa va agar u ham ushbu vazifalarni bajarish imkoniyatiga ega boʻlmasa, Tomonlardan birortasining fuqarosi boʻlmagan, martabasi boʻyicha navbatdagi boʻlgan BMT Xalqaro sudining aʼzosiga zarur tayinlashlarni amalga oshirish taklif etilishi lozim.
5 Arbitraj sudi oʻz qarorini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Bunday qaror har ikki Tomon uchun majburiydir. Har bir Tomon oʻzining sud aʼzosi va uning arbitraj mahkamasidagi vakilligining taʼminoti boʻyicha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi: Rais xizmatlari va boshqa xarajatlar Tomonlar tarafidan teng qismda qoplanadi. Sud, shunday boʻlsada, oʻz qarori bilan Tomonlardan birini xarajatlarning katta qismini oʻz zimmasiga olishga majbur qilishga haqli va ushbu qaror har ikki Tomon uchun qatʼiy va majburiy boʻladi. Sud oʻz tartibini oʻrnatadi.
10-modda
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Agar istalgan Tomonning ichki qonunchiligi qoidalari yoki xalqaro huquqqa muvofiq majburiyatlari, Tomonlar oʻrtasida mavjud boʻlgan yoki kelajakda ushbu Bitimga qoʻshimcha tarzda belgilanadigan majburiyatlar boshqa Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan mazkur Bitimda belgilanganidan koʻra qulayroq rejim yaratishni nazarda tutuvchi umumiy va aniq qoidalardan iborat boʻlsa, bunday qoidalar oʻzining afzalliklari bilan ushbu Bitimdan koʻra ustun hisoblanadi.
11-modda
Bitimning amal qilish sohasi
Bitimning amal qilish sohasi
Mazkur Bitim bir Tomon hududida uning milliy qonunlari va qoidalariga muvofiq bosh Tomonning investorlari tarafidan mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar yoki undan keyin amalga oshirilayotgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi. Biroq Bitim u kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan nizolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
12- modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Har bir Tomon boshqa Tomonga mazkur Bitim bilan bogʻliq har qanday masala boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Boshqa Tomon taklifni xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi va bunday maslahatlashuvlar uchun imkoniyatni nazarga oladi.
13- modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish
Oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning kelishuvi boʻyicha alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ushbu bayonnomalar mazkur Bitimning ajralmas qismidir va mazkur Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradi.
14-modda
1. Har bir Tomon boshqa tomonni mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan konstitutsiyaviy qoidalarning bajarilishi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Mazkur Bitim ikki bildirish xatining soʻnggisi olingan sanadan boshlab oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim oʻn yil davomida kuchida qoladi. Kelgusida u Tomonlardan istalgani uning bekor qilinishi toʻgʻrisida boshqa tomonga yozma bildirish joʻnatgan vaqtdan oʻn ikki oy oʻtgunga qadar kuchida qoladi.
3. Mazkur Bitim denonsatsiya qilingan kunda mazkur Bitimning qoidalari mazkur Bitimning amal qilishi toʻxtagan kundan vaqtgacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan kelgusidagi oʻn yillik davr davomida kuchida qoladi.
Manama shahrida 2009-yil 16-noyabrda har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida ikki asl nushada tuzildi bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)