Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDAGI “BUNYODKOR” STADIONIDAN FOYDALANISHNI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011—2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 19-yanvardagi PQ-1466-son qarorini bajarish yuzasidan hamda Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-apreldagi 102-son va 2012-yil 13-martdagi 70-son qarorlariga muvofiq Toshkent shahrida xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan va zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlangan “Bunyodkor” stadionining qurilishi tugallanayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “FK BUNYODKOR” FK OAJ, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Futbol federatsiyasining:
“FK BUNYODKOR” FK OAJ huzurida yuridik shaxs shaklida “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) tashkil etish;
Direksiyaga Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash masalalari toʻgʻrisida” 2012-yil 1-iyundagi 158-son qarorining bojxona va soliq imtiyozlari berishni nazarda tutuvchi qoidalarini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar:
“Bunyodkor” stadionining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin
4. Belgilansinki, Direksiya faoliyatini moliyalashtirish, “Bunyodkor” stadionini saqlash va undan foydalanish:
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi mablagʻlari;
“FK BUNYODKOR” FK OAJ mablagʻlari;
Direksiyaning oʻz daromadlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi Direksiya faoliyati oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasinlar.
5. “FK BUNYODKOR” FK OAJ bir oy muddatda:
Direksiyaning ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishgan holda Direksiyaning shtatlar jadvali va xodimlarning lavozim maoshlari miqdorini tasdiqlasin;
Direksiyani malakali boshqaruv va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. “FK BUNYODKOR” FK OAJ Direksiya bilan birgalikda qurilishi tugallangan obyektlarga hamda oʻrnatilgan asbob-uskunalarga joriy xizmat koʻrsatilishini va ulardan foydalanilishini, shuningdek ularning saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi va “FK BUNYODKOR” FK OAJ Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Bunyodkor” stadioni kompleksidan samarali va oqilona foydalanish chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, bunda:
“Bunyodkor” futbol klubi tadbirlari va oʻyinlariga xizmat koʻrsatilishi;
stadionda Respublika va xalqaro sport musobaqalari va tadbirlarining oʻtkazilishi;
“Bunyodkor” futbol klubi huzurida bolalar-oʻsmirlar futbol maktabi faoliyat koʻrsatishi;
Toshkent shahri aholisi, ayniqsa bolalar, oʻsmirlar va yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi nazarda tutilsin.
8. Direksiya yangi qurilgan “Bunyodkor” stadioniga: Toshkent shahar, Bunyodkor koʻchasi, 47-uy manziliga joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Gʻ.I.Ibragimov va A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 2-avgust,
235-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 2-avgustdagi 235-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Bunyodkor” stadionining tashkiliy tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 2-avgustdagi 235-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasining
tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 32-son, 375-modda)