O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HUQUQIY TARG‘IBOT VA MA’RIFAT BO‘YIChA DAVLAT ORGANLARI IShLARINI MUVOFIQLAShTIRISh BO‘YIChA IDORALARARO KENGASh TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-apreldagi 175-sonli “Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ–1602-son qaroriga muvofiq hamda davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini hamda madaniyatini oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash bir oy muddatda o‘z Reglamentini tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri N. Yo‘ldoshev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 23-iyul,
226-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-iyuldagi 226-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash to‘g‘risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ–1602-son qaroriga muvofiq Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda Idoralararo kengash deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
Idoralararo kengash O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi kollegial organ hisoblanadi.
2. Idoralararo kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, mazkur Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Idoralararo kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
II. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish;
huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sifatini yaxshilash, shuningdek ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalarining huquqiy bilim darajasini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va kiritish;
aholi bilan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, ushbu ishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish.
5. Idoralararo kengash o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish sohasida:
huquqiy targ‘ibot sohasida davlat boshqaruv organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining kelishilgan faoliyat yuritishlarini ta’minlaydi;
davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlaridan ular tomonidan huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni so‘raydi va oladi, ularning bajarilishi ahvolini tahlil qiladi, umumlashtiradi, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
davlat organlarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi faoliyatiga doir tadbir va dasturlarning bajarilishini o‘rganadi, ularning hisobotlarini eshitib boradi;
davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasidagi faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
huquqiy targ‘ibot va ma’rifat ishlarini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasi va dasturlarining amalga oshirilishini tashkil etadi;
huquqiy targ‘ibot va ma’rifat ishlarining uslubiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etish, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishning zamonaviy shakllarini joriy etish bo‘yicha asoslantirilgan tavsiyalar ishlab chiqadi;
b) huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiya tizimini takomillashtirish sohasida:
davlat organlarining oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganadi, zamonaviy talablar va standartlarni hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
mamlakatda huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar o‘quv yurtlarining huquqshunoslik yo‘nalishidagi talabalari va o‘quvchilari uchun o‘quv dasturlari va rejalarini o‘rganadi, ularni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
huquqshunoslik fanini rivojlantirishning dolzarb masalalarini o‘rganadi, ilmiy-tadqiqot ishlari rejalarini ko‘rib chiqadi;
v) aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish sohasida:
ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;
ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan huquqiy mavzudagi materiallarni tahlil qiladi, ularning mazmunini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi;
jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek qonuniylikni mustahkamlash maqsadida aholi o‘rtasida huquqiy bilimlarning keng targ‘ibot-tashviqot qilinishini tashkil etadi;
aholini huquqiy axborotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta’minlaydi.
III. Idoralararo kengashning huquqlari va javobgarligi
6. Idoralararo kengash quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va ta’lim muassasalari tomonidan huquqiy targ‘ibot va huquqiy ma’rifat bo‘yicha olib borayotgan ishlarini o‘rganish, shuningdek ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;
huquqiy targ‘ibot va ma’rifat, shuningdek umumta’lim faoliyati bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalaridan belgilangan tartibda talab qilib olish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
huquqiy targ‘ibot ishlarini amalga oshirish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlarini, shuningdek mutaxassislar, olimlar va fuqarolarni jalb qilish;
davlat organlarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat ishlarini olib borishga doir ish rejalari, chora-tadbirlar rejalari hamda dasturlarini va boshqa hujjatlarni o‘rganish, ularni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berish.
Idoralararo kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
7. Idoralararo kengash mazkur Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash uchun mas’uldir.
IV. Idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish
8. Idoralararo kengashga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri rahbarlik qiladi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Idoralararo kengash majlislari kun tartibini belgilash va majlislarini chaqirish;
Idoralararo kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Idoralararo kengash a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Idoralararo kengashning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Idoralararo kengash a’zolari:
Idoralararo kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning dolzarb masalalari bo‘yicha Idoralararo kengashga takliflar kiritadilar;
Idoralararo kengash muhokama qiladigan masalalar bo‘yicha xulosalar beradilar.
Idoralararo kengash a’zolari Idoralararo kengashdagi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Idoralararo kengash o‘z faoliyatini tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiradi va majlislarini zaruriyatga ko‘ra, lekin yiliga kamida ikki marta o‘tkazadi. Idoralararo kengash raisi tomonidan uning a’zolarining navbatdan tashqari majlis o‘tkazish uchun sabablari va asoslari bayon qilinishi lozim bo‘lgan yozma iltimosnomasiga asosan navbatdan tashqari majlis chaqirilishi mumkin.
11. Idoralararo kengash majlisini uning raisi olib boradi. Idoralararo kengash raisi bo‘lmagan taqdirda majlisni Idoralararo kengash a’zolaridan biri boshqaradi.
Idoralararo kengash majlisi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi.
Majlis o‘tkazish uchun kvorum bo‘lmaganda Idoralararo kengashning yangi majlis o‘tkazish sanasi e’lon qilinadi. Yangi majlis o‘tkazishda uning kun tartibi o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Idoralararo kengash majlisiga unda ko‘rib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga ko‘ra davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
13. Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining Adliya vazirligiga ajratiladigan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
V. Idoralararo kengashning ishchi organi va kotibi
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va huquqiy ta’lim boshqarmasi Idoralararo kengashning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
15. Ishchi organ:
Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Idoralararo kengashning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Idoralararo kengash muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini ta’minlaydi;
Idoralararo kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;
Idoralararo kengash majlisi kun tartibi masalasi bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlanishini va majlis o‘tkazilishini tashkil etadi.
kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi va Idoralararo kengash vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar loyihalarini tayyorlaydi;
Idoralararo kengash ko‘rib chiqishi uchun uning qaroriga muvofiq boshqa materiallarni taqdim etadi.
16. Idoralararo kengashning kotibi:
Idoralararo kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
Idoralararo kengash majlisiga materiallar tayyorlash bo‘yicha ishchi organning ishini tashkil etadi;
kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Idoralararo kengash majlislari o‘tkazilishini tashkil qiladi;
Idoralararo kengash raisi bilan majlis o‘tkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar ro‘yxatini kelishadi;
Idoralararo kengash a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning o‘tkaziladigan sanasi, vaqti, joyi to‘g‘risida xabardor qiladi;
Idoralararo kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning natijasini ko‘rib chiqish uchun Idoralararo kengash majlisiga taqdim etadi;
Idoralararo kengash protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni Idoralararo kengash a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
VI. Idoralararo kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
17. Idoralararo kengash qarori Idoralararo kengashning majlisda qatnashayotgan a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda Idoralararo kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Idoralararo kengashning har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
18. Idoralararo kengash raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Idoralararo kengashning alohida masalalar bo‘yicha Idoralararo kengash a’zolari bilan kelishilgan qarorlarini so‘rov yo‘li bilan tasdiqlashi mumkin.
19. Idoralararo kengash qarorlari Idoralararo kengash majlisi protokol bilan rasmiylashtiriladi. Idoralararo kengash majlisi protokoliga uning barcha a’zolari tomonidan viza qo‘yiladi, u kotib tomonidan imzolanadi, Idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Idoralararo kengash a’zolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
20. Idoralararo kengash protokolining asl nusxasi va unga tegishli materiallar ishchi organda saqlanadi.
21. Idoralararo kengashning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarining davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
22. Idoralararo kengashning ishchi organi va kotibi Idoralararo kengash qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda o‘rganadilar va ko‘rib chiqadilar, zaruriyat bo‘lganda Idoralararo kengash raisiga tegishli takliflar kiritadilar.
23. Idoralararo kengash qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ahvolini o‘z majlislarida muntazam ravishda ko‘rib chiqadi.
24. Idoralararo kengashning ish tartibi Reglamentda belgilanadi. Reglament Idoralararo kengash tomonidan qabul qilinadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 30-son, 349-modda)