Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
XOʻJALIK SHARTNOMALARINI TUZISH, OʻZGARTIRISH VA BEKOR QILISHNI TARTIBGA SOLUVCHI FUQAROLIK QONUN HUJJATLARI NORMALARINI QOʻLLASHNING AYRIM MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllash boʻyicha bir xil sud amaliyotini shakllantirish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasini qoʻllab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik (iqtisodiy) faoliyati sohasida xoʻjalik shartnomalarini (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda iqtisodiy sudlar (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari normalarini qoʻllashlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. FKning 8-moddasiga koʻra fuqarolik munosabatlari ishtirokchilarida fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asoslaridan biri shartnoma hisoblanadi.
Shartnoma FK 2 va 354-moddalarining (shartnoma tuzish erkinligi prinsipi), 102-moddasi uchinchi qismining (shartnoma tuzish uchun taraflarning kelishilgan xohishi mavjudligi), 105, 107, 108, 110, 111-moddalarining (tegishli shakllarga rioya qilish), 364-moddasining (shartnoma taraflari oʻrtasida uning barcha muhim shartlari yuzasidan kelishuvga erishish) talablariga javob berishi lozim.
3. FKning 364-moddasiga muvofiq agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar, qonunda yoki boshqa huquqiy hujjatlarda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.
4. Shartnomani tuzish jarayoni ikki bosqichdan iborat boʻladi: birinchi bosqich oferta, ikkinchi bosqich aksept deb ataladi. Shartnoma tuzishni taklif qiluvchi taraf oferent, taklifni qabul qiluvchi taraf esa akseptant hisoblanadi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shartnomaviy-huquqiy munosabatlarga kirishish haqidagi har qanday taklif ham oferta deb tan olinmaydi. Taklif oferta xususiyatlariga javob berishi uchun u FKning 367-moddasiga muvofiq yetarli darajada aniq boʻlishi va shaxsning shartnoma tuzish niyatini aniq ifoda etishi, shartnomaning barcha muhim shartlarini oʻz ichiga olishi va bir yoki bir necha muayyan shaxslarga yuborilgan boʻlishi lozim.
Taklifda yuqorida koʻrsatilgan belgilardan birining yoʻqligi sudlar tomonidan oferta qilishga taklif etish deb baholanishi kerak.
FKning 376-moddasiga muvofiq agar shartnomada uning tuzilgan joyi koʻrsatilgan boʻlmasa, shartnoma oferta yoʻllagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi.
5. Sudlarga tushuntirilsinki, shartnoma u tuzilgan sanada amalda boʻlgan qonun hujjatlari bilan oʻrnatilgan, taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy boʻlgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan boʻlsa, tuzilgan shartnomaning shartlari oʻz kuchini saqlab qoladi, qonunda avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiqqan munosabatlarga ham tatbiq etilishi koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Bunda sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, majburiyatni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatning bekor qilinganligi shartnomadan mazkur hujjatda nazarda tutilgan javobgarlik toʻgʻrisidagi shartni chiqarib tashlash uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.
6. FK 365-moddasining birinchi qismiga muvofiq oferta yoʻllagan shaxs uning akseptini olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Ofertada aksept muddati koʻrsatilgan boʻlsa, aksept oferta yoʻllagan shaxs tomonidan unda koʻrsatilgan muddat mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
FK 373-moddasining birinchi qismiga koʻra yozma ofertada aksept muddati koʻrsatilmagan aksept oferta yoʻllagan shaxs tomonidan qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan muddatlarda, agar bunday muddat belgilab qoʻyilgan boʻlmasa — buning uchun normal zarur boʻlgan vaqt mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, FK shartnomalarni tuzishda shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan taraflar kelishuvga erishgan va u tegishli shaklga keltirilgan boʻlishidan tashqari, qonunga binoan muayyan harakatlarni bajarishning talab etilishini ham nazarda tutadi. Xususan, FK 732-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi, FK 759-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq esa, bank omonati shartnomasi omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi va h.k.
7. FK 370-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish boʻyicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha maʼno kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept boʻlmaydi.
Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda olgan shaxsning unda koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni joʻnatish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish, tegishli summani toʻlash va h.k.), agar qonun hujjatlarida yoki ofertada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoki koʻrsatilmagan boʻlsa, aksept hisoblanadi.
8. “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga koʻra xoʻjalik shartnomasi bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan yozma shaklda tuziladi.
Notarial tasdiqlanishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, notarial tasdiqlanishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi zarur boʻlganda esa — shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
FK 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq, agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni toʻla yoki qisman bajargan boʻlsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi boʻyicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
Agar davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan boʻlib, ammo taraflardan biri uni roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan boʻlsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan boʻlmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilgandan keyin tuzilgan hisoblanadi.
Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yoʻli bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar taraflarning shartnomaviy huquqiy munosabatlarga kirishganligi yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlansa, shartnomaning mavjud emasligi daʼvogarning yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar qiymatini undirish haqidagi talablarini qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelishi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, ushbu qoida qoʻllanilmaydi.
9. FKning 357-moddasiga muvofiq shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy boʻlib qoladi.
Shu bilan bir vaqtda taraflar oʻzlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzilishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qoʻllaniladi deb belgilab qoʻyishga haqlidirlar.
FK 357-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma boʻyicha majburiyatlari bekor boʻlishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin. Agar bunday shart mavjud boʻlmasa, shartnomaning amal qilish muddati tugagan boʻlsa ham, taraflar oʻz zimmalariga olgan barcha majburiyatlarini lozim darajada bajargan taqdirdagina shartnoma oʻzining amal qilishini tugatadi.
Shartnomaning amal qilish muddatining tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
10. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonunchilik hujjatlarida shartnoma tuzish majburiy boʻlgan holatlar ham oʻrnatilgan. Xususan, ommaviy shartnoma (FKning 358-moddasi), dastlabki shartnomada nazarda tutilgan asosiy shartnoma (FKning 361-moddasi), kim oshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnoma (FKning 379-moddasi), davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi (FKning 457-459-moddalari) va h.k.
Oldingi tahrirga qarang.
11. IPK 26-moddasining 1-bandiga muvofiq tuzilishi qonunda nazarda tutilgan shartnoma yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar yoki shartnoma yuzasidan kelib chiqqan boʻlib, hal etish uchun iqtisodiy sudga topshirish haqida taraflar oʻzaro kelishgan ixtiloflar hal etish uchun sudga topshirilishi mumkin.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Taraflar oʻrtasida nizoni hal etish uchun sudga topshirish haqidagi kelishuv sharti turli xil shakllarda, masalan, xat, telegramma, faksimil va elektron aloqa vositasi orqali axborot almashish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Shartnoma boʻyicha kelishmovchiliklarni hal etish uchun sudga topshirish sharti tuzilayotgan shartnomada nazarda tutilishi va uning loyihasiga taraflardan biri tomonidan kiritilishi mumkin, agar boshqa taraf kelishmovchiliklar bayonnomasida loyihaning mazkur sharti boʻyicha biror bir eʼtiroz bildirmagan boʻlsa.
Qolgan hollarda bunday huquq faqat u qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda vujudga keladi. Shartnoma tuzish bir taraf uchun qonunga koʻra majburiy boʻlgan va taraflar oʻrtasida shartnomani tuzishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda FKning 377-moddasida koʻrsatilgan qoidalar majburiy tartibda qoʻllaniladi.
12. Shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan boʻyin tovlagan holda, boshqa taraf shartnoma tuzishga majburlash haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, daʼvo talablari nafaqat butun shartnomaga, balki uning ayrim shartlariga ham tegishli boʻlishi mumkin.
Daʼvogar daʼvo arizasiga tuzishga majbur etilgan shartnoma loyihasini ilova qilishi shart.
13. FK 377-moddasining ikkinchi qismida kelishmovchiliklar bayonnomasini sudda koʻrib chiqish uchun topshirishning oʻttiz kunlik muddati oʻrnatilgan. Shu bilan birgalikda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, ushbu muddatning oʻtkazib yuborilganligi daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
Oferta yoʻllagan taraf kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga uning muddati oʻtganidan keyin topshirgan, boshqa taraf esa bunga eʼtiroz bildirmagan hollarda sud bunday arizani mazmunan koʻrib chiqadi. Agar boshqa taraf bunga qarshi eʼtiroz bildirgan boʻlsa, sud maxsus daʼvo muddatining oʻtishi oqibatlarini qoʻllab, daʼvoni rad etadi. Bu holda shartnoma oferta shartlarida qabul qilin-gan hisoblanadi. Bunda, agar sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, u FKning 159-moddasiga muvofiq daʼvo muddatini tiklab, nizoni mazmunan koʻrib chiqadi.
14. Agar shartnomani tuzishi majburiy boʻlmasada, lekin taraflardan biri shartnoma boʻyicha kelishmovchiliklarni hal etish uchun sudga topshirgan va sud ushbu kelishmovchiliklarni ish yuritishga qabul qilgan, mazkur shartnoma boʻyicha kontragent esa ushbu shartnoma yuzasidan oʻzining takliflarini sudga taqdim etgan boʻlsa, sud nizo uni koʻrib chiqish uchun taraflarning kelishuvi boʻyicha berilgan, deb hisoblashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, shartnoma tuzishga majbur etish toʻgʻrisida daʼvo arizasi taqdim qilingan holda, agar shartnoma tuzish taraflar uchun majburiy boʻlmasa, sud bunday talabni qanoatlantirishni rad etadi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15. Shartnomaning ayrim shartlari boʻyicha shartnoma oldidan boʻlgan nizoni koʻrib chiqishda sudlar shartnomaning barcha shartlarining qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshirishlari lozim. Shartnoma shartlari qonunchilikka muvofiq emasligi aniqlangan holda, sud taraflarga hal qiluv qarori chiqarilgunga qadar nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif etadi va buning uchun muhlat beradi, bu sud majlisi bayonnomasida yoki sudning ajrimida aks ettiriladi. Agar sudning mazkur taklifi taraflar tomonidan bajarilmasa, sud shartnomani qonun hujjatlariga zid boʻlgan tahrirda tuzishga majbur qilishni rad etadi, yetarli asoslar mavjud boʻlgan holda esa, ishdagi holatlardan kelib chiqib, sud qonunchilikka zid boʻlmagan tahrirda shartnomani tuzishga majbur etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin taraflar qoʻshimcha ravishda alohida hujjat tarzidagi shartnomani tuzishga va imzolashga majbur emaslar.
16. FK 235-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq majburiyat unda taraflar sifatida qatnashmagan shaxslar (uchinchi shaxslar) uchun burchlar hosil qilmaydi. Sudlar nazarda tutishlari kerakki, agar shartnomaning shartlari uchinchi shaxslarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmasa, shartnomani tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga unda faqat ishtirok etuvchi shaxslar haqlidir.
Davlat organlari va boshqa organlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda daʼvo taqdim etishlari mumkin.
17. Shartnoma uchinchi shaxs foydasiga tuzilgan taqdirda FKning 362-moddasiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uchinchi shaxs shartnoma boʻyicha oʻz huquqidan foydalanish niyatini qarzdorga bildirgan paytdan boshlab taraflar oʻzlari tuzgan shartnomani uchinchi shaxsning roziligisiz bekor qilishlari yoki oʻzgartirishlari mumkin emas.
18. Shartnomaning amal qilish davrida taraflar oʻzaro kelishuvga muvofiq uni amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻzgartirishga ham, bekor qilishga ham haqlidirlar.
Shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonun hujjatlaridan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.
FK 382-moddasining ikkinchi qismi qoidalaridan kelib chiqib, shartnoma sudning hal qiluv qaroriga binoan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
FK, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.
FK 382-moddasining uchinchi qismiga muvofiq taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.
FK 384-moddasining ikkinchi qismida belgilanganki, bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa — oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin. Bunda oʻttiz kunlik muddat taklif olingan paytdan, agar taklif olingan muddat nomaʼlum boʻlsa, ikkinchi taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifni olishi uchun normal zarur boʻlgan vaqt oʻtgan paytdan boshlab hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Mazkur toifadagi nizolarni hal etishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, IPK 148-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, nizo mazkur tartibga rioya etilganidan soʻnggina sudga koʻrib chiqish uchun topshirilishi mumkin. Shu sababli bunday toifadagi nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilmaganligi IPK 107-moddasining 5-bandiga muvofiq daʼvoni koʻrmasdan qoldirish uchun asos hisoblanadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
20. Vaziyat jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga doir nizolarni koʻrib chiqishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, agar taraflar shartnomani jiddiy oʻzgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan boʻlsalar, shartnoma FK 383-moddasi uchinchi qismining 1-4-bandlarida sanab oʻtilgan barcha shartlar bir vaqtda mavjud boʻlgan holdagina bekor qilinishi (oʻzgartirilishi) mumkin.
Mazkur nizolarning sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi FK 383-moddasining beshinchi qismi talablari inobatga olingan holda amalga oshirilishi lozim.
21. Sudlarga tushuntirilsinki, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda agar sud shartnoma tuzilmaganligini yoki shartnomaning amal qilish muddati tugaganligini aniqlasa, u daʼvoni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
22. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish oqibatlari FKning 385-moddasida belgilangan boʻlib, unga koʻra shartnoma oʻzgartirilganida taraflarning majburiyatlari oʻzgartirilgan holda saqlanib qoladi, shartnoma bekor qilinganida esa, taraflarning majburiyatlari bekor boʻladi.
Shartnoma oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda, agar kelishuvdan yoki shartnomani oʻzgartirish xususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, taraflar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, shartnoma sud tartibida oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganida esa — sudning shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab majburiyatlar oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.
23. Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga doir nizolarni koʻrib chiqishda sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, FK 385-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, taraflar shartnoma oʻzgartirilguncha yoki bekor qilinguncha majburiyat boʻyicha oʻzlari bajargan narsalarni qaytarib berishni talab qilishga haqli emaslar.
24. Sudlar shartnomani haqiqiy emas deb topish va shartnomani bekor qilish tushunchalarini farqlashlari lozim. Shartnomani haqiqiy emas deb topishga FKning 113—126-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra yoʻl qoʻyiladi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shartnomaning haqiqiy emasligi va uni bekor qilish oʻrtasidagi farq quyidagilardan iborat:
shartnomaning haqiqiy emasligiga uning noqonuniyligi, bekor qilinishiga esa, shartnomani bekor qilishga talab qilinadigan holatlarning yuzaga kelishi asos boʻladi, bunda uning qonuniyligi nizolashilmaydi;
haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir, shartnomani bekor qilish esa u amalda boʻlgan vaqtdagi oʻzaro huquq va majburiyatlarga taʼsir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga taalluqlidir;
bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi talabdan farqli oʻlaroq, shartnomani bekor qilish haqidagi talabga shartnoma amal qilishining butun muddati mobaynida yoʻl qoʻyiladi.
Shartnomani haqiqiy emas deb topish va uning oqibatlarini koʻllash masalasi sud tomonidan har qanday manfaatdor shaxsning talabiga binoan koʻrib chiqilishi mumkin. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan shartnomaning haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllash masalasini sud oʻz tashabbusi bilan ham hal etishga haqli.
25. FK 382-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra bir taraf shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bosh tortib, qonun yoxud taraflarning kelishuvida bunga yoʻl qoʻyilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hisoblanadi.
Qonunchilikka muvofiq shartnomani bajarishdan bir taraflama bosh tortishga muayyan shartlar mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi (FK 422-moddasining uchinchi qismi, 746-moddasining birinchi qismi va h.k.). Bunday hollarda shartnomani bekor qilish talab etilmaydi.
Shartnomani bajarishdan bir taraflama bosh tortish uchun bu haqda ikkinchi tarafga xabar berishning oʻzi yetarlidir.
26. Sudlarga tushuntirilsinki, agar shartnomada uni bir taraflama bekor qilish sharti koʻzda tutilgan boʻlib, lekin manfaatdor taraf shartnomani bekor qilish toʻgʻrisida daʼvo bilan sudga murojaat qilgan boʻlsa, bunday daʼvo arizasi sud tomonidan umumiy qoidalar boʻyicha koʻrib chiqilishi lozim.
Toshkent sh.,
2009-yil 18-dekabr,
203-son