O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2012/2013 O‘QUV YILIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIM MUASSASALARIGA QABUL TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika mintaqalari iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida talab yuqori bo‘lgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlashni, umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida aniq kasblar bo‘yicha kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga amaldagi ehtiyojni tanqidiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan, 2012/2013 o‘quv yilidan boshlab respublika mintaqalarida 1-ilovaga* muvofiq 23 ta kasb-hunar kollejini kasblar va mutaxassisliklarni kengaytirgan va unifikatsiya qilgan holda qayta ixtisoslashtirishga doir takliflari qabul qilinsin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olgan holda tayyorlangan 2012/2013 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini respublikaning kasb-hunar kollejlariga va akademik litseylariga qabul qilishning umumiy parametrlari 2 va 2.1 — 2.13-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*2 va 2.1 — 2.13-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan
3. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (A.N.Aripov), respublikaning kasb-hunar kollejlariga va akademik litseylariga qabul qilishning tasdiqlangan umumiy parametrlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining takliflari asosida ikki hafta muddatda 2012/2013 o‘quv yilida viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha har bir akademik litsey va kasb-hunar kollejiga umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini qabul qilish parametrlarini tasdiqlasin.
Bunda umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini, o‘quvchilar va ular ota-onalarining tanlangan, iqtisodiyot tarmoqlarida ehtiyoj mavjud bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga talabini, shuningdek ta’lim muassasalarida zarur moddiy-texnika bazasi mavjudligini hisobga olgan holda, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qitish bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga alohida e’tibor berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga (A.N.Aripov), zaruriyat bo‘lganda, umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida o‘qitish bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash maqsadida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘z tasarrufida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2012/2013 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga qabul qilishning belgilangan umumiy parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar hamda shu yil 10-avgustgacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga qamrab olish natijalari bo‘yicha yakuniy axborot taqdim etsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012/2013 o‘quv yilida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul qilishning tasdiqlangan parametrlarini hisobga olgan holda, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar ta’minoti uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda qayta ixtisoslashtirilayotgan, yangidan foydalanishga topshirilayotgan kasb-hunar kollejlarida va kasb-hunar kollejlari filiallarida 2012/2013 o‘quv yili boshlangunga qadar sifatli o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, ularni yuqori malakali o‘qituvchi kadrlar bilan to‘ldirish, ularni kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, zarur normativ-huquqiy hujjatlar, o‘quv va uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
8. Tumanlar, shaharlar va viloyatlar hokimlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga umumta’lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini akademik litseylarda va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish bilan qamrab olish bo‘yicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan umumiy parametrlarning bajarilishi, shuningdek yuzaga keladigan tashkiliy-texnik masalalarni hal etish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-may,
144-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 21-son, 233-modda)