Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “FOND BOZORINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA” 2012-YIL 19-MARTDAGI PQ-1727-SON QARORINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fond bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 19-martdagi PQ-1727-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Toshkent” respublika fond birjasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Davlat-tijorat Xalq banki, “Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat banki va “Oʻzsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat bankining:
“Toshkent” respublika fond birjasi” oʻz aksiyadorlaridan aksiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bozor qiymati boʻyicha sotib olishini, Davlat mulki qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fond bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 19-martdagi PQ-1727-son qarorining 4-bandida koʻrsatilgan tijorat banklaridan tashqari (keyingi oʻrinlarda tijorat banklari deb ataladi);
“Toshkent” respublika fond birjasi” oʻzi sotib olgan aksiyalarni xarajatlarni hisobga olgan holda ular sotib olingan narx boʻyicha mutanosib asosda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha tijorat banklariga sotishini;
Toshkent shahar, Buxoro koʻchasi, 10-uyda joylashgan “Respublika birja markazidan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda RBM binosi deb ataladi) tarzidagi mulkiy kompleks Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan “Toshkent” respublika fond birjasi”ga berilishi hisobiga “Toshkent” respublika fond birjasi”ning ustav fondi 45 mlrd soʻmgacha oshirilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
“Toshkent” respublika fond birjasi”ning ustav fondidagi Davlat mulki qoʻmitasiga tegishli boʻlgan aksiyalar (ustav fondining 75 foizidan oshadigan qismi boʻyicha) nominal qiymati boʻyicha tijorat banklariga sotilishini, aksiyalarni sotishdan tushgan mablagʻlar fond bozorini yanada rivojlantirish uchun, shu jumladan “Eng yaxshi korporativ boshqaruv”, “Eng yaxshi investitsiya vositachisi” va “Eng yaxshi investitsiya konsultanti” har yilgi tanlovini oʻtkazish uchun, shuningdek korporativ boshqaruv va moliya bozori sohasida xalqaro konferensiyalar, “davra suhbatlari” va seminarlar oʻtkazish uchun “Toshkent” respublika fond birjasi”ning maxsus hisob raqamiga maqsadli yoʻnaltirilishini nazarda tutadigan takliflariga rozilik berilsin. Koʻrsatib oʻtilgan maxsus hisob raqamidagi mablagʻlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishgan holda sarflanadi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 323-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/323/0508-son)
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan “Toshkent” respublika fond birjasi”ning ustav fondiga beriladigan RBM binosining qiymati 44,0 mlrd soʻm etib belgilanganligi;
“Toshkent” respublika fond birjasi”ning qarori bilan RBM binosidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari egallab turgan xonalar uchun ijara toʻlovining nul stavkasi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bilan birgalikda “Toshkent” respublika fond birjasi”ning ustav fondi 45 mlrd soʻmgacha oshirilishini;
qoʻshimcha ravishda chiqariladigan aksiyalar haqining tijorat banklari bilan birgalikda toʻlanishini;
fond bozori uchun umumiy summasi kamida 6 mln AQSH dollari boʻlgan Yagona dasturiy-texnik kompleksni yetkazib berish va joriy etishga “Toshkent” respublika fond birjasi”ning bitta aksiya kam 25 foiz miqdoridagi aksiyalar paketini ayirboshlash boʻyicha Koreya fond birjasi bilan shartnoma tuzilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 22-may,
140-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 22-maydagi 140-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent” respublika fond birjasining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash va qimmatli qogʻozlar bozori infrastrukturasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 8-iyundagi 285-son qarorida:
8-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
2-ilovaning 18-bandi ikkinchi xatboshiga “savdo tashkilotchilari” soʻzlaridan keyin “fond birjasi va” soʻzlari qoʻshilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-avgustdagi 650-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2019-y., 09/19/650/3532-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
4. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 29-dekabrdagi 284-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 12-son, 70-modda) bilan tasdiqlangan Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarish Yagona davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 13-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Reyestrga yozuv roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan ushbu Nizomning 12- bandida nazarda tutilgan oʻzgartirishlar kiritish uchun asoslar paydo boʻlgandan keyin uch ish kuni mobaynida kiritiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ davlat roʻyxatidan oʻtkazish organining yuridik shaxslarning davlat reyestriga yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi yozuvni kiritish haqidagi yozma tasdiqnomasi asosida qimmatli qogʻozlar chiqarishni Reyestrdan chiqarib tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 21-son, 230-modda; 2016-y., 6-son, 56-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2019-y., 09/19/650/3532-son; 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son, 10.06.2022-y., 09/22/323/0508-son)