Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAʼLIM MUASSASALARIDA MOBIL TELEFONLARDAN FOYDALANISHNI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Taʼlim-tarbiya jarayoni samaradorligini yanada oshirishni taʼminlash, har tomonlama rivojlangan va barkamol avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar, nodavlat taʼlim muassasalari bilan birgalikda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablarining izchil bajarilishini;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomning maqsadi va vazifalari aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 21-may,
139-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom, idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasasi deb ataladi) mobil telefonlardan (keyingi oʻrinlarda telefon deb ataladi) foydalanish tartibini belgilaydi hamda sifatli taʼlim olish va kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlishda, davlat va jamiyat manfaatlari yoʻlida oʻquvchi yoshlarning sogʻligʻini saqlashda xavf-xatarlarni kamaytirishda oʻquvchilar va talabalarning (keyingi oʻrinlarda taʼlim oluvchilar deb ataladi) konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2. Taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish samaradorligiga erishish va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish ushbu Nizomning maqsadlari hisoblanadi.
3. Ushbu Nizom davlat va nodavlat taʼlim muassasalariga tatbiq etiladi hamda taʼlim oluvchilarga, shuningdek taʼlim muassasalarining barcha toifalardagi xodimlariga nisbatan amal qiladi.
4. Telefonning saqlanishi uchun faqat uning egasi (ota-onalar) javob beradilar.
5. Ushbu Nizomning maqsadlariga muvofiq uni ishlab chiqish quyidagi vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan:
a) boy intellektual meros asosida yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, milliy mustaqillik gʻoyalarini hurmat qilish va ularga sadoqat ruhida tarbiyalash;
b) oʻquv jarayonida, shu jumladan taʼlim oluvchilar tomonidan telefonlardan foydalanish bilan bogʻliq quyidagi salbiy hodisalarning oldini olish va bartaraf etish:
oʻquv materiallarini ulardan shpargalkalar sifatida foydalanish uchun, shuningdek mashgʻulotlar vaqtida taʼlim oluvchilar foydalanishadigan turli oʻyinlarni yozib olish va telefon xotirasida saqlash;
yoshlar oʻrtasida maʼnaviy-axloqiy xislatlarni buzuvchi, zoʻravonlik, shafqatsizlik va pornografik, shuningdek reaksion-sektant, soxta diniy mafkurani targʻib qiluvchi, atrofdagilarni salbiy harakatlarga undovchi materiallardan iborat boʻlgan, koʻrgazma, fon sifatida xizmat qiluvchi rasmlar, audio-videoyozuvlar, chizma va suratli tasvirlar, ovozli video roliklarni namoyish etish, tarqatish, qoʻllanish;
v) taʼlim muassasalarining ichki tartib-qoidalariga rioya etishni taʼminlash uchun taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilar tomonidan telefonlardan foydalanishni tartibga solish.
II. Taʼlim muassasalari hududi va xonalarida telefonlardan foydalanish tartibi
6. Taʼlim muassasasiga kirib kelishda har bir taʼlim oluvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar oʻz telefoni abonentining chaqiruv ovozini toʻliq oʻchirib qoʻyishi (telefonni “ovozsiz” rejimga oʻtkazishi) shart.
7. Taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin taʼlim oluvchilar:
telefonini oʻchirib qoʻyishi;
telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qoʻyishi shart.
8. Taʼlim oluvchilarga quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:
a) telefonini boʻyniga osib olish, koʻkrak choʻntaklarida, shim, yubkalari choʻntaklarida va shu kabilarda saqlash;
b) telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun taʼlim muassasasi elektr tarmoqlariga ulash;
v) telefoni yordamida:
atrofdagilarga zoʻravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targʻib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
taʼlim muassasasining nufuziga, shu jumladan zoʻravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yoʻli bilan zarar yetkazish;
g) oʻquv mashgʻulotlari vaqtida:
telefon orqali soʻzlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni joʻnatish;
telefonni stol ustiga qoʻyish;
musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash;
surat va video tasvirlarni koʻrsatishda telefondan foydalanish (oʻyinlar bilan shugʻullanish), tasvir (matn, rasm, videoyozuv va fotosuratlar) koʻrish, diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yon daftarcha kabilar sifatida foydalanish;
suratga olish va video tasvirga tushirish;
telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.
9. Taʼlim muassasasida taʼlim oluvchilarga mashgʻulotlar va tadbirlar oraligʻida faqat asosli va kechiktirib boʻlmaydigan zarur holatlarda ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, taʼlim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bogʻlanish maqsadida telefonlardan foydalanishga (qoʻngʻiroq qilishga, SMS, MMS, GPRS joʻnatishga, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi.
10. Mashgʻulotlar va turli tadbirlar oraligʻida telefon orqali soʻzlashish uchun xonadan yoʻlakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.
11. Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda taʼlim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.
12. Taʼlim muassasasining oʻqituvchilari va boshqa xodimlari:
oʻquv mashgʻulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas;
darsdan tashqari vaqtda taʼlim oluvchilar ishtirokida telefondan foydalanishni imkoni boricha cheklashlari shart.
III. Nizom talablarini buzganlik uchun javobgarlik
13. Ushbu Nizom talablarini buzgan taʼlim oluvchilarga nisbatan quyidagi taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanadi:
ogohlantirish;
ularning kundalik daftariga yozib qoʻyish;
ota-onalarini (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish suhbati oʻtkazish uchun taʼlim muassasasiga chaqirish.
Ushbu Nizom talablarini buzgan talabalarga nisbatan oliy taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga muvofiq choralar koʻriladi.
14. Ushbu Nizom talablari buzilgan taqdirda taʼlim muassasasining har qanday pedagog xodimi taʼlim oluvchidan telefonni olib qoʻyish, ushbu Nizomni buzganlik holati toʻgʻrisida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga taʼlim muassasasining (fakultetning) direktoriga (dekaniga) yoki direktor (dekan) oʻrinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga, oliy taʼlim muassasalarida esa - kuratorga) berish, ushbu Nizom talablari buzilganligi holatlari toʻgʻrisida ogohlantirish berish huquqiga ega.
15. Ushbu Nizom talablarining har qanday buzilishi taʼlim muassasasida (fakultetda) tuziladigan direktor (dekan) rahbarligidagi komissiya tomonidan, sinf rahbari (kurator), taʼlim oluvchining ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar (talabalar) majlisida muhokama qilinadi.
16. Ushbu Nizom talablariga rioya etilishini taʼlim muassasasining direktori (fakultet dekani) va uning oʻrinbosarlari nazorat qiladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17. Taʼlim muassasasi taʼlim oluvchilarga tegishli boʻlgan telefonlarning saqlanishi uchun javob bermaydi, ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan holatlarda telefonlarning olib qoʻyilishi hollari bundan mustasno.
18. Ushbu Nizom talablari har yili imzo qoʻydirilgan holda har bir taʼlim oluvchiga va uning ota-onasiga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga), oliy taʼlim muassasalarida esa tegishli ravishda har bir talabaga yetkaziladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 21-son, 229-modda)