Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XOʻJALIGI TEXNIKASI YETKAZIB BERISH VA RESPUBLIKA MINTAQALARIDA ULARGA SERVIS XIZMATI KOʻRSATISH SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Respublikada qishloq xoʻjaligi texnikasini bir maromda ishlab chiqarish va ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasini marketingning zamonaviy usullarini qoʻllagan holda sotishni tashkil etishni yaxshilash, sifatli servis xizmati koʻrsatish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, shuningdek shu asosda mahalliy qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarining moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va boshqa qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan bosh distribyutorlik tashkiloti va/yoki bir nechta mintaqaviy distribyutorlik tashkilotlari bilan tegishli shartnomalar tuzish asosida respublika hududida ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasini sotish va ularga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tarmoqni shakllantirish tadbirlari amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining, eksperiment tariqasida, 2012—2014-yillarda “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati mahsulotlarini rasmiy distribyutor — “Avtosanoat Agromashsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan distribyutorlik bitimi tuzish yoʻli bilan sotish hamda “Avtosanoat Agromashsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan mintaqaviy “Agrotexservis” korxonalari negizida, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi, dilerlik tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
rasmiy distribyutorga “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasi sotishni tashkil etish huquqini berish;
mintaqalarda faoliyat koʻrsatayotgan “Agrotexservis” korxonalari negizida qishloq xoʻjaligi texnikasini ularning foydalanish tavsiflarini namoyish qilgan va mexanizatorlarni oʻqitgan holda sotish, servis xizmati koʻrsatish va taʼmirlash, ehtiyot qismlar bilan taʼminlashga doir kompleks xizmatlar koʻrsatish boʻyicha “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati talablariga muvofiq zarur texnik va texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan tegishli infratuzilmani tashkil etish;
rasmiy distribyutor tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan hajmlar va yetkazib berish jadvallari boʻyicha ishlab chiqarishning bir maromdagi taʼminotini maqbul muddatlarda taʼminlash uchun, sotib olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining kamida 70 foizi hajmida avans tarzida moliyalashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati Davlat raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda 2014-yil 1-oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilgan eksperiment natijalari toʻgʻrisida tahliliy axborot, shuningdek “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini respublika mintaqalariga yetkazib berish va ularga servis xizmati koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
4. “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga muvofiq ham qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxona, ham uning rasmiy distribyutori bilan tuziladigan oldi-sotdi shartnomalari asosida “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi orqali lizingga berishga ruxsat etilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida va respublikaning boshqa qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarida ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikasining monopol turlariga narxlarni shakllantirishda uzil-kesil sotish narxi:
qishloq xoʻjaligi texnikasini bevosita ishlab chiqarish, shuningdek ularni rasmiy distribyutor yoki dilerlar joylashgan joygacha tashish bilan bogʻliq xarajatlarni;
rasmiy distribyutorga, ishlab chiqarishni avans tarzida moliyalashtirish uchun tijorat banklarining jalb qilinadigan kreditlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini, mintaqaviy dilerlik tarmoqlarining taʼminoti xarajatlarini va rasmiy distribyutorning oʻz xarajatlarini oʻz ichiga oluvchi vositachilik haqi toʻlash xarajatlarini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
6. Belgilansinki:
“Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasining rasmiy distribyutori orqali lizingga yetkazib berishda rasmiy distribyutorning vositachilik haqidan qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni avans tarzida moliyalashtirish uchun tijorat banklarining kreditlarini jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarini va mintaqaviy dilerlik tarmoqlarining taʼminoti xarajatlarini chiqarib tashlash hisobiga qoʻshimcha chegirma beriladi;
ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga, distribyutorlik tashkilotlari mablagʻlarini jalb etmasdan rasmiy distribyutor bilan kelishilgan yetkazib berish hajmlaridan ortiqcha ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini toʻgʻridan-toʻgʻri oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha sotishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda texnika ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qoʻshimcha foyda olinishi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning buzilishi hisoblanmaydi, sotishdan olingan qoʻshimcha sof foyda esa qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning maxsus hisob raqamlarida jamlanadi hamda undan korxonalarni modernizatsiyalash va texnik jihatdan qayta jihozlash, shuningdek marketing va servisni rivojlantirish uchun foydalaniladi.
7. “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati — bir oy muddatda, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi mahsulotlarining monopol turlarini ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalar — distribyutorlar bilan shartnomalar tuzilishiga qarab, rasmiy distribyutorning ustamasini hisobga olgan holda, qishloq xoʻjaligi texnikasining monopol turlariga narxlarni deklaratsiya qilish uchun materiallarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularning rasmiy distribyutorlari bilan shartnomalar boʻyicha yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi tomonidan oldindan haq toʻlash miqdorini koʻpaytirish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 2-may,
126-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 18-son, 203-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda)