Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FARGʻONA GARNIZONINING HARBIY SHAHARCHALARI INFRATUZILMASINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2015-yillar davrida Fargʻona shahri bosh rejasini amalga oshirish, ijtimoiy hamda transport-kommunal infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 15-noyabrdagi PQ–1641-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2012 — 2015-yillarda Fargʻona garnizonining harbiy shaharchalari infratuzilmasini rivojlantirish va takomillashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
Dasturda nazarda tutilgan infratuzilma obyektlarining qurilish-montaj ishlari boʻyicha quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi — buyurtmachi etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining “Harbiyloyiha” loyihalash instituti” davlat korxonasi — bosh loyihalash tashkiloti etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Harbiy-qurilish boshqarmasi — bosh pudratchi tashkilot etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligining:
Fargʻona shahrining markaziy qismida joylashgan harbiy shaharchalarning umumiy maydoni 32,686 gektar boʻlgan boʻshaydigan hududlarini 2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha bino va inshootlari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansidan Fargʻona viloyati hokimligi balansiga bepul berish toʻgʻrisidagi;
*2-ilova berilmaydi.
Fargʻona shahridagi Fargʻona garnizonining 3-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha kazarma-uy-joy fondi bino va inshootlarini Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mablagʻlari hisobiga buzib tashlash toʻgʻrisidagi;
*3-ilova berilmaydi.
hududning bir qismini (Xoʻjand koʻchasining Xoʻjand koʻchasidagi 1-tor koʻcha bilan kesishgan joyidan Bursa koʻchasi bilan kesishgan joyigacha) mavjud infratuzilmasi bilan birga Fargʻona shahri hokimligi balansidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga bepul berish toʻgʻrisidagi;
umumiy maydoni 4,5 gektar boʻlgan hududni Margʻilon shahri, “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻini, Yangi hayot koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan “AI-Bina” masʼuliyati cheklangan jamiyatning bino va inshootlari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga belgilangan tartibda bepul berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Fargʻona viloyati hokimligi:
Fargʻona shahrining markaziy qismida joylashgan harbiy shaharchalarning umumiy maydoni 32,686 gektar boʻlgan boʻshaydigan hududlarini oʻz balansiga qabul qilib olsin, shuningdek ulardan Fargʻona shahrining bosh rejasiga muvofiq oqilona va samarali foydalanilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga bepul berilayotgan Margʻilon shahri, “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻini, Yangi hayot koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar oʻrniga “AI-Bina” masʼuliyati cheklangan jamiyatni ularga teng qiymatli mol-mulk bilan taʼminlasin.
4. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish doirasida bino va inshootlarni mukammal taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek budjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2013-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida, Dasturga kiritilgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga budjet kapital qoʻyilmalari limitlarini nazarda tutsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Dasturga kiritilgan obyektlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida metall prokati va sement ajratilishini belgilangan tartibda nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Dasturni amalga oshirish doirasida obyektlarning qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda loyihalash ishlarining ekspertiza bilan birgalikda olib borilishini hamda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan belgilangan tartibda arxitektura va qurilish nazoratini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 2-aprel,
95-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 14-son, 155-modda)