O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumati o‘rtasida
Bitim
Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratib berishga intilib,
tenglik va o‘zaro manfaatlar asosida bunday investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilishga o‘zaro ko‘maklashish investorlarning ishchanlik tashabbusiga omil bo‘lishi va ikki davlatda iqtisodiy yuksalishni oshirishga olib kelishini e’tirof etib,
ikki Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy suverenitetini hurmat qilib,
ikki davlat xalqlari farovonligiga va iqtisodiyotning sog‘lom, mustahkam va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida ikki davlat hamkorligini jonlantirishni istab,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Ta’riflar
Ta’riflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida shu Ahdlashuvchi Tomonning qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq investitsiya qilgan aktivlarining barcha turlarini anglatadi va, xususan quyidagilarni, ammo mutlaq ularni emas, o‘z ichiga oladi:
a) ko‘char va ko‘chmas mulk va ipoteka, garov va ular bilan bog‘liq boshqa mulkiy huquqlar va ularga o‘xshash huquqlar;
b) paylar, obligatsiyalar, aksiyalar va kompaniyalarda ishtirok etishning har qanday shakllari;
v) investitsiyalar bilan bog‘liq, iqtisodiy boylikka ega bo‘lgan har qanday faoliyatga oid pul mablag‘larini talab qilish yoki majburiyatlarni bajarishni talab qilish huquqlari;
g) intellektual mulk huquqlari, xususan, mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, firma nomlari, texnikaviy jarayonga oid huquqlar, nou-xau va gudvill;
d) qonun yoki shartnomaga muvofiq iqtisodiy faoliyat yuritish uchun beriladigan har qanday huquq, qonun bilan ruxsat etilgan, shu jumladan tabiat boyliklarini qidirish, ishlov berish, qazib olish yoki foydalanish, konsessiyalar;
e) qarz majburiyatlari, shuningdek hukumatning qarz majburiyatlari, qarzlar, qarzning boshqa turlari, ulardan kelib chiqadigan va investitsiyalar bilan bog‘liq huquqlar.
Investitsiyalarning belgilari deganda kapital yoki boshqa resurslarning sarflanishi, daromad va foyda olishni kutish hamda tavakkalchilikni qabul qilishni anglatadi.
Investitsiya qilingan aktivlarning har qanday shaklda o‘zgarishi, agar bunday o‘zgarish hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bu aktivlarning investitsiyalik xususiyatiga ta’sir qilmaydi.
Bir Ahdlashuvchi Tomon investori tarafidan qisman yoxud to‘laligicha unga qarashli bo‘lgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan korxona orqali amalga oshirilgan investitsiyalar ham mazkur bandga muvofiq investitsiyalar deb hisoblanadi.
Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagilar investitsiya hisoblanmaydi: (a) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi korxona yoki fuqaro tomonidan xizmat yoki tovarlar savdosiga nisbatan tijorat kontraktlaridan mutloq kelib chiqadigan pul mablag‘lariga nisbatan bo‘lgan talablar; (b) investitsiya belgilariga ega bo‘lmagan va meros yoki nikoh munosabatlaridan kelib chiqadigan pul talablari.
Qarzlarni uzishning dastlabki muddati 3 yildan kam bo‘lmagan obligatsiyalar, qarz majburiyatlari va qarzlar mazkur Bitim doirasida investitsiyalar hisoblanmaydi.
2. “Investor” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga investitsiya kiritayotgan yoki kiritgan fuqarosi yoxud korxonasini anglatadi:
a) “fuqaro” atamasi, Ahdlashuvchi Tomonlar har birining qonunlariga muvofiq fuqarolikka ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga aytiladi;
b) “korxona” atamasi, Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq tuzilgan yoki ro‘yxatga olingan ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan va tijorat faoliyatining sezilarli qismi shu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida bo‘lgan, xususiy tadbirkor yoxud hukumat nazoratida bo‘lishidan qat’i nazar, faoliyati foyda olishga qaratilgan yoki foyda olishga qaratilmagan tashkilotlar, shuningdek kompaniyalar, firmalar, uyushmalar, shirkatlar va boshqa tashkilotlarga aytiladi;
v) Ahdlashuvchi Tomonning davlati hisoblanmaydigan Davlat qonunlariga asosan ta’sis etilgan, biroq mulk huquqi yoxud mazkur bandning a) bandi bo‘yicha fuqarolar yoki b) bandi bo‘yicha korxona nazorati ostida bo‘lgan yuridik shaxslar.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalardan olingan mablag‘ni, jumladan, foyda, dividendlar, foizlar, kapital o‘sishidan olinadigan daromadlar, royaltilar, yig‘imlar, tovarlarni qaytarish va boshqa investitsiya bilan bog‘liq qonuniy daromadlarni anglatadi.
4. “Hudud” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi hududini, bunga quruqlikdagi yerlar, ichki va hududiy suvlar, ular ustidagi samoviy hududi hamda uning tashqi hududiy dengizi har qanday zonasi ichida O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq dengiz osti resurslari va uning qa’rini, suv osti resurslarini tadqiqot va ekspluatatsiya qilishga o‘z suveren huquqini amalga oshirishni anglatadi.
b) Xitoy Xalq Respublikasiga nisbatan, Xitoy Xalq Respublikasi hududini, bunga quruqlikdagi yerlar, ichki suvlar va hududiy suvlar va ular ustidagi samoviy hududi, shuningdek Xitoy Xalq Respublikasi xitoy qonunlari va xalqaro huquqqa muvofiq dengiz osti resurslarini, uni suv resurslari qamrab olgan ostki qatlamini tadqiqot va ekspluatatsiya qilishga bo‘lgan suveren huquqi va yurisdiksiyasini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalarini o‘z davlati hududiga jalb etishni rag‘batlantiradi, qonun va o‘zining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq bunday investitsiyalarni tan oladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining mazkur Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirilgan investitsiyalar bilan bog‘liq faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolariga ishlash uchun viza va ruxsatnomalar olishda ko‘maklashadi.
3-modda Milliy rejim
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va ular bilan bog‘liq bo‘lgan investitsiyalarga o‘z investorlari va ular bilan bog‘liq bo‘lgan investitsiyalariga nisbatan, mos bo‘lgan hollarda, kam bo‘lmagan qulay rejimni yaratib beradi, o‘zining hududida investitsiyalarni boshqarish, amalga oshirish, xizmat ko‘rsatish, foydalanish, egalik qilish, sotish va tasarruf etishga oid qo‘llaniladigan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar bundan mustasno.
4-modda
Eng qulay rejim
Eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va ularning investitsiyalariga har qanday uchinchi davlat investorlariga va ularning investitsiyalariga nisbatan, mos bo‘lgan hollarda, investitsiyalarni ta’sis etish, sotib olish, kengaytirish, ekspluatatsiya qilish, boshqarish, xizmat ko‘rsatish, foydalanish, egalik qilish, sotish yoki tasarruf qilishga doir yaratilgan qulay rejimdan kam bo‘lmagan rejim yaratib beradi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalarida nazarda tutilgan har qanday qulay rejimning afzalligini, preferensiya va imtiyozlarini bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga quyidagilar asosida berishi shart deb talqin qilinmaydi:
a) har qanday bojxona ittifoqi, erkin savdo zonalari, iqtisodiy ittifoq hamda mazkur ittifoqlar doirasida amal qiladigan bitimlar yoki shunga o‘xshash tashkilotlar;
b) to‘la yoki qisman soliq solishga doir (bojxona to‘lovlarini ham hisobga olganda) har qanday xalqaro bitim yoki kelishuv;
v) chegara bo‘yi viloyatlarida chegara savdosini rag‘batlantirishga qaratilgan har qanday chora-tadbirlar.
3. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalari boshqa shartnomalarda nazarda tutilgan nizolarni hal qilish mexanizmi mazkur Bitim bo‘yicha investorlarga va investitsiyalarga doir nizolarga taalluqli bo‘lmaydi.
5-modda
Adolatli va teng huquqlilik rejimi
Adolatli va teng huquqlilik rejimi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon o‘z davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga va ular bilan bog‘liq bo‘lgan investitsiyalarga adolatli va teng huquqli rejim, to‘la himoya va xavfsizlik yaratib berishga kafolat beradi.
2. “Adolatli va teng huquqli rejim” bir Ahdlashuvchi Tomon investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan odil sudlov jarayonida ishtirok etish huquqini rad etish va yaqqol ravishda diskriminatsiya va asoslanmagan choralarni qo‘llamaslikni talab qiladi.
3. “To‘liq himoya va xavfsizlik” Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan investitsiyaviy himoya va xavfsizlikni ta’minlashda oqilona va zarur bo‘lgan huquqiy muhofaza choralarini qo‘llashni talab qiladi. Ammo ushbu, har qanday holatda investorlarga nisbatan hududida investitsiyalarni amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga yaratib berilayotgan rejimdan qulay bo‘lgan rejimni yaratib berishni anglatmaydi.
4. Mazkur Bitimning boshqa moddalari yoki boshqa shartnomalarning qoidalari buzilganligini aniqlash, ushbu moddaning buzilganligini anglatmaydi.
6-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri o‘z davlati hududida, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari ekspropriatsiya, natsionalizatsiya yoki investorlarning investitsiyalarini ekspropriatsiya va natsionalizatsiyaga tenglashtirilgan choralarni qo‘llamaydi, ammo quyidagi talablarga rioya qilish bundan mustasno:
(a) jamiyat manfaatlarida;
(b) ichki sud jarayoni va shu kabilarga rioya qilishda;
(v) diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymagan holda;
(g) boshqa zararlarni qoplash hisobiga.
“Ekspropriatsiya va natsionalizatsiyaga o‘xshash bo‘lgan choralar” bilvosita ekspropriatsiyaga tenglashtiriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning chora va choralari 1-bandga asosan ekspropriatsiyaga tenglashtiriladi deb belgilanishi, dalillarga asoslangan holda yakka tekshiruv o‘tkazishni talab qiladi va boshqa dalillar qatorida quyidagilarni ko‘rib chiqadi:
(a) iqtisodiy ta’sir ko‘rsatuvchi chora va choralar, bunda Ahdlashuvchi Tomonning chora va choralari investitsiyaning iqtisodiy qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi o‘z o‘zidan bilvosita ekspropriatsiyani vujudga keltirdi deb belgilanmaydi;
(b) chora yoki choralar darajasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va u bilan bog‘liq investitsiyalariga nisbatan harakati yoki qo‘llanilishi diskriminatsiyali bo‘lsa;
(v) chora yoki choralar darajasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorining yaqqol oqilona investitsiya natijasini kutish ishiga aralashishga olib kelsa; bunday kutish bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon investoriga ayrim majburiyatlarni bajarishni olganidan vujudga keladi;
(g) chora yoki choralar xarakteri va maqsadi jamiyat manfaati maqsadlarida qabul qilingan va ekspropriatsiya maqsadlari uchun mos keladi.
3. Shu bilan birga, istisno hollarda, bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan jamiyat farovonligini oqilona qo‘llab-quvvatlashning kuchli ehtiyojidan kelib chiqib va diskriminatsiya hisoblanmaydigan tartibga solinadigan qonuniy ijtimoiy farovonlik maqsadida qabul qilingan shunday choralar: sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va atrof muhitni muhofaza qilish, bilvosita ekspropriatsiya hisoblanmaydi.
4. Mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan kompensatsiya bevosita ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning haqiqiy bozor qiymatiga mos kelishi shart yoki ekspropriatsiya to‘g‘risida hammaga ma’lum bo‘lishi kerak, shundan qaysi biri ilgari sodir bo‘lganligiga bog‘liq.
Kompensatsiya to‘lov sanasiga qadar bo‘lgan davrdagi oqilona tijorat stavka bo‘yicha hisoblanadigan manfaatni ham o‘z ichiga olishi shart. Kompensatsiya asossiz kechiktirilmagan holda samarali amalga oshirilishi va erkin to‘lov o‘tkazilishi kerak.
7-modda
Zarar va yo‘qotishlar uchun kompensatsiya
Zarar va yo‘qotishlar uchun kompensatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida zarar ko‘rayotgan taqdirda oxirgi Ahdlashuvchi Tomon harbiy to‘qnashuvlar, favqulodda holatlar, qo‘zg‘olon va boshqa shu kabi vaziyatlar oqibatida restitutsiya, kompensatsiya, zararni qoplash va shunga bog‘liq tartibga solishning boshqa turlari bo‘yicha boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati tarafidan o‘zining yoki boshqa uchinchi davlat investorlariga beriladigan qulay rejimdan kam bo‘lmagan rejim, manfaatdor investorga qaysi biri qulay ekaniga bog‘liq holda, yaratib beriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan har qanday vaziyatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida rekvizitsiya yoki oxirgi Ahdlashuvchi Tomon davlatining qurolli kuchlari yoki hokimiyati tarafidan investitsiyalarni yoxud uning qismlarini yo‘q qilish tufayli zarar ko‘rayotgan taqdirda, yetkazilgan zarar, agar harbiy harakatlar yoki vaziyatning zarurligi bo‘yicha yuza kelmagan bo‘lsa, restitutsiya yoki ekvivalent kompensatsiya olishi shart.
8-modda
O‘tkazmalar
O‘tkazmalar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon o‘zining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga, birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qonuniy yo‘l bilan olgan daromad yoki foydani, barcha soliq majburiyatlari bajarilganidan so‘ng o‘tkazib berishni kafolatlaydi va shu xususiyat bo‘yicha, ammo mutlaq bo‘lmagan, quyidagilarni qamrab oladi:
(a) daromad, foizlar, dividendlar, kapital o‘sishdan olingan foyda, royalti va boshqa intellektual mulk huquqiga tegishli bo‘lgan mukofotlar;
(b) investitsiya bitimlariga doir to‘lovlar, shu jumladan qarz bitimi bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar;
(v) investitsiyalarni to‘liq yoki qisman sotish yoxud tugatish oqibatida yuzaga keladigan daromadlar;
(g) investitsiyalar munosabati bilan mehnat qilayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolarining daromad yoki mukofoti;
(d) 6 va 7-moddalarga ko‘ra amalga oshiriladigan to‘lovlar; yoki
(e) investitsiyalarga oid nizolar oqibatida yuzaga keladigan to‘lovlar.
2. Agar mazkur Bitimda boshqacha ko‘rsatilgan bo‘lmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon o‘zining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq yuqorida keltirilgan investorlar tarafidan amalga oshiriladigan o‘tkazmalarni, barcha soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarganidan so‘ng, kechiktirmasdan o‘tkazma kunida mavjud bo‘lgan bozor ayirboshlash kursida erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshirilishini kafolatlaydi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Tomon o‘zining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq teng huquqlik, diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymagan va haqqoniy qo‘llash asosida o‘tkazmalarga yo‘l qo‘ymasligi mumkin, bu quyidagilarga taalluqli:
(a) bankrotlik, to‘lovga qobiliyatsizlik yoki kreditorlarning huquqlarini himoya qilish;
(b) qimmatli qog‘oz fyuchersi, opsionlari va boshqa hosila qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, savdo yoki ular bilan ishlash;
(v) jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklarda gumon qilish;
(g) naqd pul o‘tkazish yoki boshqa pul kredit instrumentlari to‘g‘risida xabar berish; yoki
(d) sud va ma’muriy ishlarni ko‘rilishini ta’minlash.
4. To‘lov balansiga oid qiyinchilik vujudga kelsa yoki vujudga kelish xavfi mavjud bo‘lsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon o‘tkazmalarni vaqtincha cheklab qo‘yishi mumkin va mazkur Ahdlashuvchi Tomon tarafidan bu tadbirlar xalqaro standartlarga rioya qilish sharti bilan amalga oshiriladi. Mazkur cheklashlar teng huquqlilik, diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymagan va haqqoniy qo‘llash asosida belgilanishi shart.
9-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar bir Ahdlashuvchi Tomon yoki u vakolat bergan organ boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirgan investorga kafolat yoki notijorat xavflardan sug‘urta shartnomasi asosida to‘lovni amalga oshirayotgan bo‘lsa, so‘nggi Ahdlashuvchi Tomon quyidagilarni tan oladi:
(a) order, birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq yoki huquqiy tranzaksiyalari asosida, investor tomonidan birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning vakolatli organiga har qanday huquq yoki talablar, shuningdek
(b) birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli organi subrogatsiya asosida huquqlarni amalga oshirish huquqidan boshlab to ushbu investorning talablarini ijro etishgacha va investitsiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlarni investor kabi aynan shu doiralarda qabul qilish.
10-modda
Imtiyoz berishni rad etish
Imtiyoz berishni rad etish
1. Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning korxonasi bo‘ladigan investoriga va ushbu investorning investitsiyalariga nisbatan ushbu Bitim tomoni bo‘lmagan davlat fuqarosi mazkur korxonaga egalik qilgan yoki uni boshqargan taqdirda ushbu Bitimda belgilangan imtiyozlarni berishni quyidagi hollarda rad etishi mumkin:
(a) imtiyoz berishni rad etayotgan Ahdlashuvchi Tomon, ushbu Bitimda ishtirok etmayotgan Ahdlashuvchi Tomonning diplomatik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlamaganda; yoki
(b) imtiyoz berishni rad etuvchi Ahdlashuvchi Tomon, ushbu Bitim ishtirokchisi bo‘lmagan tomonga yoki shu tomonning shaxsiga nisbatan qo‘llaniladigan korxona bilan bitimlar tuzishni man etadigan yoxud agar ushbu Bitim bo‘yicha imtiyozlar korxonaga yoki uning investitsiyalariga berilgan taqdirda buzilishi yoki chetlab o‘tilishiga olib kelishi mumkin bo‘ladigan choralarni ko‘rganda yoki ularni qo‘llab-quvvatlaganda;
(v) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida hech qanday tijorat faoliyatini olib bormaydigan korxona bo‘lganda.
2. Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon korxonasi bo‘ladigan investoriga va uning investitsiyalariga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida korxona hech qanday muhim ish faoliyati olib bormagan va ushbu Bitim tomoni bo‘lmagan davlat fuqarolari yoki korxonalari korxonaga egalik qilgan yoki boshqargan taqdirda ushbu Bitimda belgilangan imtiyozlarning berilishini rad etishi mumkin.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish va qo‘llashga doir har qanday nizolar imkon qadar maslahatlashuvlar yo‘li bilan diplomatik kanallar orqali hal qilinishi lozim.
2. Agar nizoni bunday yo‘l orqali hal qilishning imkoni bo‘lmasa, u olti oy mobaynida Ahdlashuvchi Tomondan birining so‘roviga ko‘ra ad hos hakamlik sudiga ko‘rib chiqish uchun topshirilishi lozim.
3. Bunday sud 3 hakamdan iborat bo‘ladi. Hakamlik sudi to‘g‘risida yozma so‘rov olinganidan so‘ng ikki oy davomida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan hakamni tayinlaydi. Ushbu ikki hakam, keyingi ikki oy davomida birgalikda ikki Ahdlashuvchi Tomonlar bilan diplomatik munosabatda bo‘lgan uchinchi davlatning fuqarosini Hakamlik sudining raisi sifatida tayinlaydilar.
4. Agar Hakamlik sudi yozma so‘rovnoma kelib tushgan sanadan boshlab to‘rt oy mobaynida tashkil topmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri, boshqacha kelishuv mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, zarur tayinlashlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Raisini taklif qilishi mumkin. Agar Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi bo‘lsa yoki u boshqa sabablarga ko‘ra ushbu vazifani bajara olmasa, Xalqaro Sud Raisidan keyin turuvchi, Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarosi bo‘lmagan yoki u boshqa sabablarga ko‘ra ushbu vazifani bajarishiga to‘sqinlik bo‘lmagan a’zosi zarur tayinlashlarni amalga oshirishga taklif qilinishi shart.
5. Hakamlik sudi o‘z protseduralarini o‘zi belgilaydi. Hakamlik sudi o‘z qarorini mazkur Bitim qoidalariga va ikki Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan xalqaro huquqning tan olingan prinsiplariga asoslangan holda qabul qiladi.
6. Hakamlik sudi o‘z qarorini ko‘pchilik ovoz bilan qabul qiladi. Bunday qaror har ikki Ahdlashuvchi Tomonlar uchun qat’iy va majburiydir. Hakamlik sudi har ikki Ahdlashuvchi Tomonning so‘roviga asosan qabul qilgan qarorining sababini tushuntirib beradi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hakamlik muhokamasiga tayinlangan o‘zining sud a’zosi va uning vakilligining xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Raisning va sudning xarajatlari Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan teng qismda qoplanadi.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomon va investor o‘rtasidagi nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomon va investor o‘rtasidagi nizolarni hal qilish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori o‘rtasidagi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi investitsiyalarga doir har qanday yuridik nizolarni hal qilish imkon qadar tomonlar o‘rtasida do‘stona yo‘l bilan muzokaralar o‘tkazish, shu bilan birga kelishuv protseduralari orqali hal qilinishi shart.
2. Agar 2 dan 9-moddalargacha yoki 13-moddada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bir Ahdlashuvchi Tomonning investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan buzilgan deb ayblasa, nizo har qanday tomon tarafidan bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida muzokara yo‘li bilan hal qilinmasa, ushbu majburiyatlarni buzish oqibatida zarar yoki ziyon ko‘rgan investor, o‘z ixtiyoriga ko‘ra, quyidagi da’voni berishi mumkin:
a) nizo tomoni hisoblangan Ahdlashuvchi Tomon davlatining vakolatli sudiga;
b) 1965-yil 18-martda Vashington shahrida imzolangan Davlatlar bilan chet el shaxslari o‘rtasida investitsiyaga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha Konvensiyada nazarda tutilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazga, yoki;
v) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasining hakamlik qoidalariga muvofiq tuzilishi lozim bo‘lgan “ad hos” hakamlik tribunaliga;
g) nizo tomonlari o‘rtasida kelishilgan har qanday hakamlik instansiyasiga yoki ad hos hakamlik sudiga.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon tegishli investordan nizoni xalqaro hakamlik sudiga taqdim etishidan oldin ushbu Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ichki ma’muriy protseduralarni tugatganligini talab qilish huquqiga ega.
3. Agar investor manfaatdor Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga yoki xalqaro hakamlik sudiga nizoni taqdim etgan bo‘lsa, mazkur moddaning 2-bandida ko‘rsatilgan to‘rt tartibdan biri tanlanganligi yakuniy deb hisoblanadi.
4. Agar investor nizo to‘g‘risida birinchi marta bilgan sanadan yoki nizoni keltirib chiqaruvchi voqealar haqida birinchi marta bilishi lozim bo‘lgan vaqtdan uch yildan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa, nizoni hakamlik sudiga taqdim etish mumkin emas.
5. Agar mazkur Bitim qoidalari hakamlik qoidalariga zid bo‘lsa, mazkur Bitim qoidalari ustun hisoblanadi.
6. Sud nizo bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishilgan huquq normalariga asosan qaror qabul qiladi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda sud Ahdlashuvchi Tomonning huquqini (uning kollizion normalar to‘g‘risidagi hujjatlarini ham inobatga olgan holda) va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan xalqaro huquq normalarini, xususan ushbu Bitimni ham qo‘llaydi.
7. Agar nizolashayotgan tomonlar boshqacha kelishgan bo‘lmasalar, Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitim doirasida o‘z majburiyatlarini buzgan deb sud qarori bilan tasdiqlasa, sud faqat alohida yoki inobatga olib quyidagi qarorni qabul qilishi mumkin:
(a) pul kompensatsiyasi yoki har qanday qo‘llanib bo‘ladigan foiz;
(b) mulkni restitutsiya qilish, bu holatda qabul qilingan qaror pul kompensatsiyasiga va restitutsiya o‘rniga tegishli foiz olishga qaratilishi mumkin.
8. Har bir nizo tomoniga nisbatan sud tomonidan qabul qilingan qaror qat’iy va majburiy hisoblanadi. Ikki Ahdlashuvchi Tomon hakamlik sudining qarorini bajarishi shart.
9. Nizo tomoni yakuniy hal qiluv qarorining bajarilishini talab qila olmaydi, agar:
(a) Davlatlar bilan chet el shaxslari o‘rtasidagi investitsiyaga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha Konvensiyaga binoan qabul qilingan yakuniy hal qiluv qaroriga muvofiq;
(i) qaror qabul qilingan kundan boshlab 120 kun o‘tgan bo‘lsa va nizoda ishtirok etuvchi tomonlardan hech biri qarorni bekor qilish yoki qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida murojaat qilmagan bo‘lsa; yoki
(ii) qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish tartibi tugatilgan bo‘lsa,
(b) nizo ishtirokchilari tomonidan tanlangan har qanday boshqa hakamlik qoidalari, YuNSITRAL hakamlik reglamenti, Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazning qo‘shimcha tartib qoidalari asosida yakuniy hal qiluv qarori qabul qilingan holatda:
(i) qaror qabul qilingan kundan boshlab 90 kun o‘tgan bo‘lsa va nizoda ishtirok etuvchi tomonlardan hech biri qarorni bekor qilish yoki qayta ko‘rib chiqish tartibini boshlamagan bo‘lsa; yoki
(ii) sud qarorni qayta ko‘rib chiqish, bekor qilish va kuchdan qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yoki da’vo arizasini qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsa va ushbu qaror ustidan har qanday nizo ishtirokchilari tomonidan e’tiroz bo‘lmasa.
10. Har bir nizo ishtirokchisi o‘zi tayinlagan hakam va har qanday vakilining sudda ishtirok etishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini qoplaydi. Sud raisining xarajatlari va sudni o‘tqazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan teng qismda qoplanadi. Hakamlik sudi nizo ishtirokchilarining biriga xarajatlarning ko‘prog‘ini qoplashni yuklashi mumkin va tushuntirish beradi. Agar Hakamlik sudi nizoning biror-bir ishtirokchisining talabi yoki e’tirozi asossiz deb hisoblasa, u yutqazgan tomonga yutgan tomonning xarajatlarini va sud chiqimlarini, oqilona sabablarni inobatga olgan holda, qoplashni yuklashi mumkin.
13-modda
Boshqa majburiyatlar
Boshqa majburiyatlar
1. Agar bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlari yoki Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasida amaldagi yoki kelajakda belgilanadigan xalqaro majburiyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan mazkur Bitimda belgilanganidan ko‘ra qulayroq rejim yaratishni nazarda tutuvchi qoidalardan iborat bo‘lsa, bunday qoidalar ushbu Bitimga zarar yetkazmaydi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan bitim, shartnoma yoki kontraktlar shaklida imzolangan har qanday yozma majburiyatlariga amal qiladi.
3. 2-band qoidalariga qaramay, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning majburiyatlari tijorat kontraktlar doirasida buzilgan hollarda ushbu Bitim qoidalari buzilgan hisoblanmaydi.
14-modda
Qo‘llanilishi
Qo‘llanilishi
1. Ushbu Bitim, u kuchga kirgunga qadar yoki kuchga kirgandan so‘ng bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning ichki qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qo‘llaniladi, ammo ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar kelib chiqqan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Bitimning 12-moddasi 1-moddaning 2 (v)-bandida belgilangan investorlarga nisbatan faqat quyidagi hollarda tatbiq etiladi: asosli huquqiy da’vo bo‘lmaganda yoki investor ishtirokchisi bo‘lmagan tomon bilan imzolangan boshqa bitimlar doirasida huquqiy da’vodan voz kechganda, qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan investor ta’sis etilganda.
15-modda
Konsultatsiyalar
Konsultatsiyalar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari vaqti-vaqti bilan quyidagi maqsadlarda uchrashuvlarni o‘tkazib turadilar:
(a) ushbu Bitim monitoringini amalga oshirish;
(b) huquqiy axborot va investitsiyaviy imkoniyatlar bilan almashish;
(v) investitsiya munosabati bilan yuzaga kelgan nizolarni hal qilish;
(g) investitsiyani rag‘batlantirishga doir takliflar bilan almashish;
(d) investitsiya bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rib chiqish;
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan har qanday masalalar bo‘yicha konsultatsiya o‘tkazishni talab qilsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon kechiktirmasdan javob qaytarishi lozim va konsultatsiya navbat bilan Pekin va Toshkent shaharlarida o‘tkaziladi.
16-modda
Talqin etish (interpretatsiya)
Talqin etish (interpretatsiya)
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning so‘roviga asosan 12-moddada ko‘rsatilgan nizolarni hal qilish jarayonida Hakamlik sudi har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlardan ushbu Bitimning nizoli moddalarini birgalikda talqinini talab qilishi shart. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon so‘rovnoma kelgan sanadan boshlab yetmish kun mobaynida yozma ravishda o‘zaro kelishilgan qarorni Hakamlik sudiga taqdim qilishi lozim.
2. 1-bandga asosan har ikkala Ahdlashuvchi Tomon qabul qilgan o‘zaro kelishilgan qaror, Hakamlik sudi uchun majburiydir. Hakamlik sudining qarori o‘zaro kelishilgan qarorga mos kelishi lozim. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar yetmish kun ichida o‘zaro kelishilgan qarorga kela olmasalar, Hakamlik sudi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
17-modda
O‘zgartishlar kiritish
O‘zgartishlar kiritish
Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning o‘zaro roziligi asosida protokollar bilan imzolanadigan o‘zgartishlar kiritilishi mumkin, 18-moddaga asosan kuchga kiradi va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
18-modda
Kuchga kirish, amal qilish va to‘xtatish
Kuchga kirish, amal qilish va to‘xtatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimni tasdiqlanishi va kuchga kirishi uchun zarur ichki huquqiy protseduralarni amalga oshirganligi to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda bir-birlarini xabardor qiladilar. Mazkur Bitim ikki bildirish xatining so‘nggisi olingan sanadan boshlab o‘ttizinchi kunida kuchga kiradi. Mazkur Bitim o‘n (10) yil davomida amal qiladi. Mazkur Bitimning amal qilishi birinchi o‘n (10) yillik muddati tugashidan bir yil oldin bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uni tugatish to‘g‘risida yozma xabarnoma bermasa, keyingi o‘n (10) yilga uzaytiriladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga birinchi o‘n yillik muddati tugashidan oldin mazkur Bitimning amal qilishini tugatish to‘g‘risida xabarnoma berishi mumkin. Mazkur Bitim xabarnoma yuborilgandan sanadan olti oy o‘tgandan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi.
3. 1-moddadan 16-moddagacha bo‘lgan qoidalar mazkur Bitimning amal qilishi to‘xtagan sanagacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan kelgusidagi o‘n yillik davr mobaynida kuchida qoladi.
Mazkur Bitim kuchga kirish sanasidan boshlab 1992-yil 13-martda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi sarmoyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi Bitim o‘z kuchini yo‘qotadi.
UShBUNI TASDIQLAGAN HOLDA, lozim tarzda hukumatlardan vakolatli etib tayinlanib, quyida imzo chekuvchi vakillar ushbu Bitimni imzoladilar.
Pekin shahrida 2011-yil 19-aprelda, har biri o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2011-y., 3-4-son)