Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevropa Ittifoqi bilan Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasida Yevropa ittifoqi delegatsiyasini taʼsis etish uning imtiyozlari va immunitetlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevropa Ittifoqi bilan Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati, bundan keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Yevropa Ittifoqi bilan Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati oʻrtasida doʻstona munosabatlarni va hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga intilib,
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasini taʼsis etish va shuningdek ushbu Delegatsiyaning imtiyoz va immunitetlarini rasmiylashtirish shartlarini belgilab olish maqsadida quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻz hududida bundan keyingi oʻrinlarda “Delegatsiya” deb ataluvchi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasini taʼsis etishga rozilik bildiradi.
2-modda
1. Yevropa Ittifoqi va Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati Oʻzbekiston Respublikasi hududida huquq subyektliligidan foydalanadilar.
2. Yevropa Ittifoqi va Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi talablariga muvofiq shartnomalar tuzish, oʻz vazifalarini samarali bajarish uchun kerak boʻlgan koʻchmas va koʻchar mulkka ega boʻlish va tasarruf etish, protsessual jarayonlarni amalga oshirish huquq layoqatiga ega boʻladilar va shu maqsadlarda Delegatsiya Rahbari orqali namoyon etiladilar.
3-modda
1. Delegatsiya, uning Rahbari va xodimlari, shuningdek ular bilan birga yashayotgan oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1961-yil 18-apreldagi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasida belgilangan va tegishlicha, Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, ularning rahbarlari, xodimlari va shuningdek ular bilan birga yashayotgan oila aʼzolariga beriladigan huquq, imtiyoz va immunitetlardan foydalanadilar va majburiyatlarga ega boʻladilar.
2. 1961-yil 18-apreldagi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining boshqa qoidalari mutatis mutandis sharti bilan qoʻllaniladi.
3. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan huquq, imtiyoz va immunitetlar Yevropa Ittifoqi toʻgʻrisidagi Shartnomaga, Yevropa Ittifoqining faoliyati toʻgʻrisidagi Shartnoma hamda Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyatini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Shartnomaga ilova qilingan Yevropa Ittifoqi imtiyozlari va immunitetlari toʻgʻrisidagi 7 Protokolning 16-moddasi qoidalariga muvofiq, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar Oʻzbekiston Respublikasining Missiyasi, uning Rahbari va xodimlari va shuningdek ular bilan birga yashayotgan oila aʼzolariga xuddi shu huquq, imtiyoz va immunitetlarni taqdim etilishi sharti bilan qoʻllaniladi.
4-modda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki rezidentlari (jismoniy shaxslari) hisoblangan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doim yashaydigan Delegatsiya xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi 1961-yil 18-apreldagi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga muvofiq shu toifadagi diplomatik vakolatxonalar xodimlari uchun taqdim etadigan imtiyoz va immunitetlardan foydalanadilar.
5-modda
1. Ushbu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Yevropa Ittifoqi oʻz muassasalarining mansabdor shaxslari va boshqa xizmatchilariga beradigan xizmat pasportini (laissez-passer) safar qilish huquqini beruvchi toʻlaqonli hujjat sifatida tan oladi.
2. Safar qilish huquqini beruvchi yangi hujjat joriy qilingan yoki amaldagi xizmat pasportlariga oʻzgartishlar kiritilgan taqdirda ular joriy etilishidan oʻttiz kun ilgari Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatini xabardor qiladi va diplomatik kanallar orqali yangi yoki oʻzgartirilgan hujjatlarning namunalarini taqdim qiladi.
6-modda
Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasiga muvofiq Delegatsiya Rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabarnomalar yuborish orqali Delegatsiya xodimlarining soni, ismlari va fuqaroliklari toʻgʻrisida doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatini xabardor qilib turadi.
7-modda
Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yil 18-apreldagi Vena konvensiyasiga muvofiq imtiyoz va immunitetlar Delegatsiya Rahbari va xodimlariga faqat Yevropa Ittifoqi manfaatlari uchun taqdim etiladi. Ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida shaxsiy manfaati yoʻlida professional yoki tijorat faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
8-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish bilan bogʻliq barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishish maqsadida oʻtkaziladigan muzokaralar orqali hal etiladi.
9-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra alohida Protokollar shaklida rasmiylashtiriladigan va Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab vaqtincha qoʻllaniladi va Yevropa Ittifoqi va Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida uning kuchga kirishi uchun koʻzda tutilgan amallarning bajarilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim noaniq muddatga tuziladi va Tomonlardan biri Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni xabardor etganidan olti oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
YuQORIDAGILARNI TASDIQLAB, imzo chekish huquqiga qonunan ega boʻlgan quyidagi shaxslar mazkur Bitimni oʻzbek va ingliz tillaridagi teng kuchga ega ikki nusxada imzoladilar.
Bryussel shahrida 2011-yil 24-yanvarda imzolandi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)