Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILIShI VA REKONSTRUKSIYA QILINIShI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI DARAJASIDA TASDIQLANIShI LOZIM BOʻLGAN OBYEKTLARNING MANZILLI ROʻYXATLARINI TASDIQLASh BOʻYIChA HUKUMAT KOMISSIYASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy va fuqaro obyektlarini loyihalash va qurishda tegishli tartib oʻrnatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 27-dekabrdagi PQ-1666-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bir oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zokirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-fevral,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-fevraldagi 31-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya kollegial organ hisoblanadi, uning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
II. Komissiyaning vazifalari
5. Quyidagilar Komissiyaning vazifalari hisoblanadi:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd soʻm va undan ortiq boʻlgan obyektlar boʻyicha qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash;
qurish (rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash)ning hisob-kitob (smeta) qiymati oshishiga yoʻl qoʻyilgan obyektlarni har choraklik asosida koʻrib chiqish, keyinchalik ular boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrish;
respublika ahamiyatiga molik boʻlgan ijtimoiy, ishlab chiqarish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish sxemalari va loyihalarini kelishish;
oldin ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyihalar boʻyicha shaharlar va posyolkalarda (tuman markazlarida)gi qurilishi tugallangan maʼmuriy markazlar, turarjoy kichik dahalari hududida qurish uchun obyektlarni joylashtirishni kelishish.
III. Komissiyaning huquqlari
6. Komissiya oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va manfaatdor shaxslardan zarur axborotni belgilangan tartibda soʻrash;
majlislarda oʻz vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari vakillarining, loyiha pudrat tashkilotlari, ekspert organlari rahbarlarining, buyurtmachining vakillarining, shuningdek Komissiya aʼzolarining hisobotlarini eshitish;
qurish (rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash)ning oldin tasdiqlangan qiymati oʻzgargan taqdirda tegishli xulosalar mavjud boʻlgan taqdirda obyektlarning loyiha va qiymat parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar izchil amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish huquqiga ega.
IV. Komissiya faoliyatini tashkil etish
7. Komissiyaga rahbar boshchilik qiladi, uning vakolatiga:
Komissiya majlislari kun tartibini belgilash va uni chaqirish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
Komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha uning aʼzolari ishini muvofiqlashtirish;
Komissiyaning samarali ishlashini taʼminlash yuzasidan boshqa xatti-harakatlarni bajarish.
8. Komissiya majlislari tasdiqlangan ish rejasi va jadvalga muvofiq bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Komissiyaning rahbari tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Komissiya tomonidan zaruriyat boʻlganda ular faoliyati nazorat qilingan holda ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.
9. Komissiya majlisini uning rahbari olib boradi. Komissiya rahbari hozir boʻlmagan taqdirda majlisni uning oʻrinbosari olib boradi. Komissiya majlisi, agar unda Komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, huquqiy vakolatli boʻladi.
10. Komissiya rahbari bilan kelishgan holda xolisona sabablar boʻyicha majlisda hozir boʻlmagan Komissiya aʼzolarini ularning ovoz berish huquqisiz qatnashadigan vakolatli vakillari almashtirishi mumkin.
11. Komissiya majlisiga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar taklif etiladi.
12. Komissiyaning xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Komissiya har chorakda Vazirlar Mahkamasiga bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
V. Komissiyaning ishchi organi va kotibi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
15. Komissiyaning Ishchi organi:
navbatdagi davrga Komissiyaning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi;
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi hamda unga vazirliklar, idoralar va yuridik shaxslar birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari, korxonalar va Komissiya aʼzolaridan zarur materiallar va ekspert xulosalarini olish huquqi beriladi;
tahliliy materiallar tayyorlanishini va kun tartibi masalalari boʻyicha Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
axborot va tahliliy materiallarni Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi;
Komissiyaning qarorlariga muvofiq boshqa materiallarni Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi.
16. Komissiya kotibi:
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash boʻyicha Ishchi organ ishini tashkil etadi;
kun tartibi masalalari boʻyicha Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarni oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini Komissiya rahbari bilan kelishadi;
majlis oʻtkaziladigan sana, uning vaqti va joyi toʻgʻrisida Komissiya aʼzolarini va taklif etilganlarni xabardor qiladi;
Komissiya qarorlari bajarilishi monitoringini olib boradi va uning natijalarini Komissiya majlisining koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi;
Komissiya bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Komissiya aʼzolariga, manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuboradi.
VI. Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash tartibi
17. Taqdim etilgan materiallar Ishchi organ tomonidan koʻrib chiqiladi. Ishchi organ materiallarni Komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun rasmiylashtiradi, Komissiya majlisi kun tartibini tayyorlaydi va hujjatlar turkumini Komissiya kotibiga taqdim etadi.
18. Komissiya majlisi kun tartibining har bir masalasiga hujjatlar turkumida barcha zarur materiallar va Komissiya qarori loyihasi boʻlishi kerak.
19. Komissiya kotibi taqdim etilgan materiallar toʻgʻrisida Komissiya rahbariga axborot beradi. Komissiya rahbari kun tartibi va taqdim etilgan materiallar maʼqullangan taqdirda Komissiya majlisi oʻtkaziladigan vaqt va sanani, shuningdek Komissiya majlisiga taklif etiladigan shaxslarni belgilaydi.
20. Komissiya kotibi Ishchi organ bilan birgalikda majlis materiallari bayonnoma loyihasi bilan birgalikda Komissiya aʼzolariga, zaruriyat boʻlganda esa majlisga taklif etilgan boshqa shaxslarga tarqatilishini taʼminlaydi.
VII. Komissiya tomonidan qarorlar qabul qilinishi va ularning bajarilishini tashkil etish
21. Komissiyaning qarori Komissiyaning majlisda hozir boʻlgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Komissiya rahbarining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiyaning har bir aʼzosi qabul qilinadigan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda ifodalash huquqiga ega.
22. Komissiya rahbari qarorlarni tezlikda qabul qilish maqsadida ayrim masalalar boʻyicha soʻrov yoʻli bilan Komissiya aʼzolari bilan kelishilgan Komissiyaning qarorini tasdiqlashi mumkin.
23. Komissiyaning qarorlari Komissiya majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya majlisining bayonnomasiga Komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan qayd belgisi qoʻyiladi, kotib tomonidan imzolanadi, Komissiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi hamda bir hafta muddatda Komissiya aʼzolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
24. Komissiya bayonnomasining asl nusxasi va unga materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentida saqlanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 400-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)
25. Komissiya qarorlari bajarilishini nazorat qilish Ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
26. Ishchi organ Komissiya qarorlari bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadi va koʻrib chiqadi, zaruriyat boʻlganda Komissiya rahbariga tegishli takliflar kiritadi.
VIII. Hukumat komissiyasi tomonidan qurilishlarning manzilli roʻyxatlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash tartibi
27. Manzilli roʻyxatlarga kiritish uchun taklif etiladigan qurish va rekonstruksiya qilishning hisoblangan qiymati 2 mlrd soʻm va undan ortiq boʻlgan obyektlar boʻyicha qarorlarni kiritish, koʻrib chiqish va tayyorlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi loyihalar tashabbuskorlari boʻlgan buyurtmachilar, xususiy investorlar (yuridik va jismoniy shaxslar)ning takliflari asosida 10 ish kuni mobaynida tarmoqlarni rivojlantirish ustuvorliklariga va mintaqalarni rivojlantirishning maqsadli dasturlariga muvofiq qurish va rekonstruksiya qilish qiymati 2 mlrd soʻmni va undan ortiqni tashkil etadigan qurilishlarning dastlabki manzilli roʻyxatini shakllantiradi. Ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari mavjud boʻlgan obyektlar boʻyicha materiallar Komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi;
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, Respublika va mintaqaviy investitsiya dasturiga kiritilgan xorijiy investitsiyalar jalb etilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha esa, — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda 5 kun muddatda manzilli roʻyxat loyihasiga kiritish uchun obyektlar uzil-kesil tanlab olinadi;
manzilli roʻyxatning kelishilgan loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 5 ish kuni mobaynida koʻrib chiqish uchun Ishchi organga kiritiladi.
28. Ishchi organ 7 ish kuni mobaynida materiallarni koʻrib chiqadi hamda manzilli roʻyxatlar loyihalarini va majlis qarorini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
29. Komissiya 10 ish kuni mobaynida Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlar turkumini koʻrib chiqadi, ular boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi. Qaror qonun hujjatlarida belgilangan tartibda navbatdagi yilga Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi manzilli qismini shakllantirish uchun (xususiy investorlar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga beriladi.
30. Ular boʻyicha ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari mavjud boʻlgan qurilish obyektlariga doir materiallar Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun qabul qilinadi
31. Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun kiritilgan materiallar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
manzilli roʻyxatlarga kiritish taklif etilayotgan qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, mufassal rejalashtirish loyihalarida va ular asosida ishlab chiqilgan qurish loyihalarida qabul qilingan yechimlarga muvofiq boʻlishi kerak;
obyektni qurish va rekonstruksiya qilish qiymatining hisob-kitobi resurslar qiymatining birlamchi parametrlari xolisona baholanishiga va boshqa qiymat koʻrsatkichlari asoslanishiga asoslanishi kerak;
qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarini loyihalashtirish bosqichida transport va muhandislik kommunikatsiyalarining mavjud sxemalari, ishlab chiqarish, maishiy va ijtimoiy infratuzilma hisobga olinishi kerak.
32. Qurilish obyektlarini Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi manzilli qismiga kiritish boʻyicha majlis qarori loyihasida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
loyiha hujjatlariga muvofiq kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektining nomi;
qurish turi (yangi qurilish, rekonstruksiya qilish);
moliyalashtirish manbai;
buyurtmachi, tashabbus koʻrsatuvchi, yakka tartibda imorat soluvchining nomi;
ishga tushirilish kerak boʻlgan kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektining quvvati (quvvatning oʻsishi);
kapital qurish va rekonstruksiya qilish obyektini foydalanishga topshirish muddati.
33. Obyektlar qurilishini oʻz mablagʻlari va qarz mablagʻlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlaydigan xususiy investorlar (yakka tartibda imorat soluvchilar) uchun Komissiya tomonidan materiallarni koʻrib chiqish birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar va loyiha-smeta hujjatlari toʻliq hajmda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi oʻn kun muddatda xususiy buyurtmachilar (yuridik va jismoniy shaxslar) qurilishlarining manzilli roʻyxatini shakllantiradi, tayyorlangan materiallarni keyinchalik Komissiyaning koʻrib chiqishi va tasdiqlashga kiritish uchun Ishchi organga beradi.
Qurilishlarning manzilli roʻyxatlarini Hukumat komissiyasining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun kiritish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qurilishlarning manzilli roʻyxatlarini Hukumat komissiyasining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi
SXEMASI
Izoh. Hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd soʻm va undan ortiq boʻlgan obyektlarni, ularni moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli roʻyxatlarini koʻrib chiqish va tasdiqlashning umumiy muddati 37 ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 6-son, 61-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)