Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SOS-OʻZBEKISTON BOLALAR MAHALLALARI” UYUSHMASINING XAYRIYA FAOLIYATINI QOʻLLAB-QUVVATLASHNI DAVOM ETTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarga homiylik qilishning oilaviy shakllarini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining yetim bolalarni uygʻun kamol toptirishga va tarbiyalashga yoʻnaltirilgan xayriya faoliyatini kengaytirishga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ni tashkil etish, qurish, jihozlash va Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan bogʻliq loyihalarning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) oʻrtasida 1997-yilda tuzilgan shartnomaga (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb ataladi) muvofiq:
respublikada “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati mablagʻlari hisobiga Samarqand va Toshkent shaharlarida qurilgan ikkita “SOS — bolalar mahallalari” faoliyat koʻrsatayotganligi;
2011-yilda Uyushmaning yangi “SOS — Urganch bolalar mahallasi” filiali negizida SOS-oilalarni tashkil etish va ularni Urganch shahri mahallalari hududidagi yakka tartibdagi uylarda (kvartiralarda) joylashtirish hisobiga hamjamiyatga integratsiyalashni nazarda tutuvchi yangi “SOS — bolalar mahallalari” dasturi amalga oshirilayotganligi;
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyatining Oʻzbekistondagi vakillik ofisi, “SOS - Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi, shuningdek Uyushmaning amalga oshirilayotgan barcha loyihalari Shartnomada nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalardan, shu jumladan soliqlar, bojxona toʻlovlari va boshqa toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining SOS-oilalarning tarbiyachilariga (SOS-onalarga) va ularning yordamchilariga (SOS-oilaviy yordamchilarga) ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar boʻyicha xarajatlarni 2012-yil 1-yanvardan boshlab “Mehribonlik” uylari uchun belgilangan tartibda budjetdan moliyalashtirishga qabul qilish toʻgʻrisidagi Moliya vazirligi bilan kelishilgan taklifi maʼqullansin.
Tarbiyachilarga (SOS-onalarga) va ularning yordamchilariga (SOS-oilaviy yordamchilarga) bolalar bilan kecha-kunduz, shu jumladan tungi paytda ishlaganligi uchun ularning ish haqi stavkasiga 100 foiz miqdorida ustama belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq 2012-yil 1-yanvardan boshlab “SOS — bolalar mahallalari”ning qoʻshimcha xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetida “Taʼlim” moddasi boʻyicha nazarda tutilayotgan mablagʻlar hisobiga zarur budjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 31-dekabr,
351-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-dekabrdagi 351-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
I. Vazirlar Mahkamasining “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 31-dekabrdagi 585-son qarorida:
1) 12-banddagi “Oxunboboyev koʻchasi, 15-uy” soʻzlari “Nukus koʻchasi, 79-uy” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2) ilovada:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ni tashkil etish, qurish, jihozlash va Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan bogʻliq loyihalarning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) oʻrtasida 1997-yilda tuzilgan shartnomaga muvofiq, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalarni jismoniy, intellektual va maʼnaviy kamol toptirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati tomonidan taʼsis etiladi”;
b) 2-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“oʻzbek tilida: “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”;
ingliz tilida: “SOS — Shildrenʼs Villages of Uzbekistan”;
rus tilida: “SOS — Detskiye derevni Uzbekistana”.
v) 4-banddagi “Oxunboboyev koʻchasi, 15-uy” soʻzlari “Nukus koʻchasi, 79-uy” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 5-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “yetim bolalarni” soʻzlari “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “yetim va tashlab ketilgan bolalarni” soʻzlari “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “yetim bolalarga” va “yetim bolalarni” soʻzlari tegishli ravishda “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarga” va “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi xatboshidagi “yetim bolalar uchun insonparvarlik dasturlarini hamda German Gmaynerning pedagogik gʻoyalarini” soʻzlari “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun insonparvarlik dasturlarini, hamda German Gmaynerning pedagogik gʻoyalarini, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalar uchun oilani mustahkamlash dasturlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 8-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“8. Uyushma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasidagi jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonunlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga va oʻz Ustaviga amal qiladi”;
e) IV boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“IV. Uyushmaning huquq va majburiyatlari”;
j) 9-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “yetim bolalarni” soʻzlari “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalar uchun oilani mustahkamlash dasturlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qoʻshilsin:
“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ni tashkil etish, qurish, jihozlash va Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan bogʻliq loyihalarning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) oʻrtasida 1997-yilda tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalardan oʻz faoliyati doirasida foydalanish”;
z) 10-bandning uchinchi xatboshidagi “ushbu Nizomga” soʻzlari “ushbu Nizomga va oʻz Ustaviga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 13-bandning toʻrtinchi xatboshidagi “yetim bolalarni” soʻzlari “ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
k) VII boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“VII. Boshqaruv organlari”;
l) 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Quyidagilar Uyushmaning boshqaruv organlari hisoblanadi:
Uyushma aʼzolarining umumiy yigʻilishi;
Uyushma prezidenti;
Uyushma boshqaruvi;
Uyushma direktori”;
m) 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“16. Uyushma boshqaruv organlarining vakolatlari, ularni shakllantirish (saylash) va faoliyatini tashkil etish tartibi Ustavga muvofiq belgilanadi”;
n) 17—31-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
o) 33-bandning ikkinchi xatboshidagi “25 kishidan” soʻzlari “25 raqamidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
p) 37-bandga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Uyushma aʼzolari Ustavga muvofiq boshqa huquqlarga, shuningdek boshqa majburiyatlarga ega boʻlishlari mumkin”;
r) 38-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“38. Uyushmaning aʼzolari tomonidan badal toʻlash miqdorlari, muddatlari va tartibi Uyushma boshqaruvi tomonidan belgilanadi”;
s) 39-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“39. Uyushmaga aʼzolik:
jismoniy shaxsning vafoti munosabati bilan;
yuridik shaxs tugatilgan taqdirda;
Uyushma Ustavida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi”.
II. Vazirlar Mahkamasining “Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2008-yil 22-maydagi 104-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 5-son, 22-modda):
1) 3-bandning ikkinchi xatboshidagi, shuningdek 4-bandning birinchi va ikkinchi xatboshidagi “SOS” abbreviaturasi “SOS” abbreviaturasi bilan almashtirilsin;
2) Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi Nizomda:
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etilgan va faoliyat koʻrsatayotgan “SOS — Oʻzbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining tarbiyaviy muassasalari maqomiga koʻra Bolalar shaharchalariga tenglashtiriladi va ularga nisbatan ushbu Nizom “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati va “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining tegishli hujjatlarida nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda qisman moliyalashtirish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish yuzasidan qoʻllaniladi”;
b) 62-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qisman mablagʻ bilan taʼminlanadi, yaʼni faoliyat koʻrsatayotgan va yangidan tashkil etilgan “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari taʼminoti uchun xarajatlar, xususan — ushbu Nizomning 66-bandida nazarda tutilgan xarajatlar, kommunal xizmatlar, tarbiyachilarga (SOS-onalarga) va ularning yordamchilariga (SOS-oilaviy yordamchilarga) toʻlanadigan ish haqi hamda ish haqiga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlar xarajatlari qoplanadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 565-modda)