Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
YuRIDIK XIZMATLARINING MAʼLUMOTLAR BAZASINI ShAKLLANTIRISh VA YuRITISh, MAʼLUMOTLAR BAZASIGA KIRITISh UChUN MAʼLUMOT TAQDIM ETISh ShAKLLARI VA MUDDATLARINI BELGILASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 30-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2285]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 39-mh-sonli “Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlari bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2861, 28.02.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 244-son “Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 472-modda) asosan buyuraman:
1. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi (M. Ishbekov) hamda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-noyabr,
255-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 30-noyabrdagi 255-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-avgustdagi 182-son “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy taʼminlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 35-36-son, 355-modda) va 2007-yil 22-noyabrdagi 244-son “Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 472-modda) qarorlariga asosan yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarning (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) yuridik xizmatlari xodimlarining hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (bundan keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb yuritiladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan keyingi oʻrinlarda hududiy adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan yuritiladi.
2. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va uni markazlashtirilgan tartibda yuritish tashkilotlarning yuridik xizmatlari va ularning xodimlari hisobga olinishini va ular toʻgʻrisidagi axborotning tizimlashtirilishini tashkil etish maqsadida amalga oshiriladi.
3. Vazirlik va hududiy adliya organlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 24-avgustdagi 182-son “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy taʼminlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkilotlardan ularning yuridik xizmati faoliyatiga doir tegishli hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish
4. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida Vazirlikda yuridik xizmatlarining maʼlumotlar yigʻma bazasi, hududiy adliya organlarida yuridik xizmatlarining maʼlumotlar hududiy bazasi tuziladi.
5. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish Vazirlik va hududiy adliya organlarining yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha komissiyalarining ishchi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazalari davlat tilida, elektron koʻrinishda yuritiladi.
7. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazalari yilning har choragida tashkilotlardan mazkur Nizomning 3-bandiga muvofiq olingan maʼlumotlar asosida qayta koʻrib chiqilishi va yangilanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun Vazirlik davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining markaziy apparatlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridan, hududiy adliya organlari davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining, tumanlar va shaharlar hokimliklari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlaridan har chorak tugagandan keyingi oyning 1-sanasiga qadar mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq maʼlumotlarni oladi va tegishli ravishda yuridik xizmatlar maʼlumotlari bazasiga kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Hududiy adliya organlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlar hududiy bazasiga kiritilgan maʼlumotlarni har chorak tugagandan keyingi oyning 5-sanasiga qadar yuridik xizmatlarining maʼlumotlar yigʻma bazasiga kiritish uchun mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklda va elektron koʻrinishda Vazirlikka taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi har chorak tugagandan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Vazirlikka yuridik xizmat xodimlarining yigʻma bazasiga kiritish uchun tashkilotlarning yuridik xizmatlarining malaka oshirishdan oʻtgan xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shaklda va elektron koʻrinishda taqdim etadi.
III. Yakuniy qoidalar
11. Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazalarini toʻgʻri yuritilishi uchun javobgarlik Vazirlik va hududiy adliya organlarining yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha komissiyalarining ishchi organlari zimmasiga yuklatiladi.
12. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat Vazirlikning yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha komissiyasining ishchi organiga yuklatiladi.
Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yuridik xizmatlar xodimlari haqida
MAʼLUMOT
|
T/r |
Familiyasi, ismi, otasining ismi |
Tugʻilgan yili va joyi |
Tamomlagan oʻquv yurti va vaqti |
Ish joyi koʻrsatilgan holda lavozimi |
Ish joyi manzili |
Xizmat telefoni |
Egallab turgan lavozimga qabul qilingan vaqti |
Yuridik mutaxassislik boʻyicha ish staji |
Yuristlar malakasini oshirish markazida malakasini oshirgan vaqti |
Attestatsiyadan oʻtgan vaqti (guvohnoma seriyasi va raqami) |
Attestatsiyadan oʻtmaganlik sabablari |
|
1. |
| | | | | | | | | | |
|
2. |
| | | | | | | | | | |
Yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida malaka oshirishdan oʻtgan yuridik xizmatlar xodimlari haqida
MAʼLUMOT
|
T/r |
Familiyasi, ismi, otasining ismi |
Tugʻilgan yili va joyi |
Ish joyi |
Lavozimi |
Malaka oshirgan vaqti |
Malaka oshirganligi toʻgʻrisida berilgan sertifikat seriyasi va raqami |
|
1. |
| | | | | |
|
2. |
| | | | | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 48-son, 497-modda; 2015-y., 30-son, 403-modda)