Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
IJODKOR YoShLARNING “ISTEʼDOD” RESPUBLIKA JAMGʻARMASINI TUZISh HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 27-sentabrdagi PF-1566-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohalarida isteʼdodli yoshlarni izlab topish, ularning ijod salohiyatini Vatanimiz mustaqilligi va xalqimiz maʼnaviyatini mustahkamlash, boyitishga yoʻnaltirish, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishni zamon talablari darajasiga koʻtarish maqsadida:
1. Ijodkor yoshlarning “Isteʼdod” respublika jamgʻarmasi tuzilsin. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib:
— mavjud taʼlim-tarbiya tizimlarida maxsus oʻquv dasturlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etish;
— joylarda iqtidorli yoshlarni turli maqbul shakllarda sinov, tanlov-koʻriklar vositalarida aniqlashga alohida eʼtibor qaratish;
— xalq ijodiyoti va amaliy sanʼat turlarini rivojlantirishda faol qatnashish;
— iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish va kamol topishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
— yosh ijodkorlar asarlari nashri, namoyishi va keng targʻib etishda homiylik qilish kabilar belgilansin.
2. Jamgʻarmaning moliyaviy, moddiy-texnikaviy negizini yaratish va mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 250 million soʻm pul ajratilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi va barcha viloyat hokimliklari, tegishli vazirlik na tashkilotlar mazkur jamgʻarma faoliyatini maʼnaviy hamda moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirliklar, tashkilotlar va ijodiy uyushmalar bilan kelishgan holda bir oy muddat ichida mazkur Farmonni roʻyobga chiqarishni tashkiliy jihatdan taʼminlash uchun qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 4-may,
PF-601-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 4-son, 181-modda)