O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING ALOHIDA MUHIM VA TOIFALANGAN OBYEKTLARIDA QO‘RIQLAShNING TEXNIK VOSITALARINI LOYIHALAShTIRISh, MONTAJ QILISh, SOZLASh, TA’MIRLASh VA TEXNIK XIZMAT KO‘RSATISh IShLARINI BAJARIShGA RUXSATNOMA BERISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-iyundagi 338-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish, shuningdek Hukumatning ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qat’iy amal qilsinlar, shuningdek idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan nizomga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlasinlar.
3. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bir oy muddatda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 6-oktabr,
279-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 6-oktabrdagi 279-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish tartibi va asoslarini (keyingi o‘rinlarda ruxsatnoma deb ataladi) belgilaydi.
2. Aniqlash vositalari, obyektga kirishni nazorat qilish va boshqarish vositalari, aniqlash vositalari hamda obyektga kirishni nazorat qilish va boshqarish vositalaridan olingan axborotni to‘plash, qayta ishlash va aks ettirish vositalari, aloqa va xavfni bildirish-chaqirish signalizatsiyasi vositalari, telekuzatish vositalari, kabel tarmoqlari va boshqa kommunikatsiyalar, nostandartlashtirilgan asbob-uskunalar, yordamchi vositalar (qo‘riqlashning texnik vositalari elektr ta’minoti tizimi, qo‘riqlovchi yoritish) qo‘riqlashning texnik vositalari hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi o‘rinlarda maxsus vakolatli organ deb ataladi) tomonidan rasmiylashtirilgan ruxsatnomaga ega bo‘lmagan yuridik shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish uchun jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
4. Ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va yong‘indan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga litsenziyaga (keyingi o‘rinlarda litsenziya deb ataladi) ega bo‘lgan yuridik shaxslarga rasmiylashtirilishi mumkin.
II. Ruxsatnoma olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar
5. Ruxsatnoma olish uchun yuridik shaxs maxsus vakolatli organga:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, u joylashgan joy (pochta manzili), yuridik shaxs amalga oshirishni mo‘ljallayotgan qo‘riqlash, loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishning texnik vositalari turlari ko‘rsatilgan ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani;
tegishli hujjatlarni (sertifikatlar va malaka toifasi berilganligi, oxirgi uch yilda malaka oshirish va maxsus tayyorgarlik kurslaridan o‘tganlik to‘g‘risidagi boshqa hujjatlar) ilova qilgan holda har bir xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, pasportining seriyasi va raqami, yashash joyi va ma’lumoti, yuridik shaxsning shtatida egallab turgan lavozimi va mutaxassislik bo‘yicha ish stajini ko‘rsatgan holda xodimlarning malaka tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
oxirgi uch yilda qo‘riqlash signalizatsiyalarini va texnik qo‘riqlashning boshqa vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Maxsus vakolatli organ ruxsatnoma berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda o‘zaro axborot hamkorligi yo‘li bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
Quyidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi:
yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomlardan ko‘chirma;
shtatda:
psixik kasalliklar, giyohvandlik, toksikomaniya yoki alkogolizm bilan bog‘liq holda dispanser hisobida turgan;
ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan;
qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan xodimlar yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (tegishli tibbiyot muassasalari va hududiy ichki ishlar organlaridan berilgan ma’lumotnomalar ilova qilingan holda).
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
III. Arizani ko‘rib chiqish, ruxsatnoma berish va ruxsatnoma berishni rad etish tartibi
6. O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
7. Maxsus vakolatli organ 30 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi, ular asosida ruxsatnoma berish yoxud ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
8. Ruxsatnoma olish uchun yuridik shaxslarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
yuridik shaxsda kamida uchta sanoat (ishlab chiqarish) obyektida yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va yong‘indan saqlovchi signalizatsiyalarni va texnik qo‘riqlashning boshqa vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sohasida kamida uch yillik ish tajribasi mavjudligi;
yuridik shaxsning shtatida tegishli ixtisoslashuv bo‘yicha (yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va yong‘indan saqlovchi signalizatsiyalarni va texnik qo‘riqlashning boshqa vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish) ixtisosli tayyorgarlikka va kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan kamida uch nafar xodim mavjudligi.
9. O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda shaxslarning quyidagi toifalarini:
doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni;
xorijiy shaxslarni yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni;
psixik kasalliklar, giyohvandlik, toksikomaniya yoki alkogolizm bilan bog‘liq holda dispanser hisobida turgan shaxslarni;
ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan shaxslarni;
qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarni yollashga yoki ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Ruxsatnomaning amal qilish muddati yuridik shaxsning arizasiga muvofiq belgilanadi, biroq litsenziyaning amal qilish muddatidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
11. Ruxsatnoma berilgandan keyin maxsus vakolatli organ yuridik shaxsni berilgan ruxsatnomalar reyestriga kiritadi.
12. Quyidagi hollarda:
zarur tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilgan yoki hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda;
taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
yuridik shaxs va uning xodimlari ushbu Nizomning 4, 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmaganda ruxsatnoma berish rad etilishi mumkin.
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
13. Yuridik shaxsga ruxsatnoma berishni rad etish asoslanishi va yozma shaklda rasmiylashtirilishi kerak.
14. Ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda yuridik shaxs aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin ruxsatnoma olish uchun takroran murojaat qilish huquqiga ega.
15. Maxsus vakolatli organ quyidagi asoslar bo‘yicha:
yuridik shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlari sifatsiz bajarilganda;
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari bir necha marta buzilganda yoki ularga rioya qilinmaganda;
litsenziya muddati tamom bo‘lganda;
yuridik shaxs ruxsatnomaning amal qilishini muddatidan oldin to‘xtatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan yoki qayta tashkil etish natijasida uning faoliyati to‘xtatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan boshlab, uni o‘zgartirish bundan mustasno;
ruxsatnoma amal qilish davrida ruxsatnoma berish rad etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda berilgan ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatish huquqiga ega.
16. Ruxsatnomaning amal qilishi to‘xtatilishi to‘g‘risidagi yozma shaklda zarur tarzda rasmiylashtirilgan qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun mobaynida yuridik shaxsga yuboriladi.
17. Ruxsatnoma olgan yuridik shaxslar har yili 1-fevralgacha maxsus vakolatli organga obyektlarni, ularning idoraviy mansubligini, o‘rnatilgan qo‘riqlashning texnik vositalari turlari va sonini ko‘rsatgan holda alohida muhim va toifalangan obyektlarda qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari shart.
18. Berilgan ruxsatnomalar reyestridagi ma’lumotlar manfaatdor shaxslarning ular bilan tanishishi uchun ochiq hisoblanadi va yozma so‘rov bo‘yicha ulardan ko‘chirma sifatida taqdim etiladi.
IV. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish
19. Yuridik shaxs qayta o‘zgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda yuridik shaxs yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir hafta muddatda maxsus vakolatli organga ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlaydigan tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
20. Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilgunga qadar yuridik shaxs unda ko‘rsatilgan faoliyat turini oldin berilgan ruxsatnoma asosida amalga oshiradi.
21. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirishda maxsus vakolatli organ berilgan ruxsatnomalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
22. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirishda yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishda yuridik shaxs oldin berilgan ruxsatnomani maxsus vakolatli organga qaytaradi.
23. Yo‘qotilgan yoki amal qilish muddati tamom bo‘lmagan, biroq yaroqsiz holga kelgan ruxsatnoma o‘rniga yuridik shaxsning arizasiga ko‘ra dublikat berilishi mumkin.
24. Dublikat berishda yangi ruxsatnomada “Dublikat” belgisi qo‘yiladi, shuningdek oldingi ruxsatnomada belgilangan amal qilish muddati ko‘rsatiladi.
V. Yakunlovchi qoidalar
25. Ishlarning bajarilishini nazorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Ushbu Nizomni buzganlik uchun aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 41-son, 450-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son; 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)