Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANKLARIDA OChILADIGAN BANK HISOBVARAQLARI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRIShLAR VA QOʻShIMChA KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 16-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1948-5]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 4-yanvardagi 30/18-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3420, 08.02.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 12-maydagi PQ-1529-son “Tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23-son, 224-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustdagi 357-son “Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun roʻyxatdan oʻtkazish tartibotlari tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 130-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 23-iyul,
22/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 23-iyuldagi 22/3-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“10. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraq ochish uchun asos boʻlgan hujjatlari, bank hisobvaragʻi shartnomasi, shuningdek unga kiritilgan oʻzgartirishlar, taʼsis hujjatlari (taʼsis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxalari, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va xorijiy sarmoya ishtirokidagi boshqa korxonalarning taʼsis hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning notarial tasdiqlangan nusxalari, ikkilamchi hisobvaraqlar ochilganligi toʻgʻrisidagi asosiy hisobvaragʻini ochgan bankka yuborgan xabarning nusxasi hamda bekor qilingan imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchalar, shuningdek mijoz nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat)ning nusxasi mijozning yuridik yigʻmajildida saqlanadi”.
2. 12-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“d) tadbirkorlik faoliyati subyektlari boʻlgan rezident yuridik shaxslar tomonidan taʼsis hujjatlari (taʼsis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxalari, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va xorijiy sarmoya ishtirokidagi boshqa korxonalarning taʼsis hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning notarial tasdiqlangan nusxalari”.
3. 18-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy shaxslarga bankning omonat kassalarida shaxsiy hisobvaraqlar ochish omonat kassasi nazoratchisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomada (roʻyxat raqami 2205, 2011-yil 4-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 9-son, 97-modda) belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
4. 39-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Taʼsis hujjatlarida (taʼsis shartnomasida, ustavda) koʻrsatilgan maʼlumotlar (taʼsischilar, aksiyadorlar, ishtirokchilar yoki boshqa maʼlumotlar) oʻzgargan taqdirda, mijoz taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxasini bankka taqdim qiladi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va xorijiy sarmoya ishtirokidagi boshqa korxonalarning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning notarial tasdiqlangan nusxalari talab etiladi”.
5. 41-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“41. Yuridik shaxs tugatilayotganda, uning barcha bank hisobvaraqlari tugatish komissiyasining tasarrufiga oʻtadi. Bunday holda, asosiy hisobvaraqqa xizmat koʻrsatuvchi bankka tugatish komissiyasining amal qilish muddati koʻrsatilgan korxonani tugatish toʻgʻrisidagi qarori hamda tugatish komissiyasi rahbari va bosh buxgalterining imzolari namunalari qoʻyilgan varaqcha notarial tasdiqlangan holda taqdim qilinadi. Shundan soʻng, mijozning asosiy hisobvaragʻiga uni tugatishga doir yagona hisobvaraq maqomi beriladi”.
6. 50-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“50. Xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy hisobvaragʻi yopilayotganda, oldindan u bilan bogʻliq boʻlgan barcha hisobvaraqlar yopiladi. Bir vaqtning oʻzida hisobvaraqni yopish moʻljallanayotgani toʻgʻrisida soliq va bojxona (chet el valyutasida hisobvaraq ochilgan boʻlsa) organlariga xabar beriladi, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning budjet oldidagi qarzlari toʻgʻrisida maʼlumot soʻraladi. Soliq va bojxona organlari tomonidan bankka xoʻjalik yurituvchi subyektning budjet oldida majburiyatlari yoʻqligi toʻgʻrisidagi xabarnoma (maʼlumotnoma) taqdim qilingandan keyin bank (bank filiali) tomonidan berilgan hamda toʻliq yoki qisman foydalanilmagan chek daftarchalari bankka (bank filialiga) qaytariladi. Shundan keyin, mijozning foydalanilmagan cheklar raqamlari koʻrsatilgan arizasiga asosan hisobvaraqni yopish kunida qoldiq tasdiqlangan holda hisobvaraq yopiladi”.
7. 52-banddan “va ulardagi tegishli mablagʻlar qoldigʻi “Boshqa debitorlik hisobvaraqlari”ga kirim qilinganda” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 32-33-son, 342-modda)