Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida dizayn markazi tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2017 iil 20-martdagi PF-5383-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-sonli Farmoni)”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Milliy anʼanalarni va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda liboslarning talab qilingan zamonaviy modellari ishlab chiqilishini tashkil etishni takomillashtirish, shuningdek mahalliy yengil sanoat mahsulotlarini xalqaro bozorlarga keng koʻlamda kiritish maqsadida:
1. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti, “OSIYO RAMZI” Oʻzbekiston Respublikasi dizaynerlari va modelyerlari uyushmasi, yengil sanoat korxonalari va tashkilotlarining “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida unitar korxona shaklida Dizayn markazi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzuridagi Dizayn markazining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
aholining oshib borayotgan ehtiyojlari va talablarini hisobga olgan holda yengil sanoat buyumlarini istiqbolli modellashtirish, jahon modalarining eng yangi tendensiyalarini oʻrganish, yengil sanoat mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlari marketing tadqiqotlarini amalga oshirish;
dizaynning model biznesi va kiyim-kechak ishlab chiqarish sohasiga ixtisoslashayotgan xalqaro eʼtirof etilgan yetakchi markazlari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularning ilgʻor tajribasini oʻrganish;
modellarning texnik shartlari va tavsiflarini ishlab chiqqan holda aholining milliy xususiyatlari va mentalitetidan kelib chiqib, turli assortimentdagi liboslarning mavsumiy kolleksiyalarini yaratish, ilmiy-tadqiqot, maslahatlar berish faoliyatini amalga oshirish;
bozor konyunkturasini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan modellarni doimiy ravishda yangilab borish, liboslarning raqobatbardosh modellarini yaratish, manfaatdor tashkilotlarning ishlab chiqarishiga buyurtmalar portfelini shakllantirishda ularga hamda toʻqimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoatiga zamonaviy, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni jalb etish boʻyicha maslahat yordami koʻrsatish;
xalqaro tajribani oʻrganish asosida xarajatlarni hisobga olishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va joriy etish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning rentabelligini taʼminlash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishda va ularning yangi turlarini jahon bozoriga kiritishda mahalliy yengil sanoat tashkilotlariga koʻmaklashish;
mahalliy va xorijiy dizaynerlar liboslari modellarining namoyishlarini, konferensiyalar, koʻrgazmalar, metodik seminarlar va mahorat darslarini tashkil etish.
3. Belgilansinki:
Dizayn markazi oʻz faoliyati toʻgʻrisida “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga hisobot beradigan mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi;
Dizayn markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi bilan kelishgan holda “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.
4. Dizayn markazining xodimlarning cheklangan umumiy soni 35 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 9 nafar boʻlgan tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisiga Dizayn markazi tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Dizayn markaziga “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahar, Bobur koʻchasi, 45-uyda joylashgan binosi xonalarining bir qismini tutash hududi bilan birga ijara toʻlovi undirmasdan berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi koʻrsatib oʻtilgan xonalarni berish aylanmasi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi va yuridik shaxslarning foyda soligʻi, shuningdek Dizayn markaziga berilgan mol-mulk va maydonlar boʻyicha mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
bir oy muddatda Dizayn markaziga berilayotgan xonalarni rekonstruksiya qilish va Dizayn markazini zamonaviy, yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlashga Dizayn markazining “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan holda taqdim etilgan hisob-kitoblariga muvofiq 2011-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Dizayn markazi faoliyatini tashkil etishga va uni joriy taʼminlashga joriy yilda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan zarur budjet mablagʻlari ajratsin va 2012 — 2015-yillarda ajratishni nazarda tutsin.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
7. Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar bilan birga, oʻz xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar, shu jumladan pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Dizayn markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Dizayn markaziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun unga xayriya ehsonlarini jalb etish huquqi berilsin.
8. Dizayn markazi 2016-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga soliqlarning barcha turlarini toʻlashdan, shuningdek faoliyatining asosiy turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Toshkent shahar hokimligi, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
bir oy muddatda Dizayn markazi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasinlar;
Dizayn markazining buyurtmanomalari boʻyicha firma savdo salon-doʻkonlari tashkil etish va boshqa ishlab chiqarish maqsadlari uchun ijara asosida tegishli joylarni bersinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 17-iyun,
PQ-1554-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-iyundagi PQ-1554-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Dizayn markazining
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 25-son, 257-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)