O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI DAVLAT RO‘YXATIGA OLISh VA HISOBGA QO‘YIShNING XABARDOR QILISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA O‘ZGARTISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PF-4940-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2017-yil 1-apreldan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturiga muvofiq va kichik korxonalarni tashkil etish hamda ularni va tadbirkorlarni ro‘yxatga olish tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish, kichik biznesni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida” 2006-yil 24-maydagi PQ-357-son qarori bilan tasdiqlangan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 28-mart,
PQ-1513-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 28-martdagi PQ-1513-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar
1. 11-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xorijiy muassis to‘g‘risida yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi yoki mazkur yuridik shaxsning faoliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjat savdo reyestridan olingan, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan, bular mavjud bo‘lmagan taqdirda, muassis ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlat Tashqi ishlar vazirligida, mazkur mamlakatning O‘zbekiston Respublikasidagi konsullik muassasasida yoki diplomatik vakolatxonasida legalizatsiya qilinib, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida tasdiqlangan ko‘chirma taqdim etiladi. Xorijiy muassis to‘g‘risidagi savdo reyestridan ko‘chirmada yoki mazkur xorijiy yuridik shaxsning faoliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjatda xorijiy yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan manzili, xorijiy yuridik shaxs nomidan imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan shaxs haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak. Ushbu ko‘chirma berilgan paytdan boshlab 1 yil muddat ichida haqiqiy hisoblanadi. Jismoniy shaxs — O‘zbekiston Respublikasi norezidenti o‘z pasportining nusxasini taqdim etadi. Ushbu hujjatlar davlat tiliga tarjima qilingan, belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan holda taqdim etilishi kerak. Agar xorijiy muassisning korxona (tashkilot) ustav fondiga ulushi intellektual mulk bo‘lsa, u holda ariza beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholovchi tashkilot tomonidan tayyorlangan baholash to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etishi kerak”.
2. 33-bandda:
a) birinchi xatboshidagi “7 ish kuni” so‘zlari “bir oy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) to‘rtinchi xatboshidagi “matnining” so‘zidan keyin “vakolatli shaxs tomonidan imzolangan va” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
v) quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“qism (ulush) yoki aksiya boshqa birovga o‘tgan taqdirda — mazkur qism (ulush) yoki aksiyaning boshqaga o‘tganini tasdiqlaydigan hujjat (shartnoma, xat va boshqalar)”;
to‘qqizinchi — o‘n ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ninchi — o‘n uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 36-bandning birinchi xatboshidan “yoki yuridik manzili” so‘zlari chiqarib tashlansin.
4. Quyidagi mazmundagi 381-band bilan to‘ldirilsin:
“381. Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan guvohnoma o‘rniga tadbirkorlik subyektining arizasiga ko‘ra uning dublikati berilishi mumkin.
Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning dublikati berilganida bitta eng kam ish haqi miqdorida to‘lov undiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi yo‘qolgan guvohnomaning bekor qilinganligi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabar chop etishi, shuningdek ro‘yxatga oluvchi organga chop etilgan xabarni va dublikatni olish uchun belgilangan to‘lov miqdori to‘langanligi to‘g‘risidagi bank to‘lov hujjatini taqdim etishi shart.
To‘lov summasi ro‘yxatga oluvchi organning alohida shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamiga tushiriladi hamda dublikatni tayyorlash va berish bo‘yicha ro‘yxatga oluvchi organ xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘larning 31-dekabr holatigacha bo‘lgan qoldiqlari:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi va viloyatlar adliya boshqarmalarining shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlaridan — respublika budjeti daromadiga;
Inspeksiyalarning shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlaridan — tegishli mahalliy budjetlar daromadlariga o‘tkaziladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi yaroqsiz holga kelgan guvohnoma ro‘yxatga oluvchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi lozim.
Dublikatni berish muddati 3 ish kunidan oshmasligi kerak”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 12-13-son, 114-modda)