Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga koʻmaklashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega boʻlgan ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlidagi eng muhim vazifa mustaqil, barqaror, aholining keng qatlamlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va xalq orasida chuqur ildizlari boʻlgan fuqarolik jamiyatining turli xil institutlarini yaratish va rivojlantirishdan iboratdir.
Fuqarolik jamiyati institutlari — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (mahalla), partiyalar, harakatlar, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari va fondlari, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) — fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, uning mohiyatini belgilaydi. Ular jamiyat aʼzolarining fuqarolik faolligi, milliy oʻzligini anglashi, siyosiy madaniyati va yuksak maʼnaviyatining oʻsishiga, ularda qadr-qimmat tuygʻusini, mustaqil fikrlash, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish, oʻz kelajagini oʻz qoʻllari bilan qurish istagini tarbiyalashga koʻmaklashishga qaratilgan.
Demokratik qadriyatlarni, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining eng muhim yoʻnalishiga aylanishi kerak. Nodavlat va jamoat tashkilotlarining rivojlangan tuzilmasi jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlash va qoʻllab-quvvatlashga, siyosiy va ijtimoiy sohada davlat tuzilmalariga qarama-qarshi turishga qaratilgan. Fuqarolik institutlari jamiyatda qaror topib va obroʻ-eʼtibori mustahkamlanib borgani sayin davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning muhim vositasiga aylanib borishi lozim.
Fuqarolik jamiyati institutlari mustaqil, erkin ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ijtimoiy fikr va ijtimoiy ongni nafaqat ifoda etishi, balki shakllantirishi lozim. Odamlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlamasdan turib, demokratiya oʻz-oʻzidan yoki chetdan qilingan harakatlar bilan rivojlana olmaydi. Bu ayniqsa, xalq deputatlari tuman Kengashlaridan tortib, qonun chiqaruvchi hokimiyatning oliy organi boʻlgan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish nuqtai nazaridan muhimdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolik jamiyati institutlarining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Har xil nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil etish birdan bir maqsad emas. Ular fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan koʻp asrlar davomida shakllangan institutlarni rivojlantirishga, ularning aholiga taʼsirini kuchaytirish va kengaytirishga, koʻp asrlik maʼnaviy-axloqiy negizlarni, bagʻrikenglik va dinlararo totuvlik gʻoyalarini mustahkamlashga koʻmaklashishi lozim.
Mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirishning tashkiliy-huquqiy, moddiy shart-sharoitlarini yaratishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari va fondlari, kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida qonunlar qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalari, jurnalistning kasbiy faoliyatini himoya qilish, axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisidagi va boshqa koʻplab qonunlarning qabul qilinishi katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega boʻldi. Oʻzbekistonda Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish maqsad va vazifalarini amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan, xususan, kuchli fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dastur amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, jamiyat hayoti, mamlakat davlat qurilishini demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini yanada kuchaytirish ularning faoliyatini moddiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga, haqiqiy mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar va mexanizmlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etmoqda. Faqatgina erkin, mustaqil, yetarli moliyaviy resurslarga va mustaqil moliyalashtirish manbalariga ega boʻlgan fuqarolik institutlari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishlari mumkin.
Mustaqil, barqaror, aholining turli qatlamlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan fuqarolik institutlarini shakllantirishga koʻmaklashish, ularning ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishdagi rolini kuchaytirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial va ishchanlik faolligini oshirish maqsadida:
1. Fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va ularning faoliyati koʻlamini kengaytirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish ishidagi eng muhim vazifa deb hisoblansin.
Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga fuqarolik jamiyati institutlarining fuqarolar huquqlari, manfaatlarini himoya qilish va farovonligini oshirishga, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga qaratilgan faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash majburiyati yuklansin.
2. Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining (OʻzNNTMA) assotsiatsiya tarkibida uning dasturiy maqsadlar va ustav vazifalari doirasida amalga oshiriladigan faoliyatini moliyalashtirish uchun tashkil etiladigan Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash fondini (keyingi oʻrinlarda — Fond) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
zarur moddiy resurslar va moliyaviy mablagʻlarni toʻplash, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlarini va, eng avvalo, aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan, respublika fuqarolarining u yoki bu manfaatlarini qondirish va himoya qilish boʻyicha oʻz oldida turgan vazifalarni mustaqil hal etadigan mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish uchun moʻljallangan mahalliy, xorijiy, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlarini jalb etish;
eng muhim gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik muammolar va vazifalarni hal etishda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan NNTlarining loyihalari va dasturlarini moliyalashtirish;
NNTning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy, maslahat, tashkiliy, texnik va boshqa yordam koʻrsatish, NNT, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, treninglar va boshqalar) oʻtkazish bilan bogʻliq loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda moliyaviy koʻmaklashish.
4. Quyidagilar Fond mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
muassis — OʻzNNTMAning pul badallari, Fond, shuningdek uning oldida turgan vazifalarni hal etish maqsadida u taʼsis etgan korxonalar va tashkilotlar faoliyatidan olingan daromadlar;
xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va begʻaraz yordami;
yuridik va jismoniy shaxslarning — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining ham, norezidentlarining ham ixtiyoriy homiylik badallari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
5. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarga Fondga, shuningdek, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga ularning ustavdagi vazifalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan har tomonlama moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
Davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan Fondni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi tashabbus ilovaga muvofiq maʼqullansin.
7. Toshkent shahar hokimligi bir hafta muddatda OʻzNNTMA va Fondni bepul asosda Movarounnahr koʻchasi, 14-uy manzili boʻyicha joylashtirsin.
8. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga, Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasiga, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga, boshqa ommaviy axborot vositalariga OʻzNNTMA va Fond faoliyatini keng yoritish, NNT faoliyatini rivojlantirishdagi ijobiy ish tajribasini targʻib qilish, shuningdek OʻzNNTMA va Fondning faol homiylarini axborot bilan, shu jumladan reklama bilan taʼminlash tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 23-iyun,
PQ-107-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 23-iyundagi PQ-107-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fondni moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchi davlat va jamoat tashkilotlari roʻyxati
1. | “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati |
2. | Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi |
3. | “Mahalla” jamoat fondi |
4. | Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi |
5. | “Sogʻlom avlod uchun” fondi |
6. | Xalqaro “Ekosan” fondi |
7. | Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi |
8. | Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi |
9. | Navoiy kon-metallurgiya kombinati |
10. | Olmaliq kon-metallurgiya kombinati |
11. | “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi |
12. | Oʻzbekiston Respublikasi TIF Milliy banki |
13. | “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi |
14. | “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi |
15. | “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi |
16. | “Oʻzavtosanoat” uyushmasi |
17. | “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi |