O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING UY-JOY QURiLIShIDA ISLOHOTLARNI ChUQURLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-maydagi PF-3613-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi farmonlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash va ba’zilariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”giFarmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Odamlarning uy-joy sharoitlarini yanada yaxshilash, fuqarolarning uy-joyni mulk qilib sotib olishga bo‘lgan huquqlari ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash, aholining bo‘sh pul mablag‘larini jalb etish hisobiga Toshkent shahridagi uy-joy qurilish tajribasini respublikaning butun hududiga keng yoyish maqsadida:
1. Aholining bo‘sh pul mablag‘larini jalb etgan holda nomi yozilgan uy-joy obligatsiyalarini sotib olish yo‘li bilan uy-joylar qurilishi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi va “Toshuyjoyjamg‘armabank”ning ish tajribasi ma’qullansin.
“Toshkent shahrida uy-joy qurilishini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish to‘g‘risida” 1996-yil 31-yanvardagi PF-1366-son Farmonning amal qilishi respublikaning barcha mintaqalariga yoyilsin.
2. Toshkent davlat-aksiyadorlik uy-joy-jamg‘arma banki — “Toshuyjoyjamg‘armabank” muassislarining uni O‘zbekiston davlat aksiyadorlik uy-joy-jamg‘arma banki — “O‘zuyjoyjamg‘armabank”iga aylantirish to‘g‘risidagi;
Markaziy bank, “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlari Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining viloyatlar hokimliklarining viloyat markazlari va shaharlarda joylashgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning yigirmata bo‘limini “O‘zuyjoyjamg‘armabank” tarkibiga kiritish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlarning hokimlari zimmasiga “O‘zuyjoyjamg‘armabank” bo‘limlariga xonalar ajratib berish, ularni ta’minlash va joylashtirish bilan bog‘liq barcha masalalar hal etilishi uchun javobgarlik yuklansin.
3. “O‘zuyjoyjamg‘armabank” va uning hududiy bo‘limlariga fuqarolar hamda yuridik shaxslarning bo‘sh pul mablag‘larini jamg‘arish, nomi yozilgan uy-joy obligatsiyalari bilan operatsiyalarni amalga oshirish, uy-joy qurilishiga kredit berish va obligatsiyalarning egalarini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi ishlarni tashkil qilish topshirilsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1997 — 1999-yillar mobaynida uy-joyga nisbatan vujudga kelgan talab-ehtiyojga hamda uy-joy qurilishi shart-sharoitlariga qarab, viloyat markazlaridan va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlardan boshlab aholining bo‘sh pul mablag‘larini, tijorat banklari muassasalarining kredit mablag‘larini, shuningdek nomi yozilgan uy-joy obligatsiyalari bo‘yicha sotib olinadigan uy-joy qiymatining 50 foizini qoplashga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini jalb etgan holda uy-joy qurilishi bo‘yicha ishlarni bosqichma-bosqich tashkil qilsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomi yozilgan uy-joy obligatsiyalarini fuqarolar sotib olishlariga qarab:
“O‘zuyjoyjamg‘armabank”ning nomi yozilgan obligatsiyalari bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinadigan uy-joy qiymatning 50 foizi qoplanishini ta’minlasin;
“O‘zuyjoyjamg‘armabank”ka yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarda fuqarolarga uzoq muddatli kreditlar berish uchun uy-joy qurilishi qiymatining 40 foizi doirasida zarur mablag‘larni ajratib bersin.
6. “O‘zuyjoyjamg‘armabank” nomi yozilgan uy-joy obligatsiyalarining egalari bo‘lgan jismoniy shaxslarga uy-joy sotib olish uchun qarzni 10 yil muddat mobaynida uzish sharti bilan yillik 20 foizdan oshmaydigan stavka bo‘yicha uzoq muddatli kreditlar bersin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, O‘zteleradio, Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning bo‘sh pul mablag‘larini jalb etgan holda uy-joylar qurish va sotib olish borasida shaharlar hokimliklari hamda “O‘zuyjoyjamg‘armabank” muassasalarining amaliy ish tajribasini muntazam suratda va keng yoritsinlar.
8. “Toshkent shahrida uy-joy qurilishini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish to‘g‘risida” 1996-yil 31-yanvardagi PF-1336-son Farmon 8-bandining beshinchi abzatsi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-mart,
PF-1739-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 87-modda)