O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XOJA AHROR VALIY TAVALLUDINING 600 YILLIGINI NIShONLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Buyuk Vatandoshimiz, o‘z davrida diyorimizda tinchlik va ahillikni qaror toptirishga, muqaddas islom dini, islom falsafasi rivojiga katta hissa qo‘shgan va boy ma’naviy meros qoldirgan ulug‘ mutafakkir Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, Amir Temur jamg‘armasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand viloyati hokimligi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda:
Xoja Ahror Valiy asarlarining qo‘lyozmalari manbalarini keng, xolisona talqin va yondashuvlar asosida o‘rganish, allomaning hayoti va faoliyati haqidagi zamonaviy tadqiqotlarni to‘plash va nashr etish;
Samarqand shahrida “Xoja Ahror Valiyning Markaziy Osiyo tarixi va ma’naviyatida tutgan o‘rni” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilasin.
4. “O‘zbekkino” milliy agentligiga allomaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy-hujjatli filmni suratga olish topshirilsin.
5. Madaniyat ishlari vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Xoja Ahror Valiyning Samarqand tumanidagi me’moriy majmuasini ta’mirlash va uning atrofini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirsin.
6. “O‘zbekturizm” kompaniyasiga Samarqand viloyati hokimligi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda Xoja Ahror Valiy nomi bilan bog‘liq qadamjolarga yurtdoshlarimizning ziyoratlarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.
7. Matbuot va axborot agentligi, “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Z. Husniddinov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 25-mart,
143-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 143-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita
TARKIBI
| 1. | Azizxo‘jayev A. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, tashkiliy qo‘mita raisi |
| 2. | Husniddinov Z. | — | O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, kelishuv asosida |
| 3. | Xolmurodov R. | — | Samarqand viloyati hokimi, tashkiliy qo‘mita raisining o‘rinbosari |
| 4. | Shodiyev B. | — | Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy kompleksi bosh mutaxassisi, mas’ul kotib |
| 5. | Abdullayev A. | — | Toshkent islom univ�rsiteti prorektori |
| 6. | Bahromov A. | — | O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy |
| 7. | Ko‘chimov A. | — | “O‘zteleradio” kompaniyasi raisi |
| 8. | Minovarov Sh. | — | Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi |
| 9. | Muhammadiyev O. | — | Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi raisi |
| 10. | Murod Muhammad Do‘st | — | “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori |
| 11. | Oripov A. | — | O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi |
| 12. | Shog‘ulomov R. | — | O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori |
| 13. | Husanboyev B. | — | “O‘zbekturizm” kompaniyasi raisi |
| 14. | Ernazarov E. | — | Madaniyat ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari |
| 15. | Valixo‘jayev B. | — | O‘zFA akademigi |
| 16. | Abduxalimov B. | — | O‘zFA Sharqshunoslik instituti direktori vazifasini bajaruvchi |
| 17. | Boyqobilov B. | — | O‘zbekiston xalq shoiri |