Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QISHLOQ JOYLARDA UY-JOYLARNI LOYIHALASHTIRISHNI TAKOMILLASHTIRISH VA QURILISHNI YAXSHILASH BORASIDAGI QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Qayd etib oʻtilsinki, respublikamizda qishloq aholi punktlarini arxitekturaviy-rejali asosda qurish bosh rejalariga muvofiq qishloqlarda namunaviy loyihalar boʻyicha zamonaviy yakka tartibdagi uy-joylarni keng koʻlamda barpo etish, qishloq qiyofasini tubdan yangilash, qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani jadal shakllantirish boʻyicha maxsus Davlat dasturi ishlab chiqilgan va u izchil amalga oshirib borilmoqda.
“Qishloqqurilishloyiha” MChJ ixtisoslashtirilgan loyiha-qidiruv instituti, namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurishga uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni taqdim etayotgan maxsus “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki ochilgan. Yakka tartibdagi uylarni va ijtimoiy obyektlarni “batamom tayyor” holda topshiradigan, har bir mintaqada boʻlimlari mavjud boʻlgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tashkil etilgan. Barcha qishloq tumanlarida uy-joylarni qurish namunaviy loyihalar boʻyicha, ijtimoiy, bozor va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari bilan bogʻlangan holda olib borilmoqda.
Shu bilan birga Andijon, Fargʻona va boshqa viloyatlarning qishloq joylarida yakka tartibdagi uylar qurilishidagi ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilish, avvalambor loyihalashtirishda bir qator kamchiliklarni namoyon qildi. Namunaviy loyihalar mamlakat muayyan mintaqasining tabiiy-iqlim sharoitlarini har tomonlama hisobga olmagan holda, qurilishda muhim boʻlgan tabiiy omillar — shamolning yoʻnalishi, quyoshning yoritishi, milliy va mahalliy anʼanalarning oʻziga xosligini yaxshi oʻrganmasdan turib ishlab chiqilgan. Loyihalarda katta konstruktiv kamchiliklar mavjud — yaʼni shiplarning yetarlicha baland boʻlmaganligi, yashash maydoni, ayniqsa bolalar xonalarida cheklanganligi, oilaning yashashi uchun barcha zarur maishiy shart-sharoitlar yaratilmaganligi shular jumlasidandir.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, qishloqdagi namunaviy yakka tartibdagi turar joylarni loyihalashtirish sifatini tubdan oshirish asosida qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini yanada yaxshilash, imorat soluvchilar uchun zarur qulayliklari bilan yorugʻ, keng va shinam uy-joylarni qurish, shuningdek bosh rejalarga muvofiq holda qishloq aholi punktlarini kompleks ravishda barpo etish hamda zamonaviy muhandislik kommunikatsiyalarini, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ildam rivojlantirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va oʻrmon fondi kategoriyasiga kiritilmagan yerlarni qishloq joylarda yakka tartibda uy-joylar qurish uchun har bir imorat soluvchiga 0,06 gektardan yer uchastkalari ajratib berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tomonidan talablarga javob bermaydigan qishloq uy-joylarining namunaviy loyihalari bekor qilindi hamda uylarning umumiy maydoni va xonalar balandligini oshirish, garajlar hamda hovli imoratlari qurish, hovlining xoʻjalik qismida bugʻ qozonxonasini joylashtirish va boshqalarni nazarda tutgan holda imorat soluvchi uchun zarur qulayliklarni taʼminlaydigan, shinamligi yaxshilangan uch, toʻrt hamda besh xonali yakka tartibdagi uylarning yangi namunaviy loyihalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi;
“Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyiha-qidiruv instituti rahbariyatini yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan va tashabbuskor yosh kadrlar bilan mustahkamlash choralari koʻrildi;
qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joy massivlarini qurish uchun yer uchastkalarini tanlab olish boʻyicha butun masalalar kompleksini hal etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasida va respublika viloyatlarida yigʻma va hududiy ishchi guruhlar tuzildi.
2. Qishloq joylarda asosiy qishloq xoʻjalik ekinlari ekiladigan hamda haydaladigan maydonlarning bevosita yaqinida yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlari uchun yer uchastkalari ajratilishi taqiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga mazkur qoidaga qatʼiy rioya qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi qishloq joylarda uy-joy qurilishini loyihalashtirishni takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda:
qishloq aholi punktlarini rivojlantirish bosh rejasidan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi turar joylarni qurish uchun yer massivlarini tanlab olishning aniq va ochiq-oydin tizimi yaratilishini;
qishloqda yakka tartibdagi uy-joylarni qurish yashash xonalarini oqilona rejalashtirish, quyoshning yoritishini, shamolning yoʻnalishini hisobga olish va boshqa tabiiy-iqlim omillari hamda mahalliy shart-sharoitlar va xususiyatlarni nazarda tutgan holda tasdiqlangan yangi namunaviy loyihalarga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshirilishini;
obyektlarni va muhandislik-kommunal infratuzilma tarmoqlarini — avtomobil yoʻllari, vodoprovod, gaz, elektr tarmoqlari, telekommunikatsiya tizimlarini ildam loyihalashtirish va qurish orqali qishloq uy-joy massivlarini kompleks barpo etishni;
uy-joylarni “batamom tayyor” holda qurishda zamonaviy mahalliy qurilish materiallaridan foydalanib, ilgʻor texnologiyalar va yangi konstruktiv yechimlarni qoʻllash asosida turar joylarning sifati oshirilishi va qiymati tushirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan:
2011-yilda “Qishloq qurilish bank” ATBning imtiyozli ipoteka kreditlarini jalb qilgan holda, uy-joylarni 1-ilovaga* muvofiq 2011-yilning III choragida “batamom tayyor” holda topshirish shartlari asosida namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylarni barpo etish;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2011-yilda 2-ilovaga* muvofiq qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi massivlarida tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari obyektlarini qurish;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2011-yilda 3-ilovaga* muvofiq qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini bunyod etishning asosiy parametrlari maʼqullansin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda 2011-yilda qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi massivlarida yakka tartibdagi uy-joylar, tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini barpo etishning asosiy parametrlari amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Qishloq qurilish bank” ATB bilan hamkorlikda ikki oy muddatda markazlashtirilgan budjet mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 2011-yilda qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi Dasturini birgalikda moliyalashtirish hajmlari hamda manbalarini belgilasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi uy-joylarning mahalliy sharoitga moslashtirilgan yangi namunaviy loyihalarining loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan sinchiklab oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, obyektni “batamom tayyor” qilib topshirish prinsipiga qatʼiy rioya qilishni taʼminlagan holda, imorat soluvchilar uchun davlat ekspertizasidan oʻtgan va moslashtirilgan loyiha qimmatlashgan taqdirda namunaviy loyihalar boʻyicha uy-joylarni qurishga yakka tartibdagi imorat soluvchilar bilan “Qishloq qurilish invest” IK oʻrtasida tuzilgan kontrakt shartlari oʻzgartirilmaydi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari:
“Qishloq qurilish bank” ATB bilan hamkorlikda 2010-yilning 1-dekabrigacha 2011-yilda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurishga potensial qarz oluvchilarni aniqlasin, shuningdek qurilishning oʻz vaqtida boshlanishi uchun birlamchi badallarning yigʻilishini taʼminlasin;
2 va 3-ilovalarga muvofiq asosiy parametrlarga koʻra, suv taʼminoti tarmoqlari, shoxobcha yoʻllar va kvartal ichidagi avtomobil yoʻllari, shuningdek qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishi moliyalashtirilishini taʼminlasin;
yakka tartibdagi uy-joylarni qurishga ishonchli pudrat tashkilotlari puxta va qatʼiy tanlab olinishini tashkil etsin, tanlash va baholash shartlarida qurilish texnikasi hamda kichik mexanizatsiya vositalari, qurilish asbob-anjomlari mavjudligini, quruvchi kasbiga ega boʻlgan malakali ishchilar va muhandis-texnik kadrlar bilan butlanganligini, shuningdek belgilangan muddatlarda “batamom tayyor” holda topshirish shartlarida uy-joylarni sifatli qurish boʻyicha majburiyatlar qabul qilinishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Qishloq qurilish bank”ATB, “Qishloq qurilish invest” IK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar 2010-yilning 1-dekabrigacha 2015-yilga qadar qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda qishloq qiyofasini tubdan yangilashga, qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan namunaviy loyihalar asosida qishloq uy-joy qurilishini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni keng yoritishga bagʻishlangan telekoʻrsatuv va radioeshittirish turkumlari, maqolalar chop etilishi tashkil qilinishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 8-sentabr,
PQ-1403-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 37-son, 320-modda)