Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika uy-joy fondining koʻp kvartirali uylarida lift asbob-uskunalarini yangilash va taʼmirlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-iyundagi 376-sonli “2021 — 2027-yillarda respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining koʻp kvartirali uylarda yashashi uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, avariya holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan 2010-2011-yillarda respublika shaharlaridagi hamda 2010—2014-yillarda Toshkent shahridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Respublika shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturining bajarilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek uy-joy fondi saqlanishi monitoringini olib borish komissiyalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Respublika shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturini amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish teng ulushlarda:
mahalliy budjet parametrlarida belgilangan tartibda nazarda tutilgan mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining yil boshidagi boʻsh qoldiqlari hamda prognozlardan ortiqcha tushumlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining budjetdan tashqari boshqa mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
2010-yilda Respublika shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturini amalga oshirish xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining prognozlardan ortiqcha tushumlari hisobiga moliyalashtirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011—2014-yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etiladigan hisob-kitoblar asosida Respublika shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturining bajarilishi uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Quyidagilar:
koʻp kvartirali uylarda liftlarni taʼmirlash va yangilash boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahrida — Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi buyurtmachi etib;
“Samarqand liftsozlik zavodi” OAJ — belgilangan tartibda deklaratsiya qilingan narxlar boʻyicha — liftlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar yetkazib beruvchi etib;
liftlarni montaj qilish, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tanlov asosida — pudratchi etib belgilansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi hamda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi pudratchi tomonidan liftlarni almashtirish va taʼmirlash boʻyicha bajarilgan ishlarning qabul qilinishi uchun javob beradilar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ularning uyushmalari bilan birgalikda bir oy muddatda koʻp kvartirali uylardagi liftlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsinlar va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
koʻp kvartirali uylardagi liftlarni xatlovdan oʻtkazish natijalariga koʻra har yili, 2010-2011-yillarda respublika shaharlarida va 2010—2014-yillarda Toshkent shahrida liftlarning texnik holati toʻgʻrisida nosozlik dalolatnomalarini tuzsinlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda liftlarni yangilash va taʼmirlashning aniq dasturlarini belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishgan holda har yili liftlarni taʼmirlash-tiklash ishlarining cheklangan qiymatini belgilasinlar;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga binoan koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni nazorat qilsinlar;
har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Respublika shaharlaridagi koʻp kvartirali uylarda liftlarni yangilash va taʼmirlash dasturining bajarilishi toʻgʻrisida tahliliy axborot taqdim etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2010-yil 1-oktabrgacha liftlarga zarur tarzda xizmat koʻrsatish va ularni saqlash hamda ulardan xavfsiz foydalanishni tashkil etish yuzasidan tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan yoki uni xabardor qilmasdan, koʻp kvartirali uylarda oʻrnatilgan liftlarning texnik holatini tizimli asosda nazorat qilsin;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son)
liftlardan foydalanish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ularning uyushmalari ishtirokida seminar oʻtkazilishini tashkil etsin;
manfaatdor tashkilotlarga ushbu tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobiga liftlarga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni tayyorlash boʻyicha kurslar oʻtkazilishida koʻmaklashsin.
7. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2010-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda Liftlarni oʻrnatish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 29-avgust,
191-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 35-36-son, 303-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda, 51-son, 665-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)