O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-iyundagi 164-sonli “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatorini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2010-yil 28-maydagi PQ-1345-son qarorini bajarish yuzasidan hamda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarini tasniflashning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (keyingi o‘rinlarda “Klassifikator” deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish, shu jumladan mehnat daftarchalarida yozuvlarni qayd etish, lavozimlarni xodimlarning toifalariga kiritish yuzasidan — respublikaning barcha tashkilotlarida qo‘llanilishi majburiy;
ishga qabul qilishda xodimlarning ma’lumoti darajasiga qo‘yiladigan eng kam talablar yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda qo‘llanilishi majburiy, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya tusiga ega.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga vazirliklar va idoralarning takliflarini hisobga olgan holda hamda mehnat bozorini tahlil qilish natijalari bo‘yicha Klassifikatorni qayta ko‘rib chiqish hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Klassifikatorning Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga nashr etilishini va beriladigan buyurtmanomalar bo‘yicha tashkilotlar o‘rtasida pulli asosda tarqatilishini, shuningdek vazirlikning veb-saytida elektron versiyada joylashtirilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomalarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqsin, tavsiyalarni barcha tashkilotlarga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rsin;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda 2010-yil oxirigacha xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari tarmoq tarif-malaka tavsifnomalarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining kadrlar bilan ishlash xizmatlari rahbarlari uchun amaliy seminarlar o‘tkazilishini ta’minlasin.
4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tasdiqlangan Klassifikator asosida 2011-yil oxirigacha, kasb tayyorgarligi yo‘nalishlariga qo‘yiladigan talablarni ko‘rsatgan holda, xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomalarini, shuningdek tegishli lavozim yo‘riqnomalarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
181-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari
KLASSIFIKATORI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Klassifikator xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlarini, xodimlar toifasini va ishga qabul qilishda ma’lumoti darajasiga qo‘yiladigan eng kam talablarni belgilaydi.
2. Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish, shu jumladan mehnat daftarchalarida yozuvlarni qayd etish, lavozimlarni xodimlarning toifalariga kiritish yuzasidan — respublikaning barcha tashkilotlarida qo‘llanilishi majburiy;
ishga qabul qilishda xodimlarning ma’lumoti darajasiga qo‘yiladigan eng kam talablar yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda qo‘llanilishi majburiy, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya tusiga ega.
3. Klassifikator:
mehnat shartnomasi va tashkilotlarning shtat jadvalini tuzishda, mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat munosabatlari bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va kasblarni xodimlarning (boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, ishlab chiqarish xodimlari va boshqa xodimlarning) tegishli toifalariga kiritishda rahbarlar, mutaxassislar, boshqa xizmatchilarning lavozimlari va ishchilar kasblari nomlarini standartlashtirish va birxillashtirish;
kadrlar (mutaxassislar)ning ma’lumoti darajasini, malaka toifasini hisobga olgan holda ularni joy-joyiga samarali qo‘yish;
xodimlar personali toifalari bo‘yicha mehnat hisobi, tahlili va statistikasini yuritish uchun mo‘ljallangan.
Klassifikator belgilangan tartibda ishlab chiqiladigan tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomalari uchun asos hisoblanadi.
4. Klassifikatorda:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining alifbo tartibida joylashtirilgan nomlari;
Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiq xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari kodlari;
xizmatchilarning aniq lavozimlari va ishchilar kasblari tegishli bo‘lgan xodimlar toifalari nomlari;
xizmatchi lavozimiga yoki ishchi kasbi bo‘yicha ishga qabul qilishda funksional vazifalarni bajarish uchun talab qilinadigan xodim ma’lumotining eng kam darajasiga qo‘yiladigan talablarga ko‘rsatmalar mavjud.
5. Klassifikatorga kiritilgan lavozimlar, xizmatchilar va ishchilar kasblari nomlari va ularning identifikatsion kod raqamlari (keyingi o‘rinlarda “kod” deb ataladi) Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiqdir.
Kodlar Xalqaro mehnat tashkilotining Kasblarning xalqaro standart klassifikatoriga (Kasblarning xalqaro standart klassifikatori-88 yoki ISCO — inglizcha) muvofiqdir va to‘rtta raqamdan iborat, ulardan:
birinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining asosiy guruhi nomini ifodalaydi;
ikkinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining kichik guruhi nomini ifodalaydi;
uchinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining quyi guruhi nomini ifodalaydi;
to‘rtinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining boshlang‘ich guruhi nomini ifodalaydi.
6. Ushbu Klassifikator maqsadlari uchun quyidagi ta’rif va tushunchalardan foydalaniladi:
a) lavozim — xodimning tashkiliy-boshqaruv yoki ma’muriy-xo‘jalik funksiyalarini bajarish bilan bog‘liq funksional vazifalari doirasi bilan bog‘liq xizmat mavqei;
b) kasb — xodim tomonidan kasbga o‘qish yoki amaliyot natijasida egallangan bilimlar va ko‘nikmalarni o‘z ichiga oluvchi mehnat faoliyati turi;
v) xizmatchilar — hujjatlarni tayyorlaydigan va rasmiylashtiradigan, hisob va nazoratni, boshqaruv funksiyalarini, shuningdek xo‘jalik xizmatini amalga oshiradigan xodimlar;
g) mutaxassislar — boshqaruv funksiyalarisiz ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtiradigan, loyihalashtiradigan va nazorat qiladigan, murakkab texnikaga xizmat ko‘rsatadigan, hujjatlarni ishlab chiqadigan, xodimlarni boshqaradigan, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyati jarayonlarini tartibga soladigan xodimlar. Mutaxassislar bajaradigan funksiyalariga bog‘liq holda boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga mansub bo‘lishi mumkin;
d) ishchilar — mehnat quroli yordamida mehnat jarayonida ishlov berilishi kerak bo‘lgan materiallarga (mehnat predmetiga) ta’sir ko‘rsatadigan, asosan jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan, mahsulot yaratadigan, mashinalarni kuzatadigan, sozlaydigan va saqlaydigan, mehnat predmetlari joyini o‘zgartiradigan, mehnatning normal sharoitlarini saqlab turadigan, tovarlar va xizmatlarning ishlab chiqarish texnologiyasi bilan belgilanadigan boshqa funksiyalarni bajaradigan xodimlar;
e) xodimlar toifasi — mehnat mazmunining tavsiflari va ko‘rsatkichlari tizimi:
boshqaruv xodimlari — boshqaruv funksiyalarini amalga oshiruvchi, xodimlarga rahbarlik qiluvchi, zarur qarorlarni ishlab chiquvchi va qabul qiluvchi, tashkilot faoliyatini rejalashtiruvchi, nazorat qiluvchi va jarayonlarni tartibga soluvchi, zarur qarorlar qabul qilish uchun ma’lumotlar tayyorlovchi xodimlar. Boshqaruv xodimlari tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar va vazifalarga erishishi uchun zarur tashkiliy-texnik shartlarni, yuklangan funksiyalar va ishlab chiqarish dasturlari bajarilishini ta’minlaydilar. Boshqaruv xodimlari rahbarlarga va boshqaruv xodimlari mutaxassislariga bo‘linadi;
ishlab chiqarish xodimlari — tashkilotning iqtisodiy faoliyat turlari, shuningdek ishlab chiqarish dasturida belgilangan tegishli mahsulotlar (xizmatlar) klassifikatsiyasiga muvofiq bo‘lgan tashkilotning asosiy mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan xodimlari. Ishlab chiqarish xodimlari tarkibiga boshqaruv xodimlariga tegishli bo‘lmagan muhandis xodimlar va texniklar, ishchilar, kichik mutaxassislar va ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan boshqa xodimlar kiradi;
texnik xodimlar — funksiyasiga boshqaruv xodimlari faoliyatiga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni ta’minlash ishlarini bajarish (chop etish, ko‘paytirish va arxiv ishlarini bajarish, kutubxona ishi, hujjatlarni yetkazib berish, kompyuter texnikasiga xizmat ko‘rsatish, idora, kotiblik ishlarini va boshqa ishlarni bajarish) kiradigan xodimlar;
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar — funksiyasiga binolar va hududlarga texnik xizmat va xo‘jalik xizmati ko‘rsatish, ularni qo‘riqlash, boshqaruv xodimlariga transport xizmati ko‘rsatish, tashkilotning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqa ishlar, shu jumladan ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish kiradigan xodimlar. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga mutaxassislar va ishchilar toifasiga mansub bo‘lmagan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari ham kiradi;
j) xodim ma’lumotining eng kam darajasiga qo‘yiladigan talablar — “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, xizmatchi yoki ishchi kasbi bo‘yicha ishga kirishda, qoidaga ko‘ra, bajariladigan ishlar va funksional vazifalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib talab qilinadigan ma’lumotning eng kam darajasi. Ishga qabul qilishda ma’lumot ixtisosligiga qo‘yiladigan talablar qonun hujjatlari talablari hisobga olingan holda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan belgilanishi mumkin.
7. Klassifikatorda quyidagi qisqartmalar qo‘llaniladi:
a) xodimlar toifasi:
B — boshqaruv xodimlari;
M — mutaxassislar;
T — texnik xodimlar;
X — xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
I — ishlab chiqarish xodimlari;
b) xodimning ma’lumoti darajasi:
O/M — oliy ma’lumotli;
O‘MKHT — o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli;
TQ — ma’lumoti darajasiga talab qo‘yilmaydi.
8. Agar davlat organi, xo‘jalik boshqaruvi organi yoki tashkilot tuzilmasida Klassifikatorda ko‘rsatilmagan xizmatchilar lavozimi yoki ishchilar kasblari mavjud bo‘lsa yoxud joriy etilsa, u holda nomi, xodimlarning toifasi, shuningdek ushbu lavozimlar va kasblar bo‘yicha ma’lumot darajasiga qo‘yiladigan eng kam talablar Klassifikatorga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun mehnat organlariga yuboriladi.
II. Klassifikatorni qo‘llash xususiyatlari
9. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari xizmatchilar tomonidan bajariladigan funksiyalarga bog‘liq holda boshqaruv yoki ishlab chiqarish xodimlari toifasiga mansub bo‘lishi mumkin.
Agar davlat organi, xo‘jalik boshqaruvi organi yoki tashkilotning tuzilmasida ishlab chiqarish bo‘linmalari ajratib ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mutaxassislar boshqaruv xodimlariga mansub bo‘ladi.
10. Agar texnik xodimlarning lavozimlari tashkilotning ishlab chiqarish bo‘linmalari uchun belgilangan bo‘lsa, ularning ayrim lavozimlari ishlab chiqarish xodimlariga mansub bo‘lishi mumkin.
11. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilar kasblari bo‘yicha:
a) Xizmatchilar lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorida ko‘rsatilmagan:
ishchilar kasblari bo‘yicha: katta, yordamchi;
xizmatchilar lavozimlari bo‘yicha: o‘rinbosar, yordamchi, birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, bosh, yetakchi, katta, kichik, oliy ma’lumotli, o‘rta maxsus ma’lumotli, kasb-hunar ma’lumotli, smenali, brigadali, viloyat, tuman, uchastka, kon va hokazo hosila lavozimlar va kasblar;
b) oliy, birinchi, ikkinchi, uchinchi malaka toifalari belgilanishi mumkin.
Hosila lavozimlar va kasblar, shuningdek mutaxassislarning ayrim lavozimlari bo‘yicha malaka toifalari bir lavozim doirasida tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Hosila lavozimni, kasbni va malaka toifasini belgilashda lavozim majburiyatlarini bajarishda xodimlarning mustaqilligi darajasi, qabul qilinadigan qarorlarning to‘g‘riligi uchun uning javobgarligi, tashabbuskorlik, mehnat samaradorligi va sifati, shuningdek amaliy faoliyat tajribasi hisobga olinadi.
12. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilar kasblari bo‘yicha daraja belgilanishi mumkin. Daraja belgilanadigan lavozimlar va kasblar ro‘yxati, uni belgilash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
13. Bakalavr yoki magistr darajasi bilan oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan xodimlar oliy ma’lumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini (texnikumlar, kasb-hunar-texnik, tibbiyot, pedagogika va boshqa bilim yurtlarini), 10 (11) yil o‘qitiladigan umumta’lim maktablarini tamomlagan xodimlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi.
14. Ayrim hollarda Klassifikatorda belgilangan ma’lumot darajasi va ixtisosligiga ega bo‘lmagan, shu jumladan umumta’lim maktablarining 8 (9)-sinflarini tamomlagan (majburiy 12 yillik ta’limga o‘tilgungacha), biroq yetarli amaliy tajribaga ega bo‘lgan va o‘zlariga yuklangan lavozim majburiyatlarini to‘liq hajmda va sifatli bajarayotgan xodimlar, agar qonun hujjatlarida o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’lumotning yuqoriroq darajasini yoxud boshqa ixtisosligini talab qiladigan lavozimga qabul qilinishi mumkin.
15. Tashkilotlarda xodimlarni hisobga olish, shuningdek barcha hujjatlardagi yozuvlar Klassifikatorda ko‘rsatilgan xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlariga qat’iy muvofiq holda amalga oshirilishi kerak.
16. Klassifikatorda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari quyidagi shaklda bayon qilinadi:
| T/r | Kasb, lavozim kodi | Xizmatchi lavozimi va ishchi kasbining nomi | Kasblarning milliy standart klassifikatori bo‘yicha kod | Xodimlar toifasi | Talab qilinadigan ma’lumotning eng kam darajasi |
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 |
1-ustunda ishchi kasbi yoki xizmatchi lavozimining tartib raqami ko‘rsatiladi;
2-ustunda tegishlilik kodi:
1 — ishchi kasbi;
2 — xizmatchi lavozimi ko‘rsatiladi;
3-ustunda xizmatchi lavozimi yoki ishchi kasbining to‘liq nomi ko‘rsatiladi;
4-ustunda Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiq belgilangan kod ko‘rsatiladi;
5-ustunda ushbu xizmatchi lavozimi va ishchi kasbi mansub bo‘lgan xodimlar toifasi ko‘rsatiladi;
6-ustunda xizmatchining tegishli lavozimiga yoki ishchi kasbi bo‘yicha ishga qabul qilishda talab qilinadigan ma’lumotning eng kam darajasi ko‘rsatiladi.
III. Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvali*
*Jadval rus tilida berilgan.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 34-son, 291-modda; 2012-y., 26-27-son, 301-modda; 2013-y., 6-son, 74-modda, 51-son, 673-modda)