O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QAShQADARYo VILOYATINING QAMAShI TUMANIDA YuZ BERGAN ZILZILA OQIBATLARINI TUGATISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
2000-yil 20-aprelda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yuz bergan zilzila oqibatlarini tugatish, tuman aholisini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hukumat komissiyasining Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida zilzila oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Hukumat komissiyasining zilziladan zarar ko‘rgan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tiklash ishlarini olib borish va yangi qurilishni amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga ilovaga* muvofiq rozilik berilsin.
* Ilova berilmaydi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi, buyurtmachi vazirliklar va idoralar tiklash ishlari olib borilishini va yangi qurilishni amalga oshirishni Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ta’minlasinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi istisno tariqasida 2000-yilda Vazirlar Mahkamasining Kafolatli jamg‘armasidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga ilovaga muvofiq ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish va yangi qurilish uchun 2,0 mlrd so‘m ajratsin. Ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi uchun javobgarlik Qashqadaryo viloyati hokimligiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tiklash ishlari va yangi qurilish uchun ajratilayotgan mablag‘lardan Qashqadaryo viloyati hokimligi maqsadli foydalanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2001-yilgi Investitsiya dasturida Qashqadaryo viloyati hokimligiga buzib tashlanayotgan va tiklab bo‘lmaydigan obyektlar o‘rniga qurilayotgan obyektlar ishga tushirilishini ta’minlash uchun maqsadli markazlashtirilgan sarmoya qo‘yilmalarining tegishli limitlarini ajratishni nazarda tutsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
kommunal xo‘jaligi, ma’muriy, madaniy-maishiy va ishlab chiqarish yo‘nalishidagi obyektlarni tiklash va ta’mirlash tadbirlari tegishli vazirliklar, idoralarning mablag‘lari hamda korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobiga;
budjetdagi tashkilotlar bo‘yicha tiklanmaydigan obyektlarni buzish va ta’mirlash ishlari mahalliy budjet va homiylar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
4. Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkilotlar va korxonalarga zilziladan zarar ko‘rgan obyektlarda qurilish va tiklash ishlarini mahalliy smetalar bo‘yicha loyihalash bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat etilsin.
5. Quyidagilar:
“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi tomonidan Xalq banki bo‘limlari orqali zilziladan zarar ko‘rgan xususiy uy-joylar egalariga 6709,8 ming so‘m miqdorida sug‘urta to‘lovlari berilganligi;
“Paxta-bank”, “O‘ztadbirkorbank” va Xalq banki tomonidan zilziladan zarar ko‘rgan xususan uy-joylarning eng muhtoj egalariga kredit berish uchun 17 mln so‘m miqdorida (5—7 foizli yillik stavka bilan) imtiyozli kreditlar ajratish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Isayev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi 2000-yilda Qamashi tumanida ilovaga muvofiq nazarda tutilgan rekonstruksiya qilish va tiklash, shuningdek foydalanishga topshirish ishlarini:
maktablar, bolalar bog‘chalari, kollejlar, shu jumladan, ilgari foydalanishga topshirilishi 2001-yilga mo‘ljallangan qurilish kollejining birinchi bosqichi bo‘yicha — 2000-yil 1-sentabrgacha;
sog‘liqni saqlash obyektlari bo‘yicha — 2000-yil 1-noyabrgacha tugallashni ta’minlasinlar.
7. Vazirliklar, idoralar va Qashqadaryo viloyati hokimligi ushbu qarorning bajarilishi to‘g‘risida har oyning 1 va 16-kunlarida Hukumat komissiyasiga axborot bersinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari B.S. Hamidov va Qashqadaryo viloyati hokimi Sh.R. Begmatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 27-iyun,
244-son