Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JUMHURIYAT OʻQUVChI-YoShLARIGA VA MUTAXASSISLARIGA ChET TILLARNI KENG KOʻLAMDA OʻQITISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI RIVOJLANTIRIShGA OID TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jumhuriyatda chet tillarni keng koʻlamda oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, oʻquvchi-yoshlarni va mutaxassislarni jahon fani va texnikasi yutuqlaridan bevosita bahramand etish, ularni xorijda koʻplab oʻqitish va tajriba orttirishga yuborishni yoʻlga qoʻyish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. F. Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar instituti huzurida chet tillarni oʻqitish maxsus kurslari negizida jumhuriyat til oʻrgatish markazi tashkil etilsin.
Unga jumhuriyatda chet tillarni oʻqitishning bosh, bazaviy oʻquv va ilmiy-metodik markazi funksiyasi yuklatilsin.
2. Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (oʻrtoq Alimov), Oʻzbekiston SSJ Xalq taʼlimi vazirligi (oʻrtoq Yoʻldoshev) Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari va Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi bilan birgalikda Toshkent va Nukus shaharlaridagi, viloyat markazlaridagi mavjud oliy oʻquv yurtlari negizida 1-ilovaga muvofiq Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarini tashkil etsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston SSJ oʻquvchi-yoshlariga, mutaxassislariga zarur hajmda chet tillarni jadal oʻqitish;
ularning elektron-hisoblash texnikasida ishlash, informatikaning zamonaviy vositalaridan foydalanish koʻnikmalarini egallashi;
xorijiy mamlakatlarning tarixi va madaniyati, davlat va siyosiy tuzilishi, ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi bilan tinglovchilarni tanishtirish;
korxonalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari xodimlari hamda oʻquvchi-yoshlarning til bilish malakasini oshirishda ularga koʻmaklashish Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarining asosiy vazifalari deb hisoblansin.
5. Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarini tashkil etish, ularni moddiy-texnikaviy jihozlash uchun 1991-yilda Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 2 million soʻm, shuningdek, zarur valyuta mablagʻlari ajratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
6. Oʻzbekiston LKYI Markaziy Qoʻmitasining shu oʻquv yilidan boshlab Yoshlar instituti negizida mintaqa til oʻrgatish Markazining moddiy-texnika bazasini taʼminlash va rivojlantirishga paychilik asosida mablagʻ ajratishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Ulugʻbek nomidagi isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jumhuriyat jamgʻarmasi chet tillarni oʻqitish tizimini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ayrim fuqarolardan tushadigan soʻm va chet el valyutasidagi mablagʻlarni jamlash uchun Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy bankida belgilangan tartibda maxsus subschyot ochsin. Jumhuriyatdagi til oʻqitish Markazlariga moliyaviy jihatdan madad berish uchun mablagʻ ajratgan Oʻzbekiston SSJ Davlat tashqi savdo va chet ellar bilan aloqalar qoʻmitasi, Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xomashyo va yengil sanoat mahsulotlari taʼminoti hamda ularni sotish bosh boshqarmasi, Oʻzbekbirlashuv, “Ipak yoʻli” yoshlar innovatsiya-tijorat bankining tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
Vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar va korxonalar, xorijiy mamlakatlar sarmoyasi bilan ish yuritayotgan qoʻshma korxonalar, kooperativlar va xoʻjalik hisobidagi boshqa tashkilotlar oʻz mutaxassislarini oʻqitish uchun shartnomalar asosida ana shu markazlarga yuborsinlar.
Mazkur Markazlarda til oʻrganishni xohlovchi fuqarolarga Markazlar maʼmuriyati bilan shartnoma asosida til oʻrganish imkoniyati berilsin.
7. Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (oʻrtoq Alimov) bir oy muddat ichida:
a) Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlari toʻgʻrisidagi nizomlarni;
b) Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarida kompyuter sinfxonalari, mamlakatshunoslik madaniy-axborot markazlari va guruhlarini, jadal til oʻrganish sayyor kurslarini tashkil etishni koʻzda tutib, ana shu Markazlar tuzilmasini;
v) qabul qoidasi, yagona oʻquv rejasi va dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Jumhuriyat til oʻrgatish Markazi vaqtincha F.Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti binosida, Navoiy koʻchasi, 48-uyda joylashtirilsin. Shu yilning 20-sentabrigacha binoni joriy taʼmirlash taʼminlansin.
8. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksi (oʻrtoq Samandarov), Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi (oʻrtoq Hamidov), Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi (oʻrtoq Asqarov) Markaz binosi qurib bitkazilgunga qadar bir oy muddat ichida jumhuriyat til oʻrgatish markazi qayerga joylashishi toʻgʻrisida kelishib olingan takliflar kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (oʻrtoq Alimov), Oʻzbekiston SSJ Xalq taʼlimi vazirligi (oʻrtoq Yoʻldoshev):
1-sentabrgacha boʻlgan muddatda Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlariga tinglovchilar qabul qilish rejasini tasdiqlasinlar va bunda mashgʻulotlar shu yil 1-oktabrdan boshlanishini taʼminlashni nazarda tutsinlar;
mashgʻulotlar boshlangunga qadar yuklatilgan funksiyalar va vazifalarga muvofiq holda Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarini yuqori malakali professor-oʻqituvchi kadrlar va maʼmuriy-boshqaruv xodimlari bilan taʼminlasinlar.
10. Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarining professor-oʻqituvchilari uchun samarali ishlashning qoʻshimcha omillari va shart-sharoitlarini yaratish maqsadida:
Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlariga oliy oʻquv yurtlari xodimlari uchun koʻzda tutilgan mehnatga haq toʻlash tartibi joriy etilsin;
professor-oʻqituvchilarning ish haqi stavkalariga 25 foiz miqdorida qoʻshimcha haq va 1 oʻqituvchi 6 kishini oʻqitishi belgilansin;
til oʻrgatish Markazlarining pedagog kadrlari tajriba orttirish uchun xorijiy mamlakatlarga va SSJIning ixtisoslashtirilgan yetakchi tilshunoslik oʻquv yurtlariga muntazam yuborib turilsin.
11. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar mutaxassislarni Jumhuriyat va mintaqa Markazlariga chet tillarni oʻrganish uchun yuborish paytida ana shu markazlarda oʻqiyotgan kishilarning ish haqi saqlanib qolgan holda ular haftasiga 6 (olti) soatgacha boʻlgan hajmda ishdan ozod qilinsinlar.
12. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi raislari zimmasiga til oʻrgatish Markazlarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi, Markazlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish vazifasi shaxsan yuklatilsin. Buning uchun mahalliy budjetlardan zarur moliyaviy mablagʻlar, binolar, transport va aloqa vositalari ajratish koʻzda tutilsin.
1992-yilda Nukus shahrida, har bir viloyat markazida va Toshkent shahrida yuqorida aytib oʻtilgan Jumhuriyat va mintaqa Markazlari uchun binolarning yakka tartibdagi loyihalar asosida qurilishini boshlash taʼminlansin.
13. Jumhuriyat va mintaqa til oʻrgatish Markazlarida mashgʻulotlarni oʻz vaqtida boshlash maqsadida Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, Oʻzbekiston SSJ Madaniyat vazirligi shu yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston SSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligiga asoslangan ehtiyojlarga muvofiq birkitilgan yigʻma roʻyxat asosida asbob-uskunalar, mebel, oʻqitishning texnik vositalari va boshqa zarur moddiy-texnika resurslari ajratsinlar va yetkazib bersinlar.
14. Oʻzbekiston SSJ hududida joylashgan vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar til oʻrgatish Markazlarini eng zamonaviy asbob-uskunalar va texnik vositalar bilan taʼminlashda ularga butun choralar bilan amaliy yordam bersinlar.
15. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksi (oʻrtoq Samandarov) va Oʻzbekiston SSJ Prezidenti apparati tashqi iqtisodiy aloqalar boʻlimi (oʻrtoq Safoyev) zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 29-iyul,
197-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 29-iyuldagi 197-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston SSJdagi til oʻrgatish Markazlari
ROʻYXATI
| I. | F. Engels nomidagi Toshkent davlat chet tillar instituti huzuridagi Jumhuriyat til oʻrgatish Markazi |
| II. | Til oʻrgatish mintaqa Markazlari: |
| 1. | Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bazasida, Toshkent sh. |
| 2. | Oʻzbekiston LKYI MQ yoshlar instituti negizida, Toshkent sh. |
| 3. | Nukus davlat dorilfununi negizida,Nukus sh. |
| 4. | Andijon davlat pedagogika instituti negizida, Andijon sh. |
| 5. | Buxoro davlat pedagogika instituti negizida, Buxoro sh. |
| 6. | Jizzax davlat pedagogika instituti negizida, Jizzax sh. |
| 7. | Qarshi davlat pedagogika instituti negizida, Qarshi sh. |
| 8. | Namangan davlat pedagogika instituti negizida, Namangan sh. |
| 9. | Samarqand davlat dorilfununi negizida, Samarqand sh. |
| 10. | Termiz davlat pedagogika instituti negizida, Termiz sh. |
| 11. | Fargʻona davlat dorilfununi negizida, Fargʻona sh. |
| 12. | Sirdaryo davlat pedagogika instituti negizida, Guliston sh. |
| 13. | Xorazm davlat pedagogika instituti negizida, Urganch sh. |
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)