Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1996/97 OʻQUV YILIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY OʻQUV YuRTLARIGA QABUL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy maʼlumot olishda qobiliyatli yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish va abituriyentlarni sifatli tanlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1996/97 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish uchun 1-ilovaga* muvofiq 23 ming davlat grantlari belgilansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishni tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun Davlat komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oliy oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar, Davlat test markazi:
abituriyentlarni, test natijasida toʻplagan ballarini hisobga olgan holda, reyting tizimi boʻyicha qabul qilishni tashkil etsinlar;
oʻzlariga qarashli oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish shakllari va tillariga koʻra taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha grantlarning taqsimlanishini bir hafta muddatda Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
Grantlarni taqsimlashda quyidagi mutaxassisliklarning ustuvorligi taʼminlansin: menejment, marketing, moliya va kredit, bank ishi, soliqlar va soliq solish, sugʻurta ishi, iqtisodiyotda axborot tizimlari, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, kon ishi, neft-gaz ishi, avtomobilsozlik, pedagogika, yurisprudensiya, xalqaro huquq, chet tillar.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 1996/97 oʻquv yilining birinchi kurslaridan boshlab oʻqitish uchun barcha oʻquv xarajatlarining 50 foizi miqdorida toʻlov joriy etiladi.
5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining, oliy oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralarning rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, Moliya vazirligi bilan kelishgan holda oʻqitishning kunduzgi shakli boʻyicha bir oʻqituvchi hisobiga talabalar soni nisbati normativlari chegarasini taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassislik va oliy oʻquv yurtining xususiyatlariga qarab 1:9 gacha koʻpaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻqituvchilar va talabalar nisbati normativlarining oʻzgarishidan qatʼi nazar, oliy oʻquv yurtlari ish haqi fondining hozirgi miqdori, uning boʻshab qolgan qismini oliy oʻquv yurtlarining yuqori malakali xodimlari mehnatiga haq toʻlash uchun yoʻnaltirgan holda, saqlab qolinsin.
Boʻsh qolayotgan oʻqituvchilardan oliy oʻquv yurtlari huzurida tashkil etiladigan kollejlarda, gimnaziyalarda, maktablarda, litseylarda, shuningdek, umumtaʼlim muassasalarida foydalanish tavsiya etilsin.
6. Oliy oʻquv yurtlarining rektorlariga professor-oʻqituvchilar tarkibiga yuqori malaka uchun budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan bir oylik maoshgacha boʻlgan miqdorda har oylik ustamasi tabaqalangan holda belgilashiga ruxsat berilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi hamda Mehnat vazirligi bilan birgalikda “Oliy oʻquv yurtlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning asosiy mezonlari toʻgʻrisida” Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Davlat komissiyasiga quyidagilarga ruxsat etilsin:
oliy oʻquv yurtlariga grantlar umumiy sonining 20 foizi doirasida, ulardan 10 foizigachasini Toshkent shahri oliy oʻquv yurtlariga, shu jumladan nul kurslarga, ustuvor va tadqiq mutaxassisliklar boʻyicha, pulli-kontrakt asosida, yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmanomalariga muvofiq abituriyentlarning ushbu toifasi oʻrtasidagi test natijalaridan kelib chiqib, ular tomonidan oʻqitishning toʻliq qiymatini qoplayotgan holda, qoʻshimcha ravishda qabul qilishni amalga oshirish;
oliy oʻquv yurtlariga aniq mutaxassisliklar va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pulli-kontrakt asosida qabul qilish koʻrsatkichlarini yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmanomalarini hisobga olgan holda koʻrib chiqish va ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish tartibi va qoidalari toʻgʻrisida Nizomga zarur oʻzgartirishlar kiritish.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda oʻqitish va mutaxassislar tayyorlash haqi miqdorini, shuningdek tushgan mablagʻlarni oliy oʻquv yurtlarida sarflash tartibini koʻrsatgan holda oʻqitishning pulli-kontrakti shakli toʻgʻrisida Nizomni ishlab chiqsin va 1996-yil 25-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
9. Oliy va oʻrta maktabni integratsiyalashni chuqurlashtirish, oʻquv jarayonini takomillashtirish, yangi turdagi taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun 1996/97 oʻquv yilidan boshlab oliy oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar Xalq taʼlim vazirligiga va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda faoliyat koʻrsatayotgan maktablar negizida hammuassislik huquqlari bilan har bir oliy oʻquv yurti huzurida, ularda oʻqitishning yuqori saviyada boʻlishini taʼminlagan holda, uchtadan qoʻshma umumtaʼlim maktablari (1 ta biznes maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan litsey, 1 ta gimnaziya) tashkil etsinlar.
10. Oliy oʻquv yurtlarining oʻqitishning pulli-kontrakt shakli boʻyicha kadrlar tayyorlashdan tushgan mablagʻlari, ulardan moddiy-texnikaviy bazani mustahkamlash, oʻquv jarayonini oʻqitishning yangi vositalari bilan taʼminlash, oliy oʻquv yurti xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy ragʻbatlantirish uchun maqsadli foydalanilgan taqdirda, soliqlarning barcha turlaridan 5 yil muddatga ozod qilinsin.
11. Moliya vazirligi 1996/97 oʻquv yili uchun belgilangan grantlarni hisobga olgan holda budjetning dastlabki prognoz koʻrsatkichlariga tuzatishlar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 5-iyul,
236-son