O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQ XO‘JALIGI TARMOQLARINING 1993 YILDAGI ISh YAKUNLARI VA RESPUBLIKADA IQTISODIY ISLOHOTLARNI YaNADA ChUQURLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd qiladiki, o‘tgan yili respublikada ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishga, xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurishga va O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini belgilovchi bazaviy tarmoqlarni rivojlantirishga, umumiqtisodiy barqarorlik tendensiyalarini mustahkamlashga qaratilgan yo‘l izchillik bilan o‘tkazildi. Umuman iqtisodiyotni isloh qilish jarayoni iqtisodiy siyosatning ishlab chiqilgan prinsiplari va ustuvorliklariga muvofiq amalga oshirildi.
Shu bilan birga vazirliklar, konsernlar, korporatsiyalar va uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hozircha iqtisodiy qayta o‘zgartirishlar va bozor mexanizmlarini joriy etishning samaradorligini ta’minlamayaptilar, ayrim tarmoqlar va mintaqalarda esa bu ishga yuzaki yondashilmoqda.
Davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish ko‘pincha rasmiyat uchungina amalga oshirilmoqda, bu esa iqtisodiy va xo‘jalik ichki faoliyatida sifat o‘zgarishlariga olib kelmayapti.
Xalq xo‘jaligi tarmoqlarida islohotlar sust amalga oshirilmoqda. Konsernlar, uyushmalar ko‘p hollarda rahbarlikning ma’muriyatchilik va buyruqbozlik uslubini hanuzgacha saqlab kelmoqdalar, bozor konyunkturasini o‘rganishda, sheriklar bilan aloqalar o‘rnatishda korxonalarga amaliy yordamni kam ko‘rsatmoqdalar. Xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishda kichik, qo‘shma korxonalarning hissasi sezilarli bo‘lmayapti.
Kredit emissiyasi nisbatan past bo‘lgan bir sharoitda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun kreditlar berishga tanlab yondashish, shuningdek qarz mablag‘lardan samarali foydalanish ustidan nazorat har doim ham ta’minlanmadi.
Konsernlar, uyushmalar va korxonalar ishlab chiqarishni xaridorgir, raqobatga qobil mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish bilan hamon zarur darajada shug‘ullanmayaptilar. Xo‘jalik organlarining aksariyat ko‘pchiligi eksportga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha yillik dasturlarning uddasidan chiqmadilar. Dehqonchilik sanoati majmuining salmoqli eksport imkoniyatlari ro‘yobga chiqarilmasdan qolmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiy siyosat prinsiplarining ro‘yobga chiqarilishini so‘zsiz ta’minlash, bozor munosabatlarini joriy etish, islohotlarning barqarorlikka va respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini kuchaytirish vazirliklar, davlat qo‘mitalari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va korxonalarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning asosiy vazifasi deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasi majmuilari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining rahbarlariga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga asosiy e’tiborni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulkni himoya qilishni ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini amalda ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratish vazifasi yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini bajarish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tadbirlari (ilovaga muvofiq)* tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi (Nosirov):
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki hafta muddatda 1994-yilda davlat ehtiyojlari uchun oziq-ovqat tovarlari, yoqilg‘i-energetika va xomashyo resurslari yetkazib berish hajmlari bo‘yicha takliflarni;
Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurishni va moliya, kredit siyosatiga yangicha yondashuvlarni hisobga olgan holda 1994-yil uchun investitsiya dasturini;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda 1994-yil uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti va markazlashtirilgan valyuta mablag‘lari sarflari hajmlari bo‘yicha takliflarni tayyorlasin va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Bosh vazir o‘rinbosarlari B. S. Hamidov va O‘. T. Sultonov:
manfaatdor tashkilotlar ishtirokida mahsulotni chetga chiqarish va chetdan keltirish hajmlarining muvozanatiga alohida e’tiborni qaratgan holda 1994-yilda MDH mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarni shakllantirishni shu yilning 1-martigacha to‘g‘rilasinlar;
MDH mamlakatlari bilan savdo va hisob-kitob munosabatlarida xalqaro normalarga o‘tilishini hisobga olgan holda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat konsepsiyasini tayyorlasinlar;
Vazirlar Mahkamasi majmuilarining rahbarlari bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Yagona iqtisodiy makon barpo etish to‘g‘risidagi shartnomani hamda madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, turizm va sport sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha 1994-yilga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar dasturini tayyorlasinlar.
MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlashda hisob-kitoblar bu davlatlarning Markaziy (Milliy) banklarida tashkil etiladigan kliring markazlari orqali amalga oshirilishidan kelib chiqilsin.
5. Moliya vazirligi (Hamidov) va Davlat soliq qo‘mitasi (Gataulin) Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda xalq xo‘jaligidagi moliyaviy ahvolni sog‘lomlashtirishga, soliq solish tizimining rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirishga, kredit resurslaridan samarali foydalanishga, inflatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan moliya, kredit va soliq siyosatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlasinlar.
6. Davlat soliq qo‘mitasi (Gataulin) to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlarning budjetga to‘liq va o‘z vaqtida tushishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda jismoniy shaxslar tomonidan daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilishiga o‘tish mexanizmini bir oy muddatda ishlab chiqsin.
7. Markaziy bankka (Mullajonov) respublikadagi pul islohotining boshlang‘ich bosqichi natijalarini tahlil qilish va “So‘m-Kuponlar”ning mustahkamlanishini ta’minlovchi, uning muomalada bo‘lishini jadallashtiruvchi va milliy valyutaga o‘tish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari naqd pullarning muomalada bo‘lishini jadallashtirish maqsadida iste’mol mollari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, pulli xizmatlar turlarini kengaytirishga, aholi uchun mahsulotlar sotish bo‘yicha turli yarmarkalar, shuningdek madaniy-ma’rifiy va tomosha tadbirlari tashkil etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
Belgilab qo‘yilsinki, naqd pullarning muomalada bo‘lish sur’atlarining susayishiga hamda har bir emissiya holatiga iqtisodiy islohotlarning borishiga to‘sqinlik qiluvchi va pul muomalasini barqarorlashtirish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rishni talab qiluvchi omil sifatida qaralishi kerak.
9. Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga hokimliklar tomonidan asossiz ravishda qo‘shimcha imtiyozlar berish va ularni budjetga majburiy to‘lovlardan ozod qilish hollarini tahlil etsinlar. Natijasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilinsin.
Soliqlarni va yig‘imlarni shakllantirish jarayoniga hokimliklar va boshqaruvning boshqa organlari tomonidan har bir aralashuvga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini qo‘pol ravishda buzish sifatida qaralsin.
10. Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalarning rahbarlari yilni zarar bilan yakunlagan korxonalar va muassasalarning bundan buyon faoliyat ko‘rsatishi yoki ko‘rsatmasligi masalasini ko‘rib chiqsinlar hamda shu yilning 1-apreligacha Vazirlar Mahkamasi majmuilariga ularning yo‘nalishini, mulkchilik shaklini o‘zgartirish yoki ularni tugatish to‘g‘risida taklif kiritsinlar.
11. Xalq xo‘jaligini zarur xomashyo resurslari va aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (Jo‘rabekov) bir oy muddatda ichki bozorni oziq-ovqat tovarlari bilan to‘ldirish, eng avvalo, o‘z ishlab chiqarishi hajmlarini ko‘paytirish hamda boshqa mamlakatlardan keltirish hisobiga to‘ldirish bo‘yicha takliflar tayyorlasin.
12. Respublikada amalga oshiriladigan chuqur iqtisodiy islohotlar kadrlar imkoniyatlarining yanada to‘laroq safarbar etilishini taqozo qilishini hisobga olgan holda vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qat’iyat bilan barcha uchastkalarni o‘z ishini yaxshi bilgan, tashabbuskor va uddaburon kadrlar bilan mustahkamlasinlar, islohotlarning samarali o‘tkazilishi uchun mas’uliyatni va ijro intizomini oshirsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-fevral,
91-son