O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-sonli “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan kadrlar tayyorlash davlat dasturiga muvofiq hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy va ma’naviy salomatligini shakllantirishning, sog‘lom turmush tarziga intilish va sportga mehr-muhabbatni singdirishning g‘oyat muhim sharti sifatida bolalar ommaviy sportini rivojlantirishni ta’minlash maqsadida:
1. Yoshlarning “Kamolot” ijtimoiy harakati, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro jamg‘armasi, nohukumat jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasining O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi barcha, shu jumladan xorijiy tashkilotlar, uyushmalar, kompaniya va firmalarning, yuridik hamda jismoniy shaxslarning ishtirok etishlari uchun ochiq bo‘lgan xalqaro nohukumat jamoat tashkiloti hisoblanadi.
2. Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
bolalar jismoniy tarbiya va sportini rivojlantirish borasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga, bolalar sportini aniq maqsad yo‘lida va barqaror avj oldirishga ko‘maklashish;
bolalarda sportga mehr uyg‘otish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, ma’naviy va jismoniy kamolga intilish, ularni salbiy ta’sirdan himoya qilish hamda zararli odatlardan xalos etish, bolalarni barqaror fe’l-atvorli, Vataniga mehr-muhabbat va o‘z mamlakati uchun g‘urur-iftixor ruhida tarbiyalash borasidagi chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
birinchi navbatda qishloq joylarda bolalar jismoniy tarbiya va sportining moddiy bazasini shakllantirish, aholi manzilgohlarida zamonaviy bolalar sport komplekslari tarmog‘ini barpo etish, ularni zamonaviy sport uskunalari hamda anjomlari bilan jihozlash, ulardan samarali foydalanishni ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha zarur moliyaviy va moddiy mablag‘larni jamlash;
bolalarning jismoniy va ruhiy jihatdan uyg‘un kamol topishini ta’minlashni nazarda tutgan holda tibbiyot muassasalari va tashkilotlari bilan o‘zaro yaqin hamkorlikni ta’minlash;
hudud aholisining zichligini, sport mashg‘ulotiga jalb etiladigan bolalar soni, jinsi va yoshini e’tiborga oladigan bolalar sport maydonchalari va komplekslarining ilmiy asoslangan namunaviy loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
bolalarni jismoniy va ma’naviy tarbiyalashning zamonaviy shakl va uslublarini, jinsi va yoshiga qarab bolalarga sport ko‘nikmalarini singdirishning, sport sohasida iqtidorli bolalarni ixtisoslashtirilgan sport maktablari va markazlaridagi mashg‘ulotlarga tanlab olishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni tashkil etish hamda ularni tadbiq qilishga ko‘maklashish;
bolalarni jismoniy tarbiyalashning ilmiy asoslangan zamonaviy tizimlari, shakl va uslublarini joriy etish, bolalar sporti bo‘yicha ustozlar va pedagog kadrlarni mamlakatning yetakchi ilmiy hamda ta’lim markazlarida va chet ellarda tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish borasida respublika Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari, klub va tashkilotlari bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
bolalar ommaviy sportini rivojlantirish, istiqomat joylarida texnikaviy jihozlangan, zamonaviy bolalar sport komplekslarini barpo etish ahamiyatini keng targ‘ib qilishni tashkil etish va amalga oshirish, ushbu vazifalarni ro‘yobga chiqarishga jamoatchilikni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik vakillarini, korxona va tashkilotlarni, shu jumladan xalqaro tashkilotlarni faol jalb etish;
(2-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y.,1-2-son, 9-modda)
mamlakatimiz hamda chet el investitsiyalarini, homiylik mablag‘lari va grantlarni bolalar-o‘smirlar jismoniy tarbiya va sporti sohasiga keng ko‘lamda jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 29-avgustdagi PF-3481-son Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y.,34-35-son, 390-modda)
4. Quyidagilar Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larining asosiy manbalari etib belgilansin:
davlat budjeti mablag‘lari;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Jamg‘arma muassislarining pul badallari;
Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari, tashkilot va klublarining pul mablag‘lari;
xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlarning grantlari va ular tomonidan beriladigan beg‘araz yordam;
Oldingi tahrirga qarang.
xo‘jalik yurituvchi subyektlar, kichik biznes, xususiy tadbirkorlar, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari ham, norezidentlari ham bo‘lmish yuridik va jismoniy shaxslarning budjetdan tashqari jamg‘armalarga ajratmalari va homiylik mablag‘lari;
(4-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-son Farmoni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)
Jamg‘arma faoliyatidan, shuningdek Jamg‘arma oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish maqsadida u ta’sis qilgan korxona va tashkilotlarning faoliyatidan olinadigan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
5. Belgilansinki, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi:
tashqi iqtisodiy va xalqaro sport faoliyatini amalga oshirish, banklarda milliy va xorijiy valyutalarda hisobvarag‘lar ochish huquqiga ega;
uning nizomidagi maqsad va vazifalarga qat’iyan muvofiq bo‘lgan asosiy faoliyat turlari bo‘yicha barcha turdagi soliqlarni, bojxona to‘lovlari (bojxonada rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan yig‘imlar bundan mustasno) hamda davlat budjetiga o‘tkaziladigan boshqa majburiy to‘lov va yig‘imlarni to‘lashdan ozod qilinadi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarning, shuningdek jismoniy shaxslarning ta’sis badallari yoki homiylik yordami tarzida Jamg‘armaga o‘tkaziladigan mablag‘lari soliqqa tortish bazasidan chiqariladi.
Jamg‘armaning tijorat va savdo-vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanishi istisno etiladi.
6. Vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, kompaniyalar, uyushmalar hamda boshqa xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatiga keng miqyosda ko‘maklashib, har tomonlama yordam bersinlar.
7. “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlashga hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari berishga nomzodlarni taqdim etish chog‘ida Jamg‘arma Vasiylik kengashining fikri hal qiluvchi deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, boshqa ommaviy axborot vositalari Jamg‘arma faoliyatini keng ko‘lamda yoritib, mamlakatda bolalar-o‘smirlar ommaviy sportini rivojlantirish ishidagi ijobiy tajribani targ‘ib qilsinlar, shuningdek Jamg‘armaning faol homiylari axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlanishini, shu jumladan reklama qilinishini ta’minlasinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-oktabr,
PF-3154-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 197-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 1-2-son (85-86), 9-modda, 34-35-son, 390-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)