Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“XXI ASR TEXNOLOGIYALARI” JURNALINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qarorida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish, bolalar va oʻsmirlarning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy ilm-fan, texnologiya yutuqlari va yangiliklari bilan tanishtirib borish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi yuqori texnologiyalar, konstruktorlik ishlanmalari va ilmiy-amaliy izlanishlarning natijalari, ularni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va istiqbollari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni murabbiylar va ustozlar, mutaxassislar, ayniqsa yosh avlod vakillari oʻrtasida ommabop tarzda targʻib qilish, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning belgilangan ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda yoshlarning ishtirokini faollashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi muassisligida:
“XXI asr texnologiyalari” jurnalini taʼsis etish;
mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati” davlat korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. “XXI asr texnologiyalari” jurnalining asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakatda fan va texnologiyalarni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan, zamonaviy texnologiyalarning yaratilishi va ularni keng tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jahonda mazkur sohalarda roʻy berayotgan jarayonlar va soʻnggi yangiliklardan bolalar va oʻsmirlarni muntazam xabardor qilib borish;
zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yagona milliy axborot makonini yaratish hamda XXI asr texnologiyalarini shakllantirishning nazariy-amaliy jarayonlariga iqtidorli yoshlarni faol jalb etish maqsadida turli mavzudagi ilmiy-texnikaviy maqola va materiallar, yoshlar ijodiyotining eng ilgʻor namunalarini chop etib borish;
yangi texnologiyalarni yaratish va amaliyotga tatbiq qilish sohasida amaliy ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar ishlab chiqilishini targʻib qilishga hissa qoʻshish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
“XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati” davlat korxonasining ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
jurnalning hajmi, davriyligi, tahrir hayʼati hamda jurnal tahririyatining shtat jadvalini belgilasin.
4. Jurnal tahririyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasining Toshkent shahar, Ya. Gʻulomov koʻchasi, 70-uydagi binosida joylashtirilsin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi:
jurnalni ommaviy axborot vositasi sifatida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;
“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining matbaa bazasida jurnalni chop etish hamda uni nashr etish uchun zarur boʻlgan qogʻoz va boshqa matbaa xom ashyolarining doimiy zaxirasini shakllantirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda har bir umumtaʼlim maktabi, maktabdan tashqari taʼlim muassasasi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining xarajatlar smetasiga “XXI asr texnologiyalari” jurnalining bir nusxasiga obuna boʻlishi uchun:
2010-yilda xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida;
2011-yildan boshlab budjet parametrlarini shakllantirishda mablagʻlar koʻzda tutilishini taʼminlasin.
7. “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati” davlat korxonasining moddiy-texnika bazasini yaratish, boshlangʻich aylanma mablagʻlarini shakllantirish boʻyicha homiy korxona va tashkilotlarning mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi takliflari ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilova berilmaydi.
Jurnalni nashr etish, tahririyat xarajatlari muassis va homiylar tomonidan ajratiladigan hamda obunachilar va sotuvdan tushadigan mablagʻlar hisobiga qoplanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Turin politexnika universiteti, “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi jurnalning boʻlimlari va ruknlarini shakllantirish, uning har bir sonini nashrga tayyorlash, maqola va materiallar bilan taʼminlash boʻyicha doimiy ravishda tahririyatga ilmiy-metodik yordam koʻrsatsinlar.
9. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyatini belgilangan tartibda telefon aloqasi bilan taʼminlasin va jurnal obunachilarga imtiyozli narxlarda yetkazilishini tashkil etsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 5-may,
83-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 18-19-son, 139-modda)